00:30 / 01.04.2020
38637
Koronavirus: dunyoda zararlanish holatlari millionga yaqinlashmoqda

Ispaniyada so‘nggi bir kunda koronavirusdan yana 849 kishi vafot etdi. AQShda og‘ir ahvolga tushib qolgan American Airlines aviakompaniyasi hukumatdan 12 mlrd dollar miqdorida yordam so‘radi, Polshada esa qat'iy karantin choralari joriy etildi.

Foto: Reuters

31 mart holatiga ko‘ra, butun dunyoda Covid-19’dan zararlanish holatlari 846 mingdan oshdi, shundan 176 mingdan ortiq kishi sog‘aygan, 41482 kishi vafot etgan. So‘nggi bir kunning o‘zida virusdan zararlanganlar soni 70 mingga yaqinni tashkil qildi.

Holbuki fevral oyi o‘rtalarida butun dunyoda kuniga o‘rtacha 2-3 ming kishida virus aniqlanayotgandi. Agar shu o‘sish dinamikasi saqlanadigan bo‘lsa, shu haftaning o‘zida zararlanish holatlari millionga yetishi mumkin.

Ispaniyada o‘limlar, Polshada yangi cheklovlar
So‘nggi bir kunda Ispaniyada virus yana 849 kishini hayotdan olib ketdi. Bu mamlakatda pandemiya davridagi navbatdagi eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi. Bir kun oldin qurbonlar soni 812 nafarni tashkil etgandi.

GETTY IMAGES

Ispaniya biroz avvalroq zararlanish holatlari bo‘yicha Xitoyni ortda qoldirgandi. Piriney yarimorolida virusdan o‘lim darajasi Italiyadagidan kam emas.

Italiyada so‘nggi bir kunda 837 kishi vafot etdi va jami qurbonlar soni 12428 nafarga yetdi. Mamlakatda virusdan zararlanish bilan bog‘liq 105 mingdan ortiq holat qayd etilgan.

Ispaniyalik shifokorlar mamlakatda virus tarqalishi o‘z cho‘qqisiga yaqinlashayotgani haqida gapirishmoqda. Mutaxassislar shundan keyin zararlanishlar va o‘lim holatlari soni pasayishiga umid qilishmoqda.

Ispaniyada virus tarqalishi susaya boshlagandi, ammo dushanba kuni o‘sish ko‘rsatkichlari qariyb 8 foizga o‘sdi. Ispaniya Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiysi Mariya Xose Siyerra ham bu o‘sishni tasdiqlagan.

Mamlakatda uchinchi haftadirki, qat'iy karantin choralari amal qilmoqda. Hukumat boshqa mamlakatlardan koronavirusni aniqlash uchun testlar sotib olmoqda va kuniga 50 minggacha kishi tekshirilmoqda.

Italiyada 11 mingdan ortiq qurbon xotirasi uchun bir daqiqalik sukut saqlandi 
STEFANO MAZZOLA/AWAKENING

Polsha sog‘liqni saqlash vaziri Mateush Moravetskiy seshanba kuni qat'iy karantin choralari haqida e'lon qildi. Mamlakatda xiyobonlar, maydonla va boshqa jamoat joylari yopildi. Fuqarolarga uydan chiqmaslik talabi qo‘yilmaydi, ammo voyaga yetmaganlarga faqat katta yoshdagilar hamrohligida uydan chiqishga ruxsat beriladi.

Mamlakatdagi barcha mehmonxonalar va hostellar yopiladi. Bundan tashqari, ishlashda davom etadigan joylarda masofa saqlash shart bo‘ladi - xodimlar bir-biridan 1,5 metr masofa saqlashi kerak. Bu uchun javobgarlik ish beruvchilar zimmasida bo‘ladi.

Yangi karantin choralari supermarketlar uchun ham taalluqli - kassalarga navbat uch kishidan oshmasligi kerak. Shu tariqa, agar supermarketda beshta kassa mavjud bo‘lsa, supermarketda bir vaqtning o‘zida 15dan ortiq kishi bo‘lmasligi kerak.

Polshada ayni vaqtgacha virusdan zararlanish bilan bog‘liq 2311 holat qayd etilgan, 33 kishi vafot etgan.

Seshanba kuni Germaniyada virusdan halok bo‘lganlar soni 682 nafarga yetdi. Süddeutsche Zeitung nashri ma'lumotiga ko‘ra, vafot etganlarning 31 nafari 60 yoshdan kichik bo‘lgan.

