18:39 / 03.04.2020
6343
Karantin davrida farzandning otasiga mehri sabab oila yarashdi

Aslida qonun bo‘yicha sud qarori ijrosi bolaning erk-irodasiga zid bo‘layotganligi yoki sudga oid psixatriya ekspertizasi tayinlash jarayoniga qarab ketishi ham mumkin edi

Foto: Pixabay

“Fuqarolik ishlari bo‘yicha Qo‘qon tumanlararo sudi tomonidan 05.12.2019 yilda 2015 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan M.Murodovani Uchko‘prik tumani, Toshkentliguzar mahallasida yashovchi javobgar otasi M.Mo‘minov tarbiyasidan da'vogar onasi M.Mo‘minova tarbiyasiga olib berish haqida qaror qabul qilgan.

Mazkur sud qarori ijroga qaratish uchun Majburiy ijro byurosi Uchko‘prik tuman bo‘limi tomonidan ish yurituviga olingan. 

2020 yil yanvar-fevral oylari davomida sud qarorini ijrosini ta'minlash maqsadida javobgar M.Mo‘minovning yashash xonadoniga tashrif buyurilib, qizi M.Murodovani onasiga olib berishga harakatlar bo‘ldi, biroq bu holat voyaga yetmagan farzandning ruhiyatiga qattiq ta'sir ko‘rsatib, onasiga qaytishni, emas balki otasi bilan birga qolishni istagan.

Sud qarori ijrosini ta'minlashda ma'naviy to‘sqinliklarga duch kelingan.

Shu sababli, Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi boshlig‘i Sh.Mamarizayev boshchiligida Toshkentliguzar mahallasida faollar ishtirokida maxsus komissiya tuzildi va unga imomlar ham taklif etildi. Javobgar M.Mo‘minov va da'vogar M.Mo‘minovalar hamda ularning yaqin qarindoshlari ishtirokida ijro hujjatining keyingi taqdiri ko‘rib chiqildi. 

Olib borilgan tushuntirish ishlari yakuni xayrli tamomlandi. Darz ketgan oila qayta tiklandi va voyaga yetmagan M.Murodova kelgusida o‘z ota-onasi bag‘rida ulg‘ayadigan bo‘ldi.

Aslida, qonun bo‘yicha Byuro xodimlari tomonidan sud qarori ijrosi voyaga yetmagan M.Murodovaning erk-irodasiga zid bo‘layotganligi yoki sudga oid psixatriya ekspertizasi tayinlash jarayoniga qarab ketishi ham mumkin edi. Biroq, oila – bu muqaddas dargoh, inson barkamol bo‘lib voyaga yetishi esa har bir insonning burchidir” – deyiladi MIB axborot xizmati ma'lumotida.

Top