09:39 / 03.04.2020
55719
Jamg‘armalar tugamoqda. Bunday vaziyatda kichik va o‘rta biznesga qanday yengilliklar berilishi kerak?

Oilalar, kichik tadbirkorlar dardlari haqida yana bir shingil.

Bugun ko‘pchilikning xayolini majhul qilgan fikrlar pandemiyaning o‘zi, uning keskin va keng tarqalishining oldini olishga qaratilgan, hukumat tomonidan zudlik bilan amalga oshirilayotgan qarorlar haqida emas, ko‘proq bu holatning har bir oilaga, iqtisodiyotga, mamlakat ravnaqiga qanday ta'sir bo‘lishi haqida.

Albatta, bu jiddiy savollarga javob berishdan avval kasallik tarqalishi oldini olishga qaratilgan amaliy choralar samarasi va kasal bo‘lganlarning tezda tuzalib ketishidan katta umid qilishimiz kerak. Zero, bu yutuqlarga 2–3 oy mobaynida erishmasak, hukumatimiz va xalqimiz oldida yanada kengroq va og‘irroq masalalar ko‘ndalang bo‘lishi muqarrar.

Oilalar haqida

Barcha uchun tushunarliki, har qanday inqiroz turli oilalarga ularning o‘rtacha daromadi, soni va «yaxshi kunlarga» deb jamg‘argan mablag‘lari hajmi, oila a'zolarining sog‘ligi va nihoyat, inoqligiga qarab o‘z ta'sirini o‘tkazadi.

Davlat statistika qo‘mitasi rasmiy saytidagi ma'lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda (boshqa yangiroq ko‘rsatkichlar berilmagan) aholi jon boshiga daromad 8 mln 580 ming so‘mni, yoki oyiga 715 ming so‘mni tashkil etdi. Agar o‘tgan yillardagi o‘sish tarzini 2019 yilga qo‘llab, 30 foizlik o‘sishni asos deb olsak, aholi jon boshiga daromad oyiga taxminan 930 ming so‘m bo‘lgan. Bu daromadlarning 71 foizigina birlamchi daromad, ya'ni bevosita ish faoliyati bilan bog‘liq, ya'ni maoshlar va ish haqi.

Jamg‘armalarga kelsak. Markaziy bankning 2019 yil 1 mart holatidagi hisobotiga ko‘ra, aholining banklardagi jamg‘armalarining umumiy hajmi 21,4 trln so‘mni yoki aholi jon boshiga (34 mln kishi hisobidan, chunki bundan avvalgi ko‘rsatkichlar ham ana shu alfozda berilyapti) 630,5 ming so‘mni tashkil etyapti.

Yuridik shaxslarning jamg‘armalari 69,3 trln so‘mni tashkil etgan. Agar biz 60 foiz YaIM kichik va o‘rta biznes (KO‘B) tomonidan yaratilishidan kelib chiqib, ana shu jamg‘armalarning 60 foizi KO‘Bga tegishli, deb taxmin qilsak va hozirgi inqirozda «xavfsizlik yostiqchasi» sifatida birinchi navbatda qaraladi desak, unda bu mablag‘larning aholi jon boshiga 1 mln 223 ming so‘mdan to‘g‘ri kelishini ko‘ramiz.

Demak, oila a'zolari sonidan va daromadlar notekis taqsimlanishidan abstraksiya qilingan holda aytishimiz mumkinki, har bir kishi boshiga 2 mln 783 ming so‘m oylik daromad potensial jihatdan mavjud. Albatta, qaysidir oilada bundan ko‘p, qaysisidadir bundan juda kam. Lekin mavjud statistika bilan boshqa amaliy raqamlarni chiqara olmadik.

Lekin bu mavhum daromad hajmi ham turli shartlarni taqozo qiladi:

a) barcha korxonalar ishlab, uzluksiz daromad keltirganda;

b) aholi banklardan yuqorida ko‘rsatilgan jamg‘armalarni muammosiz olishi mumkin bo‘lganda;

v) jamg‘armalarning 60 foizi rostdan ham kichik o‘rta biznesga tegishli va ular bu pullarni «yecha oladi».

