16:30 / 02.04.2020
23698
Toshkentda karantin qoidalarini buzayotganlarni aniqlash bo‘yicha maxsus reyd o‘tkazila boshlandi

Toshkent shahrining Bunyodkor shoxko‘chasida karantin qoidalarini buzgan avtomobillar va haydovchilarni aniqlash maqsadida maxsus reyd tashkil etildi. Kun.uz muxbiri ushbu reyd jarayonini bevosita kuzatdi. 

Shahar IIBB, Milliy gvardiya va SEOBB tomonidan tashkil etilgan qo‘shma amaliyotda, karantin munosabati bilan belgilangan taqiqlarga qaramay, yo‘lovchi tashiyotgan taksi avtomobillari, ruxsatnomasi bo‘lgan holda yo‘lovchilar bilan harakatlanayotgan avtomobillar yoxud ruxsat etilmagan shaxsiy avtomobillarida harakatlanayotgan avtomobillar aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. 

Bundan tashqari, ruxsatnomalarni qalbakilashtirgan haydovchilarni aniqlash choralari ham ko‘rilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy  markazlari va Toshkent shahrida 30 martdan maxsus ruxsatnomasiz shaxsiy avtomobillar harakati taqiqlandi. Bundan tashqari, stiker bo‘lgani holda kur'yerlik xizmatlari va yo‘nalishsiz taksi avtomobillariga faqatgina kur'yerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berilishi belgilandi. 

Shu bilan birga, Ma'muriy huquqbuzarlik kodeksining 54-moddasiga qo‘shimcha kiritilib, karantin qoidalarini buzganlarga nisbatan jarimalar miqdori tasdiqlandi. Unga ko‘ra, jismoniy shaxslarga – 4 mln 460 ming so‘mdan – 6 mln 690 ming so‘mgacha, yuridik shaxslarga – 6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha etib belgilangan. Bundan tashqari, ruxsatnomani qalbakilashtirgan haydovchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top