15:52 / 01.04.2020
56206
Qo‘qonda IIB xodimlariga bo‘ysunmaslikka da'vat qilgan deputat qamoqqa olindi

IIB xodimlarining o‘z xizmat burchlarini bajarishlariga qarshilik ko‘rsatishda ayblangan qo‘qonlik deputat M.A. 30 mart kuni 15 sutka ma'muriy qamoq jazosiga tortildi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

Foto: KUN.UZ

Sud qarorida keltirilishicha, M.A. (1976 y.t., xususiy korxona rahbari, Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashi deputati) 28 mart kuni soat taxminan 22:30larda Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashi deputatlari a'zo Telegram`dagi guruh orqali ichki ishlar xodimlariga nisbatan qo‘pol so‘zlar ishlatib, ularga nisbatan kamsituvchi haqoratomuz fikrlar bildirib, IIB xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da'vatlar qilib, soxta uydirmalarni tarqatgan.

Qo‘qon shahar prokurorining 30 martdagi taqdimnomasiga asosan, Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashining shu kuni qabul qilingan qarori bilan M.A.ni daxlsizlik huquqidan mahrum qilib, sud tartibida beriladigan ma'muriy jazoni qo‘llashga rozilik berilgan.

Ayblanuvchi sud majlisida tadbirkor ekani, karantin vaqtida kam ta'minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berayotganini aytib o‘tgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 28 mart kuni soat taxminan 16:00larda fuqarolarga oziq-ovqat tarqatib qaytib kelib, Muqimiy shaharchasidan Qo‘qon shahriga kirish yo‘lida o‘rnatilgan blok postidan o‘tib shaharga kirmoqchi bo‘lganlarida IIB xodimlari mumkin emasligini aytishgan. Shundan so‘ng aylanma yo‘llar bilan shaharga kirishgan.

M.A.ning aytishicha, shundan so‘ng soat 18:00larda Qo‘qon shahar hokimligiga borish maqsadida o‘zining “Malibu” rusumli avtomashinasida yo‘lga chiqib, Istiqlol va Turon ko‘chalari kesishmasida o‘rnatilgan blok postiga kelgan, postda turgan IIB va Milliy gvardiya xodimlariga mashinasida kam ta'minlangan oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari borligini aytib, hokimiyatga o‘tishga ruxsat so‘ragan. Ular esa o‘tish mumkin emasligini aytishgan. Shunda o‘zi ularga deputatlik guvohnomasi va ruxsatnomasini ko‘rsatgan, lekin ular baribir ruxsat berishmagan.

Deputatning sudda bergan ko‘rsatmasiga ko‘ra, shundan keyin u uyiga qaytib kelgan. Bo‘lgan holatdan asabiylashib, betob bo‘lib qolgan. So‘ngra jahli chiqib, Xalq deputatlari Qo‘qon shahar kengashi deputatlari a'zo bo‘lgan Telegram`dagi guruh orqali ichki ishlar xodimlariga nisbatan haqoratomuz so‘zlar ishlatgan.

M.A. guruhda deputatlarni IIB xodimlarining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka da'vat qilgani, aybiga iqrorligi, qilmishidan pushaymonligi, o‘sha kuni kuchli hayajonlanish va asabiylik tufayli ushbu huquqbuzarlikni sodir etgani, IIB xodimlaridan uzr so‘rashgani, kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligini bildirib, yengillik berishni so‘ragan.

30 mart kuni Qo‘qon shahar ma'muriy sudi shu ko‘rinishdagi huquqbuzarliklarning oldini olish, tinchlik-osoyishtalikni ta'minlash, fuqarolarning davlat hokimiyati vakillariga nisbatan salbiy munosabatining oldini olish hamda kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarlik va jinoyatlarning oldini olish maqsadida M.A.ga ma'muriy qamoq jazosini tayinlashni va undan ma'muriy qamoq xarajatlarini undirishni lozim topgan.

Sud qarori bilan, huquqbuzar MJtKning 195-moddasida ko‘rsatilgan huquqbuzarlik (ichki ishlar organlari xodimining o‘z vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq qonuniy talablarini bajarmaslikka omma oldida har qanday shaklda da'vatlar qilish, xuddi shuningdek ichki ishlar organlari xodimlariga ommaviy ravishda bo‘ysunmaslikni keltirib chiqarish maqsadida bila turib soxta uydirmalarni tarqatish)ni sodir etgan deb topildi va unga 15 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Ma'lumot uchun, 15 sutkalik qamoq – MJtK 195-moddasining eng og‘ir sanksiyasidir.

Huquqbuzardan har bir sutka uchun BHMning 15 foizi (33450 so‘m)dan ma'muriy qamoq xarajatlari undiriladi.

Eslatib o‘tamiz, kecha Qo‘qonda koronavirus haqida mish-mish tarqatgan deputatga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan edi. Deputat X.N. Qo‘qonda 2 shaxsda koronavirus aniqlangani haqidagi asossiz yangilikni Telegram`da tarqatishda ayblanmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top