Amalda esa unday emas. Bor kichik jamg‘armalar ko‘pchilik oilalar tomonidan mart oyida deyarli yeb bo‘lindi (men buni xodimlarim, ko‘pgina tanishlarim va qo‘shnilarim misolida bilaman, albatta). Aprel oyida nima bo‘ladi — bu katta jumboq.

Shu sabablarga ko‘ra, aholining harakatlanishiga o‘rnatilgan cheklovlar uzoq muddatga bo‘lishi mumkin emas.

Sir emas, tez ko‘rinishdagi urbanizatsiya tufayli, ko‘plab oilalar o‘z ro‘zg‘orini turli bozorlarda kichik-kichik savdo shoxobchalari orqali tebratayotgan edi. Boshqalari esa turli taksi xizmatlari bilan, kichik hajmda boshqa turdagi xizmat ko‘rsatish (sartarosh, farrosh, quruvchi, mardikorlik) orqali kun kechirayotgan edi. Ya'ni, ko‘pchilikning daromadi kundalik edi va jamg‘armalarga ko‘p ham imkoniyat bo‘lmagan.

Aynan shu oilalar bugungi kunda daromad manbayidan ajraldi va birmuncha og‘ir ahvolda qoldi.

Kichik va o‘rta biznes (KO‘B) vakillari haqida

Barchaga ma'lumki, 2019 yilgacha kichik va o‘rta biznes yagona daromad solig‘i to‘lagan va 2019 yildan barcha umumiy tartibdagi soliqlarni, ya'ni qo‘shilgan qiymat solig‘i va foyda solig‘ini, mol-mulk va yer soliqlarini to‘lay boshladilar (boshqa ijtimoiy soliqlar bilan bir qatorda). Natijada, ko‘pgina korxonalarning mahsuloti va xizmatlariga talab keskin kamaydi, chunki narx-navo keskin ko‘tarildi, talaygina KO‘B korxonalari yopildi, xufiyona iqtisodga o‘tdi, korxona egalari yakka tartibda ishlaydigan tadbirkorga aylandilar.

2019 yil oxirlariga kelib KO‘Bning qayta tiklanish alomatlari paydo bo‘ldi, chunki hukumat tomonidan katta-katta moliyaviy resurslar xalq xo‘jaligi rivojlanishini qo‘llash, keng miqyosda qurilish ishlarini olib borishga qaratildi. Bu, albatta, yaxshi natijalar berib, qurilish ortidan qurilish ashyolari ishlab chiqarish, uy jihozlari va santexnika sohalari rivojlana boshladi. Qurilish sohasidagi ishlar o‘ziga xos lokomotiv bo‘lib, boshqa sohalarni orqasidan tortdi.

Lekin qurilishda mavsumiylik bor. Noyabr-dekabr oylarida bajarilgan ish hajmlari yanvar va fevral oylarida to‘lovga taqdim etildi. Shu davrning o‘zida esa 2020 yilga belgilangan yangi investitsion loyihalar bo‘yicha butun mamlakat va sohalar bo‘yicha turli investitsion tenderlar o‘tkazildi.

Mart oyi o‘rtalaridan esa, koronavirus tufayli turli cheklanishlar amalga oshirildi. Albatta, boshlangan yerlarda qurilish deyarli to‘xtamadi. Lekin mavsumiy uzilish o‘z ishini qildi. Ko‘pgina qurilish tashkilotlari eski hajmlarni hali yopmay turib, yangi hajmlarga pul sarflashga majbur bo‘ldi. Bu kichik hajmda bo‘lgan va asosan viloyatlarda ishlaydigan qurilish korxonalariga katta ta'sir ko‘rsatdi.

Boz ustiga, o‘tgan yilning noyabr oyidan boshlab tijorat banklari o‘z mijozlariga kreditlar berishni amalda to‘xtatib qo‘ydi. Bugungi kunda tijorat banklarining kreditlari yillik 28 foiz foiz asosida berilayotgan edi. Bu ham yetmaganidek, Markaziy bank kredit olish uchun qo‘yiladigan garov sifati, uning narxini diskontlash va umumiy jarayonlarni shunchalik murakkablashtirib tashlaganki, natijada kredit olishdan ko‘ra mulkni sotib kun kechirgan afzalroq bo‘lib qolgan. Kredit olishga uringan minglab tadbirkorlar buni to‘la tasdiqlashi mumkin.

