22:51 / 02.04.2020
20749

AQSh hukumati O‘zbekistonning koronavirusga qarshi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha yordam ajratdi

AQSh hukumati, Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali, O‘zbekistonning koronavirusga qarshi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida qo‘shimcha ko‘mak ajratishini e'lon qildi. Bu haqda AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xabar berdi.

Foto: AQSh elchixonasi

2020 yil 26 mart kuni Davlat kotibi Maykl Pompeo Qo‘shma Shtatlar koronavirus pandemiyasi xavf solayotgan 64 mamlakatni qo‘llab-quvvatlash uchun favqulodda vaziyatlarda sog‘liqni saqlash va insonprarvarlik yordami sifatida 274 million dollar safarbar etganini e'lon qildi. 

AQShning O‘zbekistondagi elchisi Deniyel Rozenblyum so‘zlariga ko‘ra, ushbu yordam O‘zbekistonning koronavirus tarqalishi oldini olish hamda kasallikni yuqtirib olganlarni davolashdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

«Bu pandemiya dunyodagi bironta mamlakat alohida orol emasligini ko‘rsatmoqda. Unga qarshi birgalikda, bir-birimizni qo‘llagan holda ish olib borishimiz shart. Bizning AQShdagi oilalarimiz, O‘zbekistondagi kabi, koronavirus xavfidan xavotirda, shu bois biz O‘zbekistonning koronavirus tarqalishining oldini olish hamda kasallikni yuqtirib olganlarni davolashdagi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashni istaymiz», - deb ta'kidladi Rozenblyum.  

«O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi (SSV) va Sanitariya-epidemologik osoyishtalik agentligi (SEOA) bilan hamkorlikda hamda boshqa xalqaro donorlar, shu jumladan Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JST) bilan muvofiqlashtirilgan holda Qo‘shma Shtatlar hukumati O‘zbekiston fuqarolari, sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari va hukumat ehtiyojlari uchun ko‘mak berishda ustuvor sohalarni belgilab oldi. USAID keng ko‘lamli test uchun laboratoriya tizimlarini tayyorlash, sog‘liqni saqlash muassasalarida infeksiya tarqalishining oldini olish va nazorat qilish, koronavirus nazorati va unga tezkor javobni kuchaytirish, virus yuqtirib olganlar ahvolini yaxshilash, virus haqida soxta ma'lumot tarqalishiga qarshi kurashish hamda mahalliy jamoalarning o‘z vaqtida va aniq ma'lumotni ommaga yetkazishda hukumat va shifokorlarga yordam berishini tashkillashtirish uchun mablag‘ ajratadi», deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.

Qayd qilish joizki, xabarda AQSh hukumati tomonidan O‘zbekiston uchun ajratilgan moliyaviy yordamning qiymati keltirilmagan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top