23:48 / 01.04.2020
9146
Koronavirusdan o‘rtacha o‘lim darajasi grippnikidan 69 marta yuqori ekani ma'lum qilindi 

London imperiya kolleji mutaxassislari koronavirus bilan bog‘liq vaziyatning birinchi atroflicha tahlilini e'lon qilishdi. Jamoa turli yoshdagilar orasida koronavirusdan o‘lish darajasini va virusning  boshqa jihatlarini o‘rganib chiqishdi.

Foto: Getty Images

Mutaxassislar bunda Xitoydagi kasallanish holatlari, u yerdan evakuatsiya qilingan xorijliklar va koronavirus tarqalgan Diamond Princess kruiz layneridagi yo‘lovchilar haqidagi ma'lumotlardan foydalanishgan.

Ularning baholashicha, koronavirusdan o‘lim holatlari unga uchraganlik tasdiqlangan holatlardan 1,3 foizni, tashxislash o‘tkazilmagan holatlar hisobga olinsa 0,66 foizni tashkil qiladi. Ta'kidlanishicha, bu koronavirusdan o‘lim holatlari 2 foizdan 8 foizgacha oraliqda o‘zgargan avvalgi baholashlardan farq qilsa-da, ammo grippnikidan ancha yuqori.

Mutaxassislar taqqoslash uchun 2009 yilgi H1N1 grippidan (cho‘chqa grippi) o‘lim statistikasini keltirishgan. Undan o‘lim holatlari umumiy kasallanish holatlaridan 0,02 foizni tashkil qilgan. Bu esa koronavirusdan o‘lim darajasi H1N1 grippidan 69 marta yuqori ekanini anglatadi. Oddiy grippdan o‘lim darajasi esa H1N1’nikidan 2 marta kamroqni, ya'ni 0,01 foizni tashkil qiladi. 

Tahlillar koronavirusdan o‘lish xavfi yoshga kuchli bog‘liqligini tasdiqlagan. 9 yoshdan kichik bolalarda undan o‘lish darajasi 0,0016 foizni, 80 yoshdan kattalarda esa 7,8 foizni tashkil qilar ekan. 

Tadqiqot mualliflarining fikricha, ularning baholashlari avvalgilaridan farqlanadi, chunki hanuzgacha koronavirusdan o‘limlar tahlilida koronavirusga testdan jiddiy alomatlarga ega odamlar yoki boshqa davlatlarda bo‘lgandan keyin karantinda bo‘lganlar o‘tishi hisobga olinmagan.  

Shuningdek, yoshga bog‘liq holda nafaqat koronavirusdan o‘lish, balki shifoxonaga joylashtirishni talab qiluvchi holatlar soni ham ko‘payadi. 10 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlarda bu ko‘rsatkich 0,04 foizni, 20 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lganlarda 3,4 foizni tashkil qilgan, 50-59 yoshdagilarda 8,2 foiz holatda shifokorlar yordami talab etiladi. 80 yoshdan kattalar orasida koronavirusga chalinganlardan 18,4 foizini shifoxonaga yotqizishga to‘g‘ri keladi.  

Mualliflarning ta'kidlashicha, ular olgan ma'lumotlar qanday sondagi kasallanganlarga shifokorlar yordami zarur bo‘lishini oldindan aytish imkonini beradi.

Koronavirusga dunyo aholisining 50 foizdan 80 foizgachasi chalinishi mumkinligi hisobga olinsa, tibbiy yordamga muhtojlar soni eng ilg‘or sog‘liqni saqlash tizimlari imkoniyatlaridan oshib ketishi mumkin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top