11:13 / 01.04.2020
36094
Ruxsatnomasiz haydovchilarga nisbatan reyd boshlandi

30 mart soat 6.00dan boshlab, Toshkent va Nukus shaharlari, viloyatlar markazlarida, viloyatlararo avtomobil harakatiga cheklov o‘rnatildi. Maxsus ruxsatnoma yoki tegishli vakolatga ega bo‘lmay, cheklov o‘rnatilgan hududida mashina boshqarib ketayotgan haydovchilarga nisbatan maxsus reyd boshlandi. 

Toshkent shahrida avtomobilda harakatlanish uchun maxsus stiker yoki vakolatga ega bo‘lmay,  o‘zboshimchalik bilan karantin qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan yo‘l patrul xizmati xodimlari reyd o‘tkazmoqda. Kun.uz muxbiri yo‘l harakati inspektori Shaxzod Hikmatov bilan birga bo‘lib, 31 martdan 1 aprelga o‘tar kechasi tashkil etilgan reydlarni kuzatdi. 

Reyd davomida to‘xtatilgan 60 foizdan ortiq mashina egalari maxsus ruxsatnomasiz yoki tegishli vakolatga ega bo‘lmay, karantin qoidalarini buzib, avtomobil boshqarib kelayotgani aniqlandi. Shuningdek, noqonuniy yo‘lovchi tashiyotgan, o‘z vakolatini suiste'mol qilib, xizmat paytidan tashqari bemaqsad ko‘chada yurgan fuqarolar ham aniqlandi. 

Inspektor Hikmatov tomonidan zarurat yuzasidan jamoat joyiga avtomobilda chiqqan, talabini asoslantirib bergan haydovchilarga nisbatan tushuntirish ishlari olib borildi. Ammo huquqbuzarlik qilib, karantin qoidalarini buzgan haydovchilarga ma'muriy javobgarlikda nazarda tutilgan jarima qo‘llaniladi. Huquqbuzar boshqaruvidagi mashinasi esa jarima maydonchasiga joylashtiriladi.

Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 2020 yil 30 martdan 20 aprelga qadar viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida avtotransport vositalari Davlat xizmatlari markazlari tomonidan beriladigan maxsus ruxsatnoma (stiker)lar asosida harakatlanishi mumkinligi belgilangandi.

Avtotransport vositalarini boshqarish uchun beriladigan ruxsatnoma (stiker) uchun arizani masofadan turib, ya'ni onlayn tarzda topshirilishi bo‘yicha tizim joriy etildi.

Unga ko‘ra, maxsus ruxsatnomani berish bepul amalga oshiriladi. Buning uchun onlayn shaklda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida so‘rovnoma to‘ldirilishi lozim.

Vaqtinchalik tartibga ko‘ra, ruxsatnoma quyidagi avtotransport vositalariga beriladi:

  • oziq-ovqat mahsulotlarini (jumladan tamaki va alkogol) va tibbiyot buyumlarini ishlab chiqaruvchi va realizatsiyasi bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarning avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tadbirkorlik sub'yektlarida doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy (mulk, ishonchnoma yoki ijara huquqi asosida) avtotransport vositalariga (dorixonalar uchun faqat har bir dorixonaga bir dona avtotransportga ruxsat beriladi);
  • umumiy ovqatlanish korxonalarining yetkazib berish xizmatini ko‘rsatayotgan (kurer va «dostavka») avtotransport vositalari, shuningdek, mazkur tadbirkorlik sub'yektlarida doimiy mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan xodimlarning shaxsiy (mulk, ishonchnoma yoki ijara huquqi asosida) avtotransport vositalariga (xodimlar uchun faqat har bir umumiy ovqatlanish korxonasiga bir dona avtotransportga ruxsat beriladi);
  • Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va Zangiota tumanlarida, Toshkent shahrining Olmazor, Chilonzor va Yashnobod tumanlarida barpo etilayotgan shifoxona va xiyobonlar qurilishiga jalb etilgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlarga tegishli M1 toifadagi avtotransport vositalariga.

Adliya vazirligi tomonidan quyidagi tashkilotlarning tegishli murojaatnomasiga asosan ruxsatnomalar rasmiylashtirib beriladi:

  • Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi – ishlab chiqarish va texnologik jarayoni to‘xtatilishi mumkin bo‘lmagan korxonalarga;
  • «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi – gigiyenik niqob ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga;
  • Bosh prokuratura huzuridagi Departament – dehqon bozorlarining xodimlarining shaxsiy  avtotransport vositalariga.

