21:52 / 03.04.2020
97104
«Dorisi chiqsa xalqimga olib kelaman deyapti» - Prezident Alisher Usmonovga minnatdorchilik bildirdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev milliarder Alisher Usmonovning O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurashish uchun yordam ko‘rsatayotganini e'tirof etdi.

Prezident «Mehr-shafqat va salomatlik» fondiga tadbirkorlar va saxovatpesha insonlar tomonidan ezgulik yo‘lida katta miqdordagi mablag‘lar ixtiyoriy ravishda tushirib berilayotganini e'tirof etdi.

«Ko‘p vatandoshlar, homiylar yordam beryapti. O‘zbekiston farzandi Alisher Burhonovichga alohida rahmat aytmoqchiman. 20 million dollar o‘tkazib berdi.

Yangi O‘zbekistonga birinchi kundan boshlab juda katta madad berib, yelkadosh bo‘lmoqda. Shu kunlarda o‘zlariyam O‘zbekistonda. Qaysi davlatda koronavirusga qarshi yangi dori topilsa, o‘zim pulini to‘lab olib kelib beraman xalqim uchun, deb aytyapti. Xalqimiz nomidan minnadorchilik bildirmoqchiman», dedi Shavkat Mirziyoyev koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektorda.

Prezidentning ma'lum qilishicha, Navoiy viloyatidagi klasterlardan birining rahbari kuni kecha O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga 500 ming dollar naqd pul olib kelgan. 

«Bunday insonlarimiz juda ko‘p. Navoiylik vatandoshimiz Moskvada ekan, elchixonaga 500 ming dollar naqd pul olib kelibdi. Xalqimga deb. Mana qanday farzandlarimiz bor», dedi davlat rahbari.

Bundan avvalroq, kelib chiqishiga ko‘ra o‘zbekistonlik bo‘lgan rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov O‘zbekistonda koronavirusga qarshi kurash uchun 20 mln dollar ajratgani, bu mablag‘ Toshkent viloyatida qurilayotgan shifoxonalarni eng zamonaviy tibbiyot uskunalari bilan jihozlash uchun yo‘naltirilishi xabar qilingandi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top