15:43 / 04.04.2020
86573
COVID-19 sharoitida mehnat munosabatlari: xodim va ish beruvchilarga eslatma

Adliya vazirligi va «CENTIL» yuridik firmasi o‘zaro hamkorlikda COVID-19 koronavirusi pandemiyasi munosabati bilan mehnat munosabatlariga oid eslatmani tayyorladi.

Foto: AFP

1. Ish beruvchi karantin va masofadan ishlash paytida ish haqi va nafaqa to‘lashi kerakmi?

Ha, kerak. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 285-moddasiga binoan, karantin davrida ish beruvchi vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasini to‘lashi kerak.

Masofadan ishlashda esa, (agar ish hajmi oldingidek qolsa) to‘liq ish haqini to‘lashi lozim. Agar ish hajmi kamaysa, u holda xodim masofadan ishlashga o‘tkazilishidan oldin belgilangan tarif stavkasidan kelib chiqib, xodimning ish haqi soatbay ish haqi miqdoriga muvofiq to‘lanadi.

Xodimlar uchun karantin tufayli vaqtincha mehnatga layoqatsizlik nafaqasi xodimning davlat ijtimoiy sug‘urta badallarini to‘lash muddatiga (umumiy ish stajiga), qaramog‘idagi bolalar soniga va boshqa holatlarga qarab ish haqining 60-100 foizi miqdorida to‘lanadi.

Vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha nafaqalarning eng kam miqdori qonunda belgilangan eng kam ish haqining 35,2 foizidan kam bo‘lmasligi kerak va nafaqa hisoblanadigan ish haqidan ortib ketmasligi lozim.

Shu o‘rinda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19 martdagi PF-5969-son «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmonining 16-bandiga binoan, koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi.

2. Agar xodim karantin paytida ishga borishda davom etayotgan bo‘lsa, u oshirilgan oylik maoshga olishi mumkinmi?

Hammasi ish sohasiga bog‘liq. Tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo‘shimcha to‘lovlar joriy etilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26 martdagi PQ-4652-sonli «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo‘llab-quvvatlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaroriga binoan, koronavirus infeksiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan obektlarda hamda koronavirus infeksiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri (shu jumladan, mart oyi) uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovi (maxsus to‘lov) belgilangan: vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga – 25 million so‘m; o‘rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga – 15 million so‘m; kichik tibbiyot xodimlariga – 10 million so‘m; boshqa xodimlarga – 5 million so‘m (ro‘yxat Inqirozga qarshi kurashish komissiyasi tomonidan tasdiqlanadi).

Shuningdek, koronavirus infeksiyasini yuqtirgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarning sog‘lig‘iga shikast yetkazilgani uchun – 100 million so‘m yoki ularning og‘ir ahvolga tushishi va sog‘lig‘i tiklanmagani munosabati bilan bir yo‘la beriladigan – 250 million so‘m miqdoridagi qo‘shimcha to‘lovlar joriy etildi.

Shu bilan birga, ushbu to‘lovlar qonun hujjatlari, shuningdek, jamoa shartnomalari va boshqa lokal hujjatlar hamda mehnat shartnomasiga muvofiq xodimning sog‘lig‘iga shikast yetkazilgani yoki boshqa oqibatlar yuzaga kelishi munosabati bilan to‘lanadigan to‘lovlarni saqlab qolgan holda qo‘shimcha ravishda amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 153-moddasining ikkinchi qismiga binoan, mehnat haqi shakli va tizimlari, mukofotlar, qo‘shimcha to‘lovlar, ustamalar, rag‘batlantirish tarzidagi to‘lovlar jamoa shartnomalarida, shuningdek ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib qabul qilinadigan boshqa lokal hujjatlarda belgilanadi.

3. Xodimning roziligisiz ish haqi saqlanmagan holda ta'til berilishi mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 150-moddasining birinchi qismiga binoan, xodimning arizasiga ko‘ra unga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berilishi mumkin, uning davomiyligi xodim va ish beruvchi o‘rtasidagi kelishuvga ko‘ra belgilanadi, lekin u o‘n ikki oylik davr mobaynida jami uch oydan ortiq bo‘lmasligi kerak.

Shu bois, xodimning roziligi majburiy talab bo‘lib, xodimning roziligisiz ish beruvchi unga bunday ta'til berishi mumkin emas.

