19:00 / 03.04.2020
128262

Koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning epidemiologik marshruti bilan tanishish imkoniyati taqdim etildi

Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirus tashxisi qo‘yilgan bemorlarning epidemiologik marshruti bilan tanishish imkonini taqdim etdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi rahbari Furqat Sanayev telegramdagi kanalida xabar berdi.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

«Koronavirus infeksiyasi dunyoning deyarli barcha davlatlariga tahdid solib turgan bir paytda aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini samarali va to‘g‘ri tashkil qilish, fuqarolarni ishonchli va to‘laqonli ma'lumotlar manbasi bilan ta'minlash muhimdir.

Sog‘liqni saqlash vazirligi ochiqlik va shaffoflik tamoyiliga asoslanib, fuqarolarimizning har bir murojaati e'tibordan chetda qolmasligi, ularni ishonchli ma'lumotlar bilan ta'minlash yo‘lida astoydil harakat qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yurtimizda koronavirus infeksiyasi tarqalishi oldini olishda ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida obektiv va ishonchli ma'lumot bilan ta'minlash, aholini qiziqtirgan savollariga javob berib borish maqsadida vazirlik tomonidan 1003 qisqa raqamli Call-markazi ishga tushirilgan edi.  

Shuningdek, kechagina fuqarolarning savollariga tibbiy asoslangan javoblarni berishga qaratilgan «Yagona integrator UZINFOCOM» MChJ hamkorligida onlayn telegram bot ishga tushirilgani haqida xabar berdik. Bugun esa bemorlarning epidemiologik marshruti bilan tanishish imkoni yaratilgani to‘g‘risida aytmoqchimiz.

Covid-19 bilan kasallanganlar mamlakatimizning qaysi hududlaridan, ular ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasasida davolanishni boshlashlaridan avval qanday joylarda bo‘lishgan, ehtiyot choralarini ko‘rish uchun ular bilan muloqot ehtimolini qanday bilish mumkin?

Ushbu savollarga javob berish maqsadida vazirlikning Covid-19 bo‘yicha rasmiy saytida «Yagona integrator UZINFOCOM» MChJ hamkorligida yangi funksiya yaratildi. Ya'ni, birinchisi, saytda kasallik qaysi hududlarda tasdiqlanganini ifoda etuvchi xarita bilan tanishish mumkin.  

Ikkinchisi esa, ushbu xarita ostida «Koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemorlarning epidemiologik marshruti» tugmasini bossangiz, bemorlarning shifoxonaga kelishlaridan avval qayerlarda bo‘lganliklarini ko‘rishingiz mumkin bo‘ladi. Ushbu ma'lumotlarni olgach, ehtiyotkorlik yuzasidan bu hududlarga bormaslikka harakat qiling, o‘zingiz va yaqinlaringizni asrang! Shifokorlarga chin dildan yordam bermoqchi bo‘lsangiz, uyda qoling!», deyiladi xabarda. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi fuqarolardan ishonchli va to‘laqonli ma'lumot olish uchun 1003 qisqa raqamli Call-markaziga murojaat qilishlari hamda vazirlikning rasmiy sayti va telegram kanali, Covid-19 bo‘yicha rasmiy sayti, «coronavirusyordam» telegram bot kanalidan foydalanishni tavsiya etadi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top