17:00 / 31.03.2020
13542

Sherobod tumanida karantin uchun zaxira joylar va tibbiy anjomlar tayyorlab qo‘yildi

Butun dunyoni larzaga solgan COVID-19, ya'ni koronavirus pandemiyasi mamlakatimizni ham chetlab o‘tmadi. Yurtimizda karantin e'lon qilingandan buyon koronavirus infeksiyasining oldini olish uchun tegishli vazirliklar, davlat idoralari hamda tuman rahbarlari birdek kurashmoqda.  

Shu jumladan, Sherobod tumanida ham xorijdan kirib kelayotgan fuqarolarni karantinda saqlash maqsadida zaruriy chora-tadbirlar ko‘rilib, tuman markazidan qariyb 60 kilometr olisda joylashgan “Xo‘jaikon tuz” sanatoriyasida 60 o‘ringa mo‘ljallangan zaxira joy tayyorlanib, shay holatga keltirildi. Mazkur sanatoriyaga tuman hokimi Alisher Amirov, tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i hamda tuman sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi boshlig‘i tashrif buyurib, zaxira uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishishdi. 

Tuman mahalliy budjetidan 200 mln so‘m mablag‘ ajratilib, ehtiyot chorasi sifatida yetarlicha dezinfeksiyalovchi moddalar tayyorlab qo‘yildi. Shuningdek, kasallik qayd etilgan taqdirda bemorlarga ishlatiladigan zaruriy dori-darmon vositalari hamda tibbiy anjomlar ham favqulodda shay holatga keltirildi.

Bundan tashqari, Sherobod dehqon va oziq-ovqat bozorida aholi ehtiyojini qondirish maqsadida go‘sht mahsulotlari arzonlashtirildi. Infeksiyaning oldini olish uchun qo‘l yuvish moslamalari o‘rnatildi. 

COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish maqsadida, Sherobod tumanining barcha hududlarida dezinfeksiyalash ishlari olib borilmoqda. Buning uchun o‘nga yaqin dezinfeksion avtomashinalar jalb etilib, 10 ming litr gipoxilorid kalsiy eritmasi kun mobaynida markaziy ko‘chalar, ko‘p qavatli uylar hamda fuqarolar gavjum joylar, oziq-ovqat do‘konlari va boshqa maishiy obektlarda dezinfeksiyalash ishlari o‘tkazilmoqda.

Koronavirusga qarshi birgalikda kurashish borasida ko‘ngilli tadbirkorlar tomonidan xayriya tadbirlari ham davom etmoqda. Xususan, “Emin og‘a” xususiy korxonasi tashabbusi bilan 750 kg osh tuzi, 1000 dona tuxum, 50 kg no‘xat mahsulotlari aholiga bepul tarqatildi. Koronavirus tufayli butun insoniyatning mehr-oqibati sinovdan o‘tkazilayotgan shu kunlarda Sherobod tumanida ham qator korxona va muassasalar, tadbirkorlar va boshqa saxovatpesha fuqarolar tashabbusi bilan aholiga himoya niqoblari bepul tarqatilmoqda. Xususan, Sherobod tumanidagi “PAXTAOY TEKSTIL” mas'uliyati cheklangan jamiyati tibbiy niqob tikib, aholiga bepul tarqatishni yo‘lga qo‘ydi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top