Maxsus komissiyaning ko‘rsatmasiga asosan Adliya vazirligi tomonidan alohida ruxsatnomalar rasmiylashtirilishi mumkin.

Avtotransport vositalarining tegishli toifalari bo‘yicha izoh:

  • M1 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8tadan oshmaydigan avtotransport vositalari (oddiy yengil mashina).
  • M2 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq, eng katta vazni 5 t dan ortiq bo‘lmagan avtotransport vositalari.
  • M3 toifasi — yo‘lovchilarni tashish uchun foydalaniladigan va haydovchining o‘rindig‘idan tashqari o‘rindiqlar soni 8 tadan ortiq, eng katta vazni 5 t dan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari
  • N1 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari;
  • N2 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 3,5 t dan ortiq, lekin 12 t dan oshmaydigan avtotransport vositalari;
  • N3 toifasi — yuk tashish uchun mo‘ljallangan, eng katta vazni 12 t dan ortiq bo‘lgan avtotransport vositalari.

Quyidagi tashkilotlarning mas'ul xodimlariga xizmat vazifasini bajarishda tegishli shaxsiy avtotransport vositalaridan foydalanishga ushbu tashkilotlar tomonidan ruxsat beriladi (ofitser tarkibidagi xodimlarga ruxsat talab qilinmaydi). Ruxsatnomada avtotransport vositasining belgilari ko‘rsatiladi. Mazkur ruxsatnoma xizmat (harbiy) guvohnomasi bilan ko‘rsatilganda haqiqiy hisoblanadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Oliy majlis qonunchilik palatalari, Vazirlar Mahkamasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat xavfsizlik xizmati, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi xizmat va xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;
  • Sud va prokuratura organlari xizmat va xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari;
  • «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «Uzbekistan Airways» AJ, «Uzbekistan Airpors» AJ va ularning tizimiga kiruvchi korxona va tashkilotlari «O‘zaeronavigatsiya» agentligining xizmat avtotransport vositalari;
  • Hisob palatasi, Biznes-ombudsman, Inson huquqlari bo‘yicha vakil (Ombudsman), Inson huquqlari milliy markazi, Savdo-sanoat palatasi rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari xizmat avtotransport vositalari;
  • Vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar va boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari rahbarlari, ularning o‘rinbosarlarining xizmat avtotransport vositalari;

Bunda:

  • vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar va boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining tarkibidagi tashkilotlarning birinchi rahbarlari va ularning o‘rinbosarlari;
  • vazirliklar, davlat qo‘mitalari, agentliklar va boshqa davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlarining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari rahbarlari kiritiladi.
  • Markaziy bank va hududiy boshqarmalar xizmat avtotransport vositalari;
  • Tijorat banklari xizmat avtotransport vositalari;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Vazirlar Kengashi raislari va ularning o‘rinbosarlari, hokimlar va ularning o‘rinbosarlari xizmat avtotransport vositalari;
  • O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xizmat avtotransport vositalari;
  • «Respublika inkassatsiya xizmati» DUK xizmat avtotransport vositalari;
  • Xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va xalqaro tashkilotlar xizmat avtotransport vositalari;
  • Aloqa xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, «O‘zbekiston pochtasi» AJ, «O‘zbektelekom» AK va uning tashkilotlari hamda «O‘ZINFOKOM» yagona integratori» MChJga tegishli xizmat avtotransport vositalari;
  • N1, N2 va N3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalari;
  • «Toshshahartransxizmat» AK tarkibiga kiruvchi avtobus saroylarining M2 va M3 toifaga kiruvchi avtotransport vositalari;
  • Dafn marosimlarida xizmat ko‘rsatuvchi maxsus avtotransport vositalari (faqat dafn marosimlari xizmatini ko‘rsatish maqsadida);
  • Yo‘l-patrul xizmati avtomobillari yordamida kuzatilayotgan avtotransport vositalari;

Mavsumiy qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetkazib beruvchi M1 (bir nafar yo‘lovchi bilan) toifadagi jismoniy shaxslarga tegishli shaxsiy avtotransport vositalari. Bu holatda yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari har bir avtotransportni vizual ko‘zdan kechirib, avtotransport yo‘nalishi va aniq manzili yuzasidan tushuntirishlar so‘rashi mumkin.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi
Tasvirchi Nuriddin Nursaidov

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top