21:41 / 03.04.2020
8563

Viloyatlar markazlarida ham xayriya markazlari tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Aytib o‘tilganidek, pandemiya oqibatlari og‘ir ta'sir qiladigan ushbu korxonalar bilan alohida ishlash zarur. Moliyaviy qiyinchilikka duch kelgan korxonalar rahbarlari imtiyoz olish uchun bank va soliq idoralarida sarson bo‘lib yurmasligi kerak.

Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasidan ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obektlari qurilishiga qo‘shimcha 3,6 trillion so‘m ajratildi. Bu mablag‘lar, eng avvalo, ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Xususan, 152ta loyihaning muammolari hal qilinsa, 10 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi.

Videoselektor yig‘ilishida eksport masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Yuklarni temir yo‘l orqali konteynerda tashish, stansiyalarda refrijyerator seksiyalarini ko‘paytirish zarurligi qayd etildi. Mutasaddilarga meva-sabzavotlar, to‘qimachilik va elektrotexnika mahsulotlari, qurilish materiallari eksporti bo‘yicha har bir korxona muammosini tezkor hal qilib borish yuzasidan topshiriqlar berildi.

Aholini zarur iste'mol tovarlari, oziq-ovqat, dori va gigiyena mahsulotlari bilan ta'minlash masalasiga alohida e'tibor qaratildi. Yurtimizdagi 358ta dehqon bozori va ulardagi «Elga xizmat» korxonasini jalb etib, mahallalarda soddalashtirilgan ko‘chma savdoni yo‘lga qo‘yish choralari belgilandi.

Qolaversa, aholi ixtiyorida 4,5 millionta tomorqa xo‘jaligi bor. Shu kunlarda ulardan ham mahsulot olina boshlaydi. Bu odamlarga qo‘shimcha daromad, xalqimizga rizq-ro‘z manbai. Shu bois tomorqadan mahsulotlarni sotib oluvchilarga karantinga amal qilgan holda erkin harakatlanishi uchun sharoit yaratish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Ma'lumki, karantinning ilk kunlaridanoq xalqimiz jipslashib, saxovatpesha insonlar yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalarga yordam qo‘lini cho‘zib kelmoqda. Ushbu sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish va xavfsizlik qoidalarini ta'minlagan holda amalga oshirish maqsadida xayr-ehsonlar Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz»da jamlanmoqda hamda koll-sentrga kelib tushgan murojaatlar asosida mahalla vakillari va ko‘ngillilar guruhlari tomonidan ehtiyojmand oilalarga tarqatilmoqda. Buning uchun 20ta «Damas» avtomashinasi ajratilib, barcha himoya vositalari bilan ta'minlangan.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligiga shunday tartibni viloyat markazlarida ham tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Savdo-sanoat palatasi, «Hunarmand» uyushmasiga tijorat banklari bilan birgalikda bu yil hunarmandchilik loyihalari uchun ajratilgan 50 million dollar kredit mablag‘larining egalariga to‘liq yetib borishini ta'minlash vazifasi qo‘yildi.

Yig‘ilishda davlat budjeti tushumlar prognozining bajarilishiga oid masalalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Joriy yilning birinchi choragida budjetga 24 trillion so‘m soliq va 4,8 trillion so‘m bojxona tushumlari yig‘ilib, barcha hududlarda daromadlar prognozi to‘liq bajarilgan.

Masalan, ikkinchi chorakda tabiiy gaz sotish hajmi kamayishi, misning jahon bozoridagi narxi pasayishi kabi omillar hisobiga budjetga soliq tushumi birinchi chorakka nisbatan 1,4 trillion so‘mga kamayishi hisob-qitob qilinmoqda. Bunday holat bojxona tushumlarida ham kuzatiladi.

Bu vaziyat moliya, soliq, bojxona va boshqa iqtisodiy kompleks idoralaridan yuqori darajada safarbarlikni talab etadi. Shu bois mutasaddi rahbarlar korxona va tadbirkorlarning muntazam ishlashiga ko‘maklashib, tushumlarni ko‘paytirish choralarini ko‘rishi muhimligi ta'kidlandi.

Videoselektor orqali har bir mutasaddi vazirlik, idora, tashkilot rahbarlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi, viloyatlar hokimlarining kun tartibida belgilangan masalalar yuzasidan hisobotlari eshitildi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top