15:25 / 01.04.2020
109689
Koronavirus epidemiyasining O‘zbekiston uchun mo‘ljallangan ssenariysi taqdim qilindi

Oksford universitetining «Insoniyat kelajagi instituti» tadqiqotchilari tomonidan koronavirus pandemiyasining 150 mamlakat uchun mo‘ljallangan uzoq muddatli bashorati e'lon qilindi. Unda O‘zbekiston ham bor (hisob-kitoblarda mamlakat aholisi soni 31,9 mln deb olingan).

Foto: KUN.UZ

Tadqiqotchilar mamlakatimiz uchun voqealar rivojining 4ta asosiy ssenariysini keltirishmoqda.

1. Koronavirus tarqalishi tezligini nazorat qilmaslik, oldini olishga harakat qilmaslik va vaziyatni o‘z holiga tashlab qo‘yish.

- Bu modelda har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 2,6 odamga kasallikni yuqtiradi.

- Bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 88 mingdan 1,3 milliongacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,3 – 4 foizi).

- Kasallanganlarning umumiy soni 18 – 23 millionni (58 – 73 foizni) tashkil qiladi.

- Epidemiya iyun oyida cho‘qqisiga chiqadi, keyin keskin pasayadi. Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini noyabr oyida boshlanib, 2021 yil mart oyigacha davom etadi.

2. Koronavirus tarqalishi tezligini 20 foizga pasaytirish, mo‘'tadil karantin, 35-50 foiz odam izolyatsiyada, chegaralarni yopish, transport harakatini cheklash.

- Bu modelda har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 2 odamga kasallikni yuqtiradi.

- Bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 130 mingdan 820 minggacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,4 – 2,6 foizi).

- Kasallanganlarning umumiy soni 14 – 21 millionni (45 – 67 foizni) tashkil qiladi.

- Epidemiya iyul oyida cho‘qqisiga chiqadi, keyin keskin pasayadi. Epidemiyaning ikkinchi to‘lqini dekabr oyida boshlanib, 2021 yil mart oyigacha davom etadi.

3. Koronavirus tarqalishi tezligini 50 foizga pasaytirish, qattiq karantin, 65-80 foiz odam izolyatsiyada, ko‘chaga faqat zarurat bo‘lganda chiqish, ommaviy test, chegaralarni yopish, transport harakatini cheklash.

- Bu modelda har bir odam o‘rtacha hisobda boshqa 1,3 odamga kasallikni yuqtiradi.

- Bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 11 minggacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,03 foizi).

- Kasallanganlarning umumiy soni 520 mingni (1,6 foizni) tashkil qiladi.

- Epidemiya cho‘qqisi kuzatilmaydi

4. Koronavirus tarqalishi tezligini 80 foizga pasaytirish, o‘ta qattiq karantin, 90-95 foiz odam izolyatsiyada, ko‘chaga chiqish taqiqlanadi, ommaviy test, transport harakati butunlay cheklanadi.

- Bu modelda kasallangan odam o‘rtacha hisobda boshqa 0,5 odamga kasallikni yuqtiradi.

- Bir vaqtning o‘zida kasallanganlar soni 210 nafardan 3,4 minggacha bo‘ladi (umumiy aholining 0,01 foizi).

- Kasallanganlarning umumiy soni 6,6 - 9,8 mingni (0,02 - 0,03 foizni) tashkil qiladi.

- Epidemiya cho‘qqisi kuzatilmaydi, to‘liq nazoratda bo‘ladi.

Tadqiqotchilarning ta'kidlashicha, bu natijalar haqiqiysidan farq qilish mumkin, chunki:

- tadqiqotlar faqat so‘nggi 2 oyda olingan ko‘rsatkichlarga asoslandi;

- virusning mavsumiyligi va ob-havo sharoitlariga reaksiyasi inobatga olinmadi;

- testlash jarayonidagi texnik progress, kontaktlarni izlab topish usuli va vaksinatsiya e'tiborga olinmadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top