16:18 / 04.04.2020
118813
Din Kunts koronavirus pandemiyasini bashorat qilganmidi?

Amerikalik yozuvchi Din Kunts 1981 yilda «Zulmat ko‘zlari»  (The Eyes of Darkness) nomli asarini e'lon qilgan. Asarda tasvirlanadigan ajal virusining ayrim jihatlari hozirgi koronavirus fojialarida aks-sado bermoqda. Ammo u pandemiyani bashorat qilganmidi?

Din Kunts / Foto: David Livingston/Getty Images

Koronavirus rasman global pandemiya sifatida tan olindi, lekin odamlar o‘z tashvish-xavotirlarini turli film, kitoblar va voqealar bilan «to‘yintirmoqdalar» , deya voqealarni tahlil qiladi CNN.

Jurnalist Harmit Kaurning qayd etishicha, ayrim asarlardagi afsonaviy tasvirlarning hozirgi voqealarga o‘xshashligi internet foydalanuvchilar tomonidan «koronavirus tarqalishi yozuvchilar tomonidan bashorat qilingan»,   deya o‘ylashga sabab bo‘lmoqda.

Bu kabilarning yorqin misoli «Zulmat ko‘zlari» asaridir. Twitterʼda ko‘pchilik foydalanuvchilar kitobning ayrim sahifalari «skrinshot» lariga tayanib, muallif koronavirusni 1981 yilda tasvirlagan, deyishmoqda.

Royters nashri shu «skrinshot» larning kamida 29 ming marta ulashilganini yozmoqda.

Biroq asar — shunchaki fantastika.

«Zulmat ko‘zlari»  asaridagi virus odamlar tomonidan yaratilan qurol sifatida tasvirlanadi.

Hikoyaning «skrinshot»  qilingan betida Dombey ismli obraz xitoylik olimning «Uhan — 400»  nomli biologik qurolni AQShga olib kelgani hikoya qiladi.

«Xitoylik olim Li Chen AQShga Xitoyning eng yangi va muhim biologik qurolini olib kirish orqali o‘n yillikda AQShni yengdi. Bu modda «Uhan — 400»  deb nomlanadi, negaki uning ustida olib borilgan izlanishlar Uhan shahrining shundoq tashqarisidagi RDNA laboratoriyasida olib boriladi. Virus bitta odamdan 400ga yaqin odamgacha yuqishi mumkin» , — deydi Dombey asarda.

Biroq e'tibor berish kerak bo‘lgan muhim nuqta – bu asarning birinchi chop etilishida «Uhan — 400»  deb nomlangan biologik qurol Rossiya hududini nazarda tutgan holda «Gorki — 400»  nomi bilan atalgan edi. Asar 1989 yil ikkinchi marta chop etilganda uning nomi «Uhan — 400»  tarzida o‘zgartiriladi, deb yozmoqda South China morning post.

Koronavirusning Uhanda birinchi tarqalgani rost, biroq uning qanaqadir maxfiy reja asosida qilingan biologik qurol ekanligi haqidagi uydirmalar tasdiqlanmagan akkauntlar orqali tarqatilgan, xolos.

Qolaversa, koronavirusning biologik qurol bo‘lishi mumkinligi ham g‘arb, ham Xitoy olimlari tomonidan rad etildi.

Ekspertlar hanuz virusning aniq kelib chiqish manbalarini aniqlash ustida izlanishmoqda. Biroq koronavirus ko‘rshapalaklar bilan bog‘liq va u odamlarga yuqquncha mana shu vositachi mezbonlarida yashagan, degan taxmin bor, xolos. Bu xuddi 2003 yilda tarqalgan SARS epidemiyasiga o‘xshaydi.

Kitobda esa virus 100 foizlik qirg‘in quroli sanalgan.

Oxirgi bo‘limda Dombey virus bilan zararlangan biror odam tirik qolmaganini aytadi:

«Uhan – 400» ning boshqa biologik qurollarga qaraganda ustun taraflari ko‘p. Masalan, agar siz virus yuqtirgan odam bilan kontaktda bo‘lsangiz, atigi to‘rt soatdan so‘ng, siz ham uning tashuvchisiga aylanasiz. Bu juda qisqa muddat. Virusni yuqtirganlar uzog‘i bilan 24 soatda o‘ladi, ko‘pchilikda bu 12 soatda sodir bo‘lmoqda. «Uhan — 400» ning o‘ldirish tezligi — 100 foiz» .

Bularning birortasi koronavirusga tegishli emas.

Birinchidan, so‘nggi izlanishlarga ko‘ra, koronavirus infeksiyasini yuqtirganlarda uning simptomlari 5 kundan, ko‘pi bilan 14 kungacha, yashirin davrni boshdan kechiradi.

Ikkinchidan, koronavirusning qirg‘in keltirishi hech qachon 100 foiz ko‘rsatkichga yetmaydi. Koronavirus o‘limlarga sabab bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, biroq bu, asosan, kuchsiz immun tizimiga ega yoki yoshi katta odamlarni o‘z ichiga olmoqda.

Rasmiylar o‘zlarida bor ma'lumotlarga tayanib koronavirusning o‘lim ko‘rsatkichini 3-4 foiz atrofida baholashmoqda va bu raqamning nolga tushishiga ham umid qilishmoqda.

Va shuning uchun ham Kuns, ehtimol, ko‘pchilik diqqatini torta oladigan yozuvchi bo‘lishi mumkin, biroq u kelajakni bashorat qilish qobiliyatiga ega emas, deb xulosa qilsa bo‘ladi.

Ma'lumot uchun, Din Ray Kuns 1945 yilda tug‘ilgan amerikalik yozuvchi. Uning asarlari fantastika, satira, qo‘rquv kabi elementlarni o‘z ichiga oladi va ko‘p asarlari New York Times bessellerlari ro‘yxatiga kiritilgan.

Din Kuntsning asarlari shu paytgacha 450 million nusxadan ko‘proq sotilgan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top