18:18 / 02.04.2020
12323

Samarqandda karantinda bo‘lgan 434 kishi uyiga kuzatildi

Samarqand shahridagi maxsus hududlarda ikki hafta davomida karantinda bo‘lgan 434 kishiga uyiga ketishga ruxsat berildi.

Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi Kun.uz’ga xabar berishicha, Samarqand tumanidagi «Do‘stlik» oromgohida 292 nafar, Samarqand shahridagi temiryo‘l kolleji yotoqxonasida esa 142 nafar kishi karantinda saqlanayotgandi. 

Bugun, 1 aprel kuni 14 kunlik karantindan so‘ng ularga uyga ketishga ruxsat berildi. Ularning barchasi Rossiyadan Samarqandga olib kelingan va karantinda bo‘lib turgandi.

Karantindan chiqqanlarning aksari boshqa viloyatdan bo‘lgani sabab ularni manzillariga yetkazish uchun Samarqand viloyat hokimligi tomonidan avtobuslar tashkil qilingan. Avtobuslar viloyat IIB YHX boshqarmasi avtomobillari hamrohligida harakatlanadi.

Viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasining xabar berishicha, 14 kun davomida karantinda bo‘lgan fuqarolardan bir necha marta analiz olingan va ularning hech birida koronavirus aniqlanmagan. Endilikda ularning barchasi ma'lum muddat oila shifokori va patronaj hamshiralar nazoratida tibbiy kuzatuvda bo‘ladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top