12:29 / 02.04.2020
9756
O‘zbekistonda dezinfeksiya ishlari uchun 1 mlrd so‘m ajratilgan

Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov epidemiologik ahamiyatga ega bo‘lgan hududlarni dezinfeksiyalash tartibi haqida ma'lumot berdi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Ma'lum qilinishicha, respublikaning barcha hududlarida dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun davlat budjetidan 1 mlrd so‘m miqdorida mablag‘ ajratilgan.

«Shu paytga qadar xo‘jalik hisobida faoliyat yuritadigan respublika, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shaharlar dezinfeksiya stansiyalari tizimi mavjud edi. Koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat murakkablashgani munosabati bilan hozir dezinfeksiya ishlarini amalga oshirish jarayoniga SSV huzuridagi Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tizimi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Mudofaa vazirligi va Milliy gvardiyaning imkoniyatlaridan ham foydalanilmoqda.

Dezinfeksion ishlov berish bilan grafik asosida barcha epidemiologik ahamiyatga ega bo‘lgan hududlar va obektlar to‘liq qamrab olinadi», deya Otabekovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bosh sanitariya inspektori respublikada qo‘llanayotgan karantin choralarining mohiyati haqida tushuntirish berdi.

«Karantin joriy etishdan maqsad — virus bilan kasallanganlar hamda ular bilan muloqotda bo‘lgan shaxslarni izolyatsiya qilish. Bu bizga yangi kasallik holatlarini tezda aniqlash, kasallanganlarni davolash va infeksiyaning yoyilib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun ham zarur», dedi u AOKA qoshidagi maxsus shtabda o‘tkazilgan brifingda. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top