01:45 / 02.04.2020
40466
Pentagon AQSh flotining bayroqdor kemasidan yordam signalini oldi. Unda 100 dengizchi koronavirusga chalingan

AQSh harbiy-dengiz kuchlarining «Teodor Ruzvelt» aviatashuvchi kemasi kapitani Pentagonga ekipajni qutqarishda zudlik bilan yordam berishni so‘rab shoshilinch xabar yubordi. Gap shundaki, kemada koronavirus tarqalishi avj olmoqda. 

Foto: Getty Images

Kemada koronavirusga tekshirilgan o‘nlab harbiylarda virus borligi aniqlangan. Yaqin orada 4 mingdan ko‘proq kishidan iborat ekipajning katta qismi virus yuqtirib olishi mumkin.

“Biz urushdamasmiz. Dengizchilar halok bo‘lmasligi kerak”, deb yozgan kema kapitani Brett Kroze AQSh mudofaa vazirligiga yuborgan raportida. Kapitan butun ekipajni karantinga qo‘yish lozim, deb hisoblamoqda. Biroq uning ta'kidlashicha, kemada kichik kayutalarda yashovchi katta sondagi dengizchilar borligi sababli kasallanganlarni izolyatsiya qilish imkonsiz.

Kapitan kemada virus tarqalishi tezlashayoganidan ogohlantirib, qat'iy choralar ko‘rilishini talab qilgan. Uning ta'kidlashicha, atom aviatashuvchi kemasidagi dengizchilarni evakuatsiya qilish va bir necha haftaga izolyatsiyalash so‘nggi chora hisoblanadi, biroq u zarurdir.

Tinch okeani floti qo‘mondoni admiral Jon Akvilino dengizchilardan hech kim gospitalizatsiya qilinmagani va og‘ir ahvolda emasligini ma'lum qilganiga   qaramay, kema ekipajining xavfsizligi va sog‘lom qolishini ta'minlash uchun tezkor choralar ko‘rilayotgani aytilgan. AQSh harbiy-dengiz kuchlarining sobiq admirali Jyeyms Stavridis esa yaqin orada AQSh flotini shunga o‘xshash ko‘plab voqealar kutayotganidan ogohlantirgan, chunki harbiy kemalar “koronavirus tarqalishi uchun ideal muhit” hisoblanadi.

BBC telekanalining xabar berishicha, kemada koronavirusga chalinganlar soni haqida aniq ma'lumotlar yo‘q. 27 mart kuni koronavirus 25 dengizchida qayd qilingani ma'lum qilingan. So‘ngra kema rahbariyati butun ekipajni koronavirusga tekshirgan. Shundan keyin necha kishida virus aniqlangani ma'lum qilinmagan. San Francisco Chronicle nashrining yozishicha, koronavirus kemadagi 100 dan ko‘proq dengizchida tasdiqlangan.

CNN telekompaniyasi esa real ma'lumotlarni endi olib bo‘lmasligini aytgan, chunki kemada koronavirusga chalinganlar soni keskin orsa, Pentagon AQSh flotining bayroqdor kemasi ehtimoliy dushmanlar, birinchi navbatda Xitoy va Shimoliy Koreya ko‘z o‘ngida zaif bo‘lib ko‘rinmasligi uchun bunday statistikani maxfiylashtirishi lozim bo‘ladi.

Bu orada Pentagonning yana bir vakili CNN’ga AQSh flotining yana bir aviatashuvchi kemasi – USS Ronald Reagan’da ham koronavirus avj olayotganini ma'lum qilgan. Ushbu kemadagi bir guruh dengizchilarda virusga testlar ijobiy natija bergan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top