13:22 / 03.04.2020
142813
O‘zbekistonda koronavirusdan davolashda qaysi preparatdan foydalanilayotgani ma'lum qilindi

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar organizmini tozalashda xloraxin preparatidan foydalanilmoqda va u yaxshi samara bermoqda. Bu haqida Bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekovga asoslanib, Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: Liu Dawei / Keystone Press Agency

Bugun, 3 aprel kuni o‘tkazilgan brifingda Nurmat Otabekovga Kubada tayyorlangan «Interferon alfa-2b» preparati virusli kasalliklarda foydali ekanligi va nega koronavirusga qarshi undan foydalanilmayotgani borasida savol berildi.

Bosh sanitariya inspektorining so‘zlariga ko‘ra, ushbu preparatning koronavirusga qarshi samara berishi isbotlanmagan va buni dunyoning ko‘pgina mutaxassislari ham tasdiqlashgan.

«O‘zbekistonda xloraxin preparati katta samara bilan ishlatilyapti. Bu preparat virusli kasalliklarni davolashda qo‘llanadi. Shu nuqtayi nazardan, meni nazarimda hozir O‘zbekiston tibbiyoti erishayotgan yutuqlar va qolaversa, 25 nafar bemorning tuzalayotgani foydalanayotgan preparatimiz samarali ekanini ko‘rsatadi», – dedi Nurmat Otabekov.

Ma'lumot uchun, «Interferon alfa-2b» antineoplastik preparat hisoblanadi. Ushbu preparatning butun dunyoda surunkali gepatit S, surunkali gepatit B, hujayrali leykemiya, Behchet kasalligi, surunkali miyelogen leykemiya, ko‘p miyeloma, follikulyar limfoma, karsinoid o‘simta, mastotsitoz va malign melanoma kasalliklarini davolashda samarasi tasdiqlangan.

Ammo uning koronavirus infeksiyasini davolashdagi samarasi aniqlanmagan.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top