15:36 / 02.04.2020
7355
Navoiyda karantinga olingan Misrdan qaytgan 181 nafar fuqaro uylariga kuzatildi, ularning hech birida kasallik aniqlanmagan

18 mart kuni Misrdan maxsus aviareys bilan Navoiy shahriga olib kelingan, respublikamizning turli viloyatlaridan bo‘lgan 181 nafar fuqaro bugun, 2 aprel kuni o‘z uylariga kuzatildi.

Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati Kun.uz`ga xabar berishicha, Karmana tumani hududidagi Navoiy kon-metallurgiya kombinatiga qarashli sog‘lomlashtirish markazida 14 kunlik karantinga joylashtirilgan fuqarolarga qaragan 22 nafar shifokor ham ta'tilga chiqarildi.

«Ikki hafta davom etgan karantin davrida kuzatuvga olinganlar belgilangan muddatda zarur tibbiy muolajalar, shaxsiy gigiyena va himoya vositalari hamda oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlandi. Kuzatuv va karantin davrida ularning birortasida kasallik alomatlari aniqlanmadi», deydi Navoiy viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i F.G‘afforov.

Ayni paytda Navoiy viloyatidagi 8ta sihatgohda 529 nafar fuqaro umumiy karantin nazoratiga olingan. Bundan tashqari, 2808 nafar fuqaro uy karantinida shifokorlar nazoratida bo‘lib turibdi.

Koronavirus infeksiyasi aniqlanib, Navoiy shahrida davolanayotgan ikki nafar fuqaro (ona va o‘g‘il) esa Navoiy viloyatiga Toshkent shahridan mehmon sifatida kelganida ularda kasallik belgilari borligi aniqlanib karantinga olingan va shifoxonaga yotqizilgan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top