10:46 / 01.04.2020
6417
Xiaomi 2019 yil uchun rekord tushum olganini ma'lum qildi 

Xitoyning Xiaomi kompaniyasi 2019 yilning oxirgi choragi va butun yil uchun hisobot berdi. Unga ko‘ra, kompaniyaning o‘tgan yilgi tushumi rekord qiymatni tashkil qilgan.

Foto: EPA

Kompaniyaning 2019 yildagi tushumi 2018 yildagiga nisbatan 17,7 foizga o‘sib, 205,84 mlrd yuanni (29 mlrd dollar) tashkil qilgan. Ushbu qiymatdan taxminan yarmi smartfonlar sotilishidan olingan (122,1 mlrd yuan yoki taxminan 17,1 mlrd dollar). Kompaniyaning sof daromadi 11,53 mlrd yuanni (1,62 mlrd dollar) tashkil qilib, 2018 yilga nisbatan 34,8 foizga o‘sgan.

Kompaniya asoschisi va bosh direktori Ley Tszun hisobotni taqdim qilish vaqtida kompaniya innovatsion texnologik tadqiqotlarga 50 mlrd yuan (7 mlrd dollar) investitsiya kiritmoqchiligini ma'lum qilgan.

Xiaomi 2010 yilda tashkil etilib, ilk bor aksiyalarini 2018 yil Hongkong birjasida sotuvga chiqargan. O‘tgan yil natijalariga ko‘ra, kompaniya 124,6 mln dona smartfon ishlab chiqarib, jahon smartfonlar bozorida 4-o‘rinni egallagan. 

Top