17:03 / 01.04.2020
73508

O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlarning yana 4 nafari tuzaldi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlardan yana to‘rt nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgani haqida ma'lumot berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Ma'lum qilinishicha, BAAning Dubay shahridan kelgan va Turkiyadan kelgan bemorlar, shuningdek, O‘zbekistonda boshqa bemorlar bilan aloqada bo‘lish oqibatida virus yuqtirgan ikki bemorga javob berilgan. 

Ularni Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas'ullar Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatishdi.

Ular endi ikki hafta davomida tibbiy kuzatuvda bo‘lishadi.

«Shu o‘rinda ta'kidlash joizki, ushbu bemorlarning sog‘ayishida Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasi jamoasining bahamjihat bo‘lib, zimmasiga yuklangan ulkan mas'uliyatni chuqur his etgan holda, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning shifo topishi uchun astoydil kurashayotgani muhim ahamiyat kasb etyapti. Buning uchun shifoxonada barcha sharoit yaratilgan, dori-darmon, zamonaviy tibbiy texnologiyalar, himoya vositalari bilan ta'minlangan. 

Yana bir e'tiborli jihati, ayni murakkab vaziyatda tajribali shifokorlarimiz tomonidan bemorlarni davolashda dunyo tajribasi, xususan, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalari, koronavirus infeksiyasini jilovlay olgan Xitoy, Janubiy Koreya kabi davlatlarning amaliy ishlari o‘rganilib, amaliyotda qo‘llanilmoqda. Har bir bemorga ilmiy asosda yondashilib, standartlar bo‘yicha davolash choralari ko‘rilmoqda.

Shuningdek, klinika jamoasining pulmonologiya, kardiologiya, terapevt, endokrinologiya kabi qator ixtisoslashgan soha mutaxassislari bilan telemuloqot o‘rnatgani ham  koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashda qo‘l kelmoqda. Tor mutaxassislar bilan hamkorlikda bemorlarning holati yuzasidan maslahatlashish, aniq tashxis qo‘yish va davolash imkonini beryapti. Shu kabi qator omillar aksariyat bemorlar ahvoli yaxshilanishiga olib kelmoqda, sog‘ayishi tezlashmoqda. Ayni lahzada tuzalgan bemorlarimizning quvonchi cheksiz. Ularning tabassumi, minnatdorchilik so‘zlari zahmatkash tibbiyot xodimlarining mehnatiga eng yuksak baho bo‘lsa, ajab emas. 

Eslatib o‘tamiz, hozirda nafaqat poytaxtimizda, balki viloyatlarda ham tibbiyot xodimlari koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarning sog‘ayib ketishlari uchun bor mahoratlarini ishga solgan holda qahramonlarcha kurashmoqda», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Shu tariqa, O‘zbekistonda koronavirusga chalinganidan keyin tuzalgan bemorlarning jami soni 12 nafarga yetdi. Ayni vaqtda yana 159 bemor turli hududlarda davolanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top