07:31 / 02.04.2020
44786

Rossiya AQShga insonparvarlik yordami yubordi

Rossiya AQShga insonparvarlik yordami yubordi. AN-124 «Ruslan» samolyotida Rossiya hukumati tomonidan AQShga koronavirusga qarshi kurash vaqtida ishlatiladigan tibbiyot vositalari yuborildi.

Foto: Rossiyaning BMTdagi vakolatxonasi matbuot xizmati

Samolyot Nyu-Yorkdagi Jon Kennedi xalqaro aeroportiga mahalliy vaqt bilan soat 16:30 da qo‘ngan (Moskva vaqti bilan 23:30). 30 mart kuni ikki mamlakat prezidentlari Vladimir Putin hamda Donald Tramp telefon orqali gaplashgan va suhbat davomida Putin hamkasbiga insonparvarlik yordami taklif qilgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, Putin yordam taklif qilish asnosida AQSh tomoni ham kerak vaqtda yordam berishini inobatga olgan: «Rossiya tomoni og‘ir epidemiologik vaqtda AQShga yordam taklif qildi va janob Tramp insonparvarlik ko‘rinishidagi yordamni qabul qildi. Prezident AQShdagi tibbiyot vositalari tayyorlaydigan korxonalar yetarlicha mahsulot ishlab chiqara boshlasa, kerak vaqtda AQSh ham yordam berishi mumkinligini inobatga oldi», deydi Peskov OAV vakillari bilan uchrashuvda.

Ma'lumot uchun, AQShda virus yuqtirganlar soni 175 mingdan oshib ketdi, 3 415 kishi halok bo‘ldi. Rossiyada esa koronavirus yuqtirganlar soni 2 337 nafarga yetdi, 17 kishi virusdan vafot etdi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top