Xo‘sh, o‘z aylanma mablag‘larini mart oyida butunlay tugatib bo‘lgan, budjet oldida soliq qarzlari bo‘lgan, bojxona oldida va gaz, elektr ta'minoti korxonalari oldida qarzlari bo‘lgan KIB korxonalari hozirgi sharoitda qay ahvolga tushadi?

Bu muammolarni yaxshi tushunib turgan mamlakatimiz rahbariyati tomonidan 30 mart kuni «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonining mantiqiy davomi e'lon qilindi.

Natijada, yolg‘iz qariyalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va kam ta'minlangan oilalar ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oziq-ovqat, dori-darmon mahsulotlarini ko‘paytirish va narxlar oshishiga yo‘l qo‘ymaslik, tadbirkorlik sub'yektlarining aylanma mablag‘lari kamayib ketishining oldini olish, ularga qo‘shimcha soliq imtiyozlari taqdim etish kabi bir qator aniq choralarni kiritish masalalari hal etilgan, aniq ko‘rsatmalar mutasaddi tashkilotlarga berilgan.

Umid qilamizki, yangi ko‘zda tutilayotgan choralar orasida kichik o‘rta biznesga juda muhim bo‘lgan quyidagi masalalar o‘z aksini topadi:

1. KO‘B uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i va daromad solig‘i to‘lovlari bo‘yicha vaqtinchalik ta'til berish;

2. O‘zbekiston bojxona hududiga olib kelingan va aylanma mablag‘i bo‘lmagan korxonalarga bojxona to‘lovlarini kechroq to‘lash majburiyati asosida u mahsulotlarni oborotga chiqarishga ruxsat berish (bu o‘rinda gap faqatgina oziq-ovqat va dori-darmonlar haqida emas, barcha turdagi mahsulotlar haqida boryapti);

3. Xodimlarga ish haqlarini o‘z vaqtida berish va turli xomashyolarni sotib olish, ishlab chiqarishni qayta tashkil etish uchun aylanma mablag‘larni to‘ldirish toifasidagi maqsadli kreditlarni KO‘B uchun foizsiz berish;

4. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi ro‘yxatlari asosida kam ta'minlangan oilalarga, mehnatga layoqatsiz bo‘lgan va nochor oilalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri moddiy yordam ko‘rsatish.

Albatta, bunday qarorlar harakatlanishga doir cheklanishlar tugashi bilan bekor qilinishi lozim bo‘ladigan choralar ro‘yxatiga kiradi.

Bugungi kunda, hali kasallik tarqalishi butunlay to‘xtamagan, dastlabki cheklashlar endi-endi samara berayotgan bir sharoitda koronavirus bilan bog‘liq bo‘lgan holat iqtisodiyotimizga qanchalik ta'sir qilishi, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi qanday bo‘lishi, ichki va tashqi investitsiyalar hajmi dinamikasi kabi savollarga javob berib bo‘lmaydi. Eng muhimi — bu qiyinchilikdan katta talafotsiz chiqib olish, biznesni saqlab qolish, aholi turmush tarzining keskin yomonlashuviga yo‘l qo‘ymaslik.

Yuzaga kelgan sharoit iqtisodiyotimiz rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan investitsiyalarni xalqning birinchi darajali sog‘liqni saqlash uchun bo‘lgan ehtiyojlariga sarflashni taqozo etadi. Yalpi ichki mahsulot o‘sish sur'atlari bu yil 3–3,2 foizni tashkil etsa ham, buni katta g‘alaba deb hisoblash mumkin.

Lekin, aminmizki, xalqimiz bu sinovdan mag‘rur bosh ko‘tarib chiqadi va tez orada ichki investitsiyalar hisobiga iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirishga katta turtki beradi.

Mamlakatimiz tashqi investitsiyalarga ko‘p ham suyanavermagan. Aynan ichki investitsiyalar biz uchun muhim va hajmi jihatidan tashqi investitsiyalardan 10 barobar ziyoda bo‘lib kelgan.

Abdulla Abduqodirov

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top