Shuningdek, respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 2020 yil 23 martdan boshlab Toshkent shahridagi barcha tashkilotlar, mulkchilik shaklidan qat'i nazar va ularning faoliyatiga zarar yetkazmagan holda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarga ta'til berilishini ta'minlash choralarini ko‘rishlari kerakligi belgilangan.

4. Ish beruvchi karantin paytida xodimlarga to‘liqsiz ish vaqti belgilashi mumkinmi?

Ha, mumkin, lekin faqat xodimning roziligi bilan. Karantin tadbirlari davrida ish beruvchilar xodimlarni, ayniqsa homilador ayollarni, keksalarni, nogironlarni va surunkali kasalliklarga chalingan shahslarni o‘z roziligi bilan ishning masofaviy usuliga, moslashuvchan ish grafigiga yoki uyda ishlashga o‘tkazishlari mumkin. Shuningdek, ish beruvchi xodimning ushbu rejimda ishlashi kerak bo‘lgan davrni belgilashi kerak.

To‘liqsiz ish vaqti yillik ta'tilning davomiyligi, ish staji va boshqa mehnat huquqlari bo‘yicha cheklovlarni keltirib chiqarmaydi va ishlagan vaqtiga yoki ish natijasiga qarab to‘lanadi.

5. Ish beruvchi masofaviy ish tartibiga o‘tganlar uchun ish haqini kamaytirishi mumkinmi?

Yo‘q, agar xodimning ish hajmi o‘zgarmasa ish haqi kamaytirilmaydi.

Ish haqi ish joyiga bog‘liq emas, aslida u amalda ishlagan vaqt yoki bajarilgan ish uchun to‘lanadi.

6. Masofadan ishlay olmaydigan xodimlar bilan nima bo‘ladi?

Yuzaga kelgan vaziyatni inobatga olgan holda ish beruvchi ish to‘xtab qolgani munosabati bilan xodimni mehnat ta'tiliga yoki vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish lozim. Ish beruvchi faqat xodimning roziligi bilan unga ish haqi saqlanmaydigan ta'til berishi mumkin.

Shu bilan birga, xodim sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan ishga o‘tkazilishi mumkin emas.

Vaqtinchalik boshqa ishga o‘tkazilgan davrda xodimga bajarilgan ishlar uchun ish haqi to‘lanadi, lekin uning miqdori avvalgi o‘rtacha ish haqidan kam bo‘lmasligi kerak.

Boshqa ishga o‘tkazish muddati, aniq ish haqi, shuningdek ishlab chiqarish zarurati holatlari jamoa shartnomasida belgilanadi, agar u tuzilmagan bo‘lsa - ular ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

7. Ish beruvchi karantin paytida xodimni ishdan bo‘shatishi mumkinmi?

Katta ehtimol bilan bo‘shata olmaydi. Agar mehnat shartnomasi cheklanmagan muddatga tuzilgan bo‘lsa, ish beruvchi xodimning roziligisiz u bilan mehnat shartnomasini bekor qilishi mumkin emas.

Mehnat shartnomasi istalgan vaqtda faqat tomonlarning kelishuviga binoan bekor qilinishi mumkin.

Ammo, agar mehnat shartnomasi muayyan muddatga tuzilgan bo‘lsa (ya'ni muddatli mehnat shartnomasi) va shu muddat karantin davriga to‘g‘ri kelsa, bu holatda ish beruvchi karantin davrida mehnat munosabatlarini bekor qilishga haqlidir.

Ta'kidlash joizki, xodimning vaqtincha mehnatga layoqatsizlik davrida, xodim ta'tilda bo‘lganda va xodim koronavirus infeksiyasini yuqtirgan yoki karantinda bo‘lgan bolaning, shuningdek 14 yoshga to‘lmagan bolaning ota-onasi (ular o‘rnini bosuvchi shaxs, vasiy, homiy) bilan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi.

8. Xodimning jismoniy ishtirokisiz masofadan turib ishga qabul qilish mumkinmi?

Ha, mumkin. Mehnat qonunchiligada masofaviy ishga yollashga doir alohida talablar va cheklovlar ko‘zda tutilmagan. Shu bilan birga, xodim ishga qabul qilish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni taqdim etishi kerak.