Belarusda koronavirusdan ilk o‘lim holati qayd etildi. Vitebsk dramatik teatri aktyori Viktor Dashkevich 76 yoshida olamdan o‘tdi. U so‘nggi kunlarni sun'iy nafas olish apparatiga ulangan holda o‘tkazdi.

Tan olinmagan Abxaziya respublikasida virusdan zararlanishning ilk holati qayd etilgan. Rossiya nashrlari xabariga ko‘ra, Abxaziyaning Galskiy tumanida koronavirus yuqtirgan ayol aniqlangach, barcha yo‘llarda transport harakati to‘xtatilgan.

AQSh: zararlanganlar soni bo‘yicha birinchi

GETTY IMAGES

AQSh - virusdan zararlanish holatlari eng ko‘p bo‘lgan mamlakat. Nyu-Yorkda shoshilinch ravishda dala gospitallari tayyorlashmoqda. Dushanba kuni Gudzon ko‘liga AQSh harbiy-dengiz kuchlarining suzuvchi gospitali USS Comfort kirdi. Kema shahar shifoxonalariga sig‘may qolayotgan bemorlarni o‘z bag‘riga oladi.

Nyu-Yorkda Covid-19 bilan bog‘liq 914 o‘lim haqida ma'lum qilishgan. Bu Amerikaning boshqa har qanday shtatidagi qurbonlar sonidan ko‘proq.

31 mart holatiga ko‘ra, AQShda virusdan zararlanish bilan bog‘liq 180 mingdan ortiq holat qayd etilgan, shundan 3580 kishi olamdan o‘tgan - bu borada AQSh Xitoyni ortda qoldirdi.

AQShning qolgan shtatlari zudlik bilan karantin choralari joriy etishmoqda. Seshanba kuni Merilend, Virjiniya, Arizona va Tennesi shtatlarida karantin e'lon qilindi. Ayni vaqtga kelib jami 32 shtatda cheklovlar joriy etilgan.

Seshanba kuni pastor Rodni Govard-Braun koronavirus pandemiyasi to‘g‘risida yolg‘on nazariya tarqatganlikda ayblanib qo‘lga olindi.

Virus butun dunyodagi aviatashuvchilar uchun halokatli bo‘lmoqda. Dunyodagi eng yirik aviakompaniyalardan biri bo‘lmish American Airlines hukumatga murojaat qilib, 12 mlrd dollar miqdorida moliyaviy yordam so‘radi.

Kompaniya bosh direktori Dag Parker va prezident Robert Ays tomonidan xodimlarga yo‘llangan maktubda davlatdan olinadigan pullar «aviakompaniyaning asosiy xizmatlarini va ishchi o‘rinlarini saqlab qolish uchun taqsimlanishi» ma'lum qilingan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson «vaziyat yomonlashishda davom etayotgani» haqida gapirdi.

Jonson kabi virusdan zararlangan sog‘liqni saqlash vaziri Mett Henkok ahvoli yaxshilanayotgani va uydan turib ishlashda davom etayotganini bildirdi.

NKO Public Health England ma'lumotiga ko‘ra, 31 mart kuni Buyuk Britaniyadagi shifoxonalarda yana 381 kishi vafot etgan (bu Britaniyada bir kunda qayd etilgan o‘limlar soni bo‘yicha eng yuqori natija) va jami qurbonlar soni 1789 nafarga yetgan. Virus tarqala boshlaganidan buyon mamlakatda 25 mingdan ortiq kishi uni yuqtirib olgan.

Fransiyada Yevropaning boshqa qator davlatlarida bo‘layotgani kabi karantin sharoitida maishiy zo‘ravonlik holatlari oshgan. So‘nggi haftada Fransiyada uydagi zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha ishlar 32 foizga oshgan, Parijda bu boradagi o‘sish ko‘rsatkichi 36 foiz.

Gizadagi shiorlar

Misrdagi piramidalardan birida lazer orqali arab va ingliz tillarida odamlardan uyda qolish so‘ralgan yozuv aks ettirildi. Gizadagi piramidalar hududida dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgan.

Germaniya, Britaniya va Fransiya seshanba kuni Eronga tibbiy jihozlar yubordi. Mart oyi boshida Yevropa davlatlari Eron Islom Respublikasiga koronavirusga qarshi kurash uchun 5 mln yevro miqdoridagi tibbiy materiallar yuborishni va'da qilgandi.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, Eronda virusdan zararlanish bilan bog‘liq 44,6 mingdan ortiq holat qayd etilgan, 3 mingga yaqin kishi vafot etgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top