22:40 / 04.04.2020
22993

Dang‘ara tumaniga yangi hokim tayinlandi

Yozyovon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Shuhratjon Tojihakimov Dang‘ara tumani rahbarligiga tayinlandi.

Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi

4 aprel kuni xalq deputatlari Dang‘ara tuman kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Unda tashkiliy masala ko‘rildi.

Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berishicha, viloyat hokimi Shuhrat G‘aniyevning qaroriga ko‘ra Shuhratjon Nurmuhammadovich Tojihakimov Dang‘ara tumani hokimi etib tayinlandi. 

Shuhratjon Tojihakimov bunga qadar Yozyovon tumani hokimining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 

Dang‘ara tumanining avvalgi rahbari Saidmurod Aminjonov shu yilning fevralida viloyat hokimi o‘rinbosari – mahalla va oilani qo‘llab- quvvatlash viloyat boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlangandi. O‘tgan vaqt mobaynida O‘zbekiston tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Anvar Abdullayev Dang‘ara tumani hokim vazifasini bajarib kelayotgandi.

Bundan avvalroq Farg‘ona viloyatida ikki shahar hokimi o‘zgargan, Quvasoy shahri hokimi Adhamjon Ziyovuddinov Marg‘ilon shahriga, viloyat uy-joy va kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritgan Ravshan Rahimjonov Quvasoy shahriga rahbar etib tayinlangandi.

Mavzuga oid
Top