9. Men kasbim bo‘yicha shifokorman, lekin hozir ishlamayman. Davlat meni majburiy ishlashga chaqirishi mumkinmi?

Yo‘q, mumkin emas. Muayyan ish beruvchi bilan mehnat munosabatlari bo‘lmagani sababli buning imkoni yo‘q. Majburiy mehnat, ya'ni biron bir jazo (shu jumladan, mehnat intizomini saqlash maqsadida) qo‘llash bilan tahdid qilish orqali ishlarni bajarishga majburlash taqiqlanadi.

Shifokorlar harbiy xizmatga majbur fuqaro sifatida faqat muayyan holatlarda, masalan, mamlakatda harbiy holat e'lon qilinishi tufayli, ishga chaqirilishi mumkin.

10. Karantin e'lon qilingani uchun safarga yuborilgan xodimlar uchun biron bir kafolatlar bormi?

Ha, bor. O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 165- va 167-moddalariga ko‘ra, xodim davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotgan vaqtida ish beruvchi uni ish joyini (lavozimini) saqlagan holda ishdan ozod qilishi shart. Ana shu vazifalarni bajarish vaqtida xodimning o‘rtacha ish haqi saqlanadi. Kafolatlangan to‘lovlarni berish tartibi jamoa shartnomasi tomonidan belgilanadi, lekin bu miqdor xodimning o‘rtacha ish haqidan past bo‘lishi mumkin emas.

Davlat yoki jamoat vazifalarini bajarayotganda xodimlarning o‘rtacha daromadlarini saqlash, shuningdek jamiyat manfaatlari yo‘lida harakatlarni bajarish bilan bog‘liq xarajatlar, jumladan budjetdan ta'minlanadigan muassasa va tashkilotlarda budjetdan qoplanadi.

11. Agar xodim o‘zining xaq to‘lanadigan mexnat ta'tilidan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa yoki tasdiqlangan ta'tillar jadvalidan tashqari uni olishni istamasa-chi?

Bu holda, ish beruvchi, xodimning roziligi bilan, uni vaqtinchalik masofaviy ish tartibiga, moslashuvchan ish vaqti yoki uyda ishlash tartibiga o‘tkazishi yoki ish haqi saqlanmagan holda ta'til berishi mumkin.

Ish beruvchi ish vaqti o‘zgarishi munosabati bilan qo‘shimcha shartnoma tuzishi lozim.

Bundan tashqari, ish beruvchi, xodimning arizasi olingan kuni yangi rejimning boshlanish va tugash sanalarini ko‘rsatib, ish rejimini o‘zgartirish to‘g‘risida buyruq chiqarishi kerak.

12. Xodim xorijiy ta'tildan qaytib, uyda o‘zini izolyatsiya qilishda/karantinda qoldi. U masofadan turib ishlashdan ham bosh tortyapti. Ish beruvchi uni ishdan bo‘shatishi mumkinmi?

Yo‘q, ishdan bo‘shata olmaydi. Chunki karantin tartibining buzilishi og‘ir oqibatlarga olib kelgan taqdirda xodim ham, ish beruvchi ham O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257-moddasi «Sanitariya qonunchiligini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish»ga asosan javobgarlikka tortilishi mumkin.

Xodimni majburiy ishlashga jalb qilish ham mumkin emas. Bu holda, ish beruvchi o‘zini izolyatsiya qilish bilan bog‘liq vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik to‘g‘risida varaqasini rasmiylashtirishi lozim.

Karantin vaqtidagi vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasi odatdagisi bilan bir xil.

13. Maktablar va bolalar bog‘chalari karantin uchun yopildi va bolalarga uyda qaraydigan hech kim yo‘q. Xodim ishga bormasligi mumkinmi?

Ha, mumkin. Nizomga asosan karantin davrida bolalar bog‘chalari va maktablar faoliyatini to‘xtatib turish davrida maktablarning 1-4-sinf o‘quvchilari va bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ota-onalariga (ularning o‘rnini bosuvchi shaxslarga, vasiylariga) mehnat ta'tili beriladi.

Shu bilan birga, ta'til, ta'til jadvalidan qat'i nazar, xodimning iltimosiga binoan beriladi (birinchi yil uchun 6 oy davomida ishlash shart emas).

