13:32 / 01.04.2020
28003
Koronavirus haqida o‘zbekistonliklar eng ko‘p so‘rayotgan savollar ma'lum qilindi

15 martdan 1 aprelgacha Call-markazga 500 mingtadan ko‘proq qo‘ng‘iroq bo‘lgan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi 15 mart kuni 1003 yagona qisqa raqamli Call-markazni ishga tushirgan edi. Bu orqali fuqarolar koronavirus bilan bog‘liq barcha savollarga malakali mutaxassislardan tibbiy asoslangan javob va tavsiyalar olishmoqda.

Vazirlik xabariga ko‘ra, Call-markaz tun-u kun faoliyat ko‘rsatmoqda. Unda 200 nafardan ortiq professor o‘qituvchilar, shifokorlar uch smenada uzluksiz fuqarolarning murojaatlariga javob berishmoqda.

15 mart kuni soat 21:00da ish boshlagan Call-markazga bugun, 1 aprel soat 12:00gacha 510 mingdan oshiq qo‘ng‘iroq kelib tushgan.

«Eng ko‘p berilayotgan savollarga e'tibor beradigan bo‘lsak, birinchi kunlari aholi koronavirus infeksiyasi, uning yuqish yo‘llari va belgilari, profilaktika qoidalarini bilish uchun murojaat qilishgandi.

Hozirgi kunga kelib, fuqarolar karantin qoidalari, kimlar ko‘chaga chiqishi mumkin emasligi, kimlarga esa bunga ruxsat berilgani, COVID-19ga qayerda tahlil topshirish mumkinligi, karantindagi fuqarolarning qaysi muassasalarda ekanligi, ularning ahvoli kabi qator savollar berilmoqda.

Shu bilan birgalikda, kasallik belgilari qandayligi haqidagi savollar haligacha dolzarbligini yo‘qotmayapti», – deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusga oid eng ko‘p berilayotgan savollarga Kun.uz saytining quyidagi alohida sahifasi orqali ham javob olish mumkin.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top