16:46 / 02.04.2020
3861
Nurmat Otabekov sifati kafolatlanmagan niqoblarni sotib olmaslikka chaqirdi

Har qanday sharoitda ham niqob sotib olinganda uning butunligiga, yangiligiga va sifatiga e'tibor berish lozim.

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov niqob turlari va ulardan qanday vaziyatda  foydalanish mumkinligini tushuntirdi.

«Avvalo, doka niqoblarni hasham uchun yoki kimgadir ko‘z-ko‘z qilish maqsadida taqmayotganimizni unutmaylik. Barcha ishlab chiqariladigan narsalar singari doka niqob ishlab chiqarish uchun ham alohida davlat standarti mavjud. Mana shu standart asosida chiqarilgan va dorixonalarda sotilayotgan niqoblarni taqish maqsadga muvofiq», dedi Nurmat Otabekov AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda.

Uning ma'lumot berishicha, niqoblar himoya darajasiga qarab, 2 turga bo‘linadi:

1-turdagi niqoblar - bugungi kunda keng foydalanayotgan niqoblar, ular epidemiyalar va pandemiyalarda infeksiya tarqalishini kamaytirish uchun ishlatiladi.

«Ushbu niqoblar o‘ziga nam tortmaydigan materiallardan tayyorlanishi va 2 soatdan ortiq yoki ko‘p marta ishlatilishi mumkin emas, chunki undan ortiq ishlatilsa, niqoblar orqali kasallik yuqtirib olish mumkin», deya qayd etdi Nurmat Otabekov.

Bundan tashqari, Nurmat Otabekov 2-turdagi niqoblarga respiratorlar kirishini, respiratorlarning o‘zi ham ikkiga bo‘linishini aytib o‘tdi.

«Birinchi turdagi respiratorlar aerozollarga qarshi bo‘lib, yo‘talganda, aksirganda, gapirganda kasallik qo‘zg‘atuvchilari tashqariga tarqalishi oldini olish uchun, ikkinchi turdagilari esa gazlarga qarshi gazsimon moddalardan, masalan, zakis, azot kabilardan himoya qilish uchun ishlatiladi. Shuning uchun ularni taqishdan maqsad nima ekanligini bilish zarur.

Ko‘chada sotilayotgan, har xil rasmlar tushirilgan, hatto bachkana qilib ishlangan doka niqoblarni xarid qilish kerak emas. Bu niqoblar kim tomonidan qanday materialdan tikilgani aniq emas. Shu sababdan virus infeksiyasi yuqishining oldini olish uchun faqat dorixonalarda sotilayotgan ishonchli niqoblarni sotib olish kerak», deya Nurmat Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shuningdek, Nurmat Otabekov har qanday sharoitda ham niqob sotib olinganda uning butunligiga, yangiligiga va sifatiga e'tibor berish lozimligini ham alohida ta'kidladi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top