Bunday holda, xodim yashash joyidagi poliklinikaga borib, karantin davrida bolani parvarish qilish uchun vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik varaqasini (kasallik varaqasini) ochishi kerak. Ushbu vaqtinchalik ishga layoqatsizlik varaqasiga muvofiq, xodim 14 kun davomida ish haqi to‘langan holda bola tarbiyasi uchun ta'tilga chiqishga haqli.

Nizomga asosan agar xodim karantin davrida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim muassasalarning faoliyati to‘xtatilishidan oldin mehnat ta'tilini olgan bo‘lsa yoki karantin davrida mehnat ta'tilini olishni xohlamasa ish beruvchi xodimning xohishiga ko‘ra, quyidagilarni amalga oshirishi mumkin:

• xodimni masofaviy ish usuli, moslashuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazishi;

• xodimga ish haqi saqlanmagan holda ta'til berishi.

Ta'lim muassasalarida karantinning davom etishi sababli ta'til tugagan kuni ishga borishning iloji bo‘lmasa, xodim ish beruvchiga quyidagi arizani yuboradi:

• ish haqi saqlanmagan holda ta'til olish to‘g‘risida - ta'tilning sanasa va boshlanishi ko‘rsatilgan holda;

• masofaviy ish usuli, moslanuvchan ish grafigi yoki uyda ishlashga vaqtincha o‘tkazishi to‘g‘risida.

14. Fuqarolik - huquqiy shartnoma nima (FHSh)?

Ushbu shartnomaga ko‘ra, tomonlarning barcha majburiyatlari ijrochi buyurtmachiga muayyan xizmatni taqdim etishi yoki fuqarolik qonunchiligiga muvofiq muayyan ishlarni bajarishi uchun yo‘naltiriladi. Bunday holda buyurtmachiga ijrochi oldida Mehnat kodeksida nazarda tutilgan hech qanday majburiyat yuklatilmaydi, xususan, kasallik va ta'tillar uchun haq to‘lamaydi, mehnat shartnomasi bekor qilingan taqdirda muammolarni hal qilmaydi va boshqalar. FHSh tuzishda ishga qabul qilish haqida ariza, buyruqni ro‘yxatdan o‘tkazish yoki mehnat daftarchasiga yozuv kiritilishi talab qilinmaydi.

Shartnoma quyidagi shartlarni o‘z ichiga olishi kerak:

• ijrochiga qo‘yiladigan aniq talablar;

• ko‘rsatilgan xizmatlar uchun buyurtmachi ijrochiga to‘lashi lozim bo‘lgan pul miqdori;

• bajarilgan ishlarni qabul qilish va berish shartlari;

• tomonlarning shartnoma majburiyatlarini bajarish muddatlari;

• shartnomani muddatidan oldin bekor qilish shartlari va oqibatlari.

Shuni ta'kidlash lozimki, FHShni imzolashda mehnat shartnomasi belgilarining yo‘qligini nazorat qilish kerak. Chunki yuqorida ko‘rsatilgan o‘ziga xos xususiyatlariga ega bo‘lgan xizmat ko‘rsatish shartnomasini mehnat shartnomasi sifatida tan olish ehtimoli mavjud.

Karantin sharoitida mehnat munosabatlarini tartibga solishga ta'sir etuvchi me'yoriy hujjatlar ro‘yxati:

• O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 19-martdagi 5969-son «Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni.

• O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 23-martdagi 176-sonli «Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Qarori.

• Karantinga oid choralar amal qilishi davrida maktabgacha ta'lim tashkilotlari va umumta'lim muassasalarining faoliyati to‘xtatilganda maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari va umumta'lim muassasalari boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining ota-onalariga yillik mehnat ta'tili berishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi Nizom (2020 yil 28 martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3227).

• Karantinga oid choralar amal qilishi davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o‘tkazishning vaqtinchalik tartibi to‘g‘risidagi Nizom (2020 yil 28 martda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3228).

Ushbu eslatma COVID-19 inqirozi tufayli keyingi harakatlar haqida umumiy tushuncha berish maqsadida tayyorlangan. Ushbu material huquqiy konsalting mahsuloti sifatida talqin qilinmasligi kerak. Har bir aniq xolat mutaxassislarni jalb qilgan holda alohida o‘rganib chiqilishi kerak.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top