12:28 / 03.04.2020
7009
BMT koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha rezolyutsiya qabul qildi

BMT Bosh assambleyasi koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda global birdamlik va xalqaro hamkorlikni kuchaytirishga chaqiruvchi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Bu xalqaro tashkilotning pandemiya bo‘yicha birinchi qarori hisoblanadi.

Foto: AP Photo/Richard Drew

Rezolyutsiya matni Norvegiya, Shveytsariya, Singapur, Lixtenshteyn va Gana tomonidan tayyorlanib, 188 ta davlat unga hammuallif hisoblanadi.

Bosh assambleyada rezolyutsiya bo‘yicha ovoz berish pandemiya sababli yig‘ila olinmayotgani sababli yangi qoidalar bo‘yicha o‘tkazilgan. 

Oxirgi muddat tugagungacha hujjat bo‘yicha biror e'tiroz bo‘lmagani sababli u bir ovozdan qabul qilinib, kuchga kirgan.

Rezolyutsiyada koronavirusning jamiyatga vayronkor ta'siri, iqtisodiyotga jiddiy zarar yetkazayotgani, global safarlar va savdoga e'tibor qaratilgan.

Unda xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlash va BMTning pandemiyaga qarshi global javob berishda markaziy rol o‘ynashi, nochor davlatlarga va pandemiyadan eng ko‘p jabr ko‘rgan davlatlarga ko‘mak ko‘rsatish zarurligi ta'kidlab o‘tilgan. 

Bundan tashqari, koronavirusga qarshi kurashda tahqirlash va ksenofobiyaning har qanday turidan voz kechish va inson huquqlarini hurmat qilish lozmligi belgilab qo‘yilgan.

Hujjat, shuningdek, xalqaro hamjamiyatni koronavirusga qarshi kurashdagi ma'lumotlar, bilimlar va yutuqlar bilan bo‘lishishga chaqiradi.

Bu orada Rossiyaning pandemiya xavfi ortida barcha savdo urushlariga chek qo‘yishga hamda BMT Xavfsizlik kengashi ma'qullovisiz kiritilgan bir tomonlama sanksiyalardan voz kechishga chaqiruvchi rezolyutsiyasi loyihasi qo‘llab-quvvatlanmagan. Unga AQSh, Yevropa ittifoqi va Ukraina qarshi chiqqan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top