14:34 / 02.04.2020
16185

O‘zbekiston O‘sh shahriga insonparvarlik yordami jo‘natdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasiga COVID-19 kasalligini bartaraf etishga ko‘maklashish maqsadida insonparvarlik yordami yuborildi.

Foto: O‘zA

Gumanitar ko‘mak «O‘zbekiston xalqidan Qirg‘iziston xalqiga insonparvarlik yordami» shiori ostida tashkil etildi, deb xabar bermoqda O‘zA.

Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi temiryo‘l stansiyasidan ming tonna un, turli oziq-ovqat mahsulotlari, koronavirus tarqalishining oldini olishda foydalaniladigan bir martalik bosh kiyimli himoya kombinzoni, respirator, qo‘lqop, himoya ko‘zoynagi, pirometr hamda test-sistemalar ortilgan poyezd qo‘shni respublikaga jo‘natildi.

Insonparvarlik yordami ortilgan maxsus eshelon Qirg‘izistonning O‘sh shahriga yo‘l olgan.

Bu boradagi ishlar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Andijon viloyati hokimligi, «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ, «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tasarrufidagi «Qo‘rg‘ontepa don mahsulotlari» AJ hamda O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalari hamkorligida tashkil etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov topshirig‘i bilan Qirg‘izistonga ekspress-testlar va individual himoya vositalari taqdim etilgan edi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top