00:19 / 04.04.2020
53478

«Iloji boricha o‘lim bo‘lmasligi kerak» - Prezident murojaatida koronavirusga qarshi barcha choralar ko‘rilishini ma'lum qildi

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev 3 aprel kuni koronavirus pandemiyasi keltirib chiqargan inqirozga qarshi kurashish sharoitida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi oldini olish borasida olib borilayotgan ishlarga yana bir bor to‘xtaldi.

«Ommaviy axborot vositalari orqali har kuni dunyoda nimalar bo‘layotgani va O‘zbekistonda qanday choralar ko‘rilayotganini bilib turibsizlar. Shunga qaramasdan men yana bir marta xalqimizga murojaat qilmoqchiman. Chunki vaziyatni qo‘ldan boy bersak, jilovlamasak, qattiqqo‘l bo‘lmasak, vaziyat keskinlashib boraveradi. 

Bugungi kunda butun dunyo, insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda, hammamiz bunga guvoh bo‘lib turibmiz. Mamlakatimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha chora-tadbirlar ko‘rilyapti. Maxsus komissiyamiz 24 soatlik ish rejimiga o‘tgan.

Mana shunday og‘ir paytda dunyoqarashimizni o‘zgartirib, avvalambor o‘zimiz namuna bo‘lishimiz kerak. Vaziyat bundan ham murakkablashishi mumkin. Mana shunga tayyorgarlik qilishimiz kerak. Hammamiz.

Dunyoni ko‘ryapsizlar, salgina jilov qo‘yib yuborilgan joylarda qanday oqibatlar bo‘lmoqda. Misli ko‘rilmagan oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Mening ko‘chamda, mening mahallamda, mening tumanimda, bizning viloyatimizda yo‘q deydiganlar xato qiladi. Buni uchinchi marta qaytaryapman.

Yurtimizga chetdan kirib kelgan koronavirus kasalligiga chalinganlar soni 221taga yetdi. Ming afsuski, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan, bemorlardan 2 nafari vafot etdi. Ularning oila a'zolari va yaqinlariga o‘z nomimdan, butun xalqimiz nomidan chuqur ta'ziya bildirib, sabr-toqat va bardamlik tilayman.

Albatta yo‘qotish oson emas. Biz hamma choralarni ko‘ryapmiz. Bugun boshqa choralar ham ko‘rdik. Koreyadan mutaxassislar keldi. Erta-indin Xitoydan mutaxassislar kelyapti. Germaniyadan, Rossiyadan eng zo‘r mutaxassislarni olib kelamiz. Nega desangiz, iloji boricha o‘lim bo‘lmasligi kerak. Dunyoda qaysi davlatda qanday dori vositalari, qanday mutaxassislar borligini inobatga olib, barcha choralarni ko‘rish kerak.

Nega xalqimizga bu gaplarni aytyapman? Kechqurun Chirchiqdan og‘ir ahvoldagi bemorni olib kelishdi. Bilasizlarmi, besh-olti kun juda yuqori harorat bilan uyida yotgan.

Holbuki oynayi jahonda 24 soat davomida odamlarimizga ogoh bo‘laylik, madaniyatli bo‘laylik, o‘zimizga, bola-chaqamizga e'tiborli bo‘laylik deyapmiz. Yo‘q. Besh-olti kun yotgan, oilasi bor, farzandi bor, nabirasi bor, uyida yotgan. Doktor chaqirsa bo‘lmaydimi?

Shuning uchun, aziz hamyurtlarim. Yana bir marta sizlarga katta iltimos bilan murojaat qilmoqchiman. O‘zlaringni saqlanglar, o‘zlaringga e'tibor beringlar. Farzandlaringni, qo‘shnilaringni, oilalaringni, ota-onalaringni o‘ylanglar. Agar o‘zlaringga e'tibor bermasalaring, ogoh bo‘lib, tibbiyot xodimlarining aytganlarini qilmasalaring, qattiqqo‘llik, intizom, tartib bo‘lmasa, bu kasallikni osonlik bilan yenga olmaymiz.

Bugungi kunda mamlakatimizda 100 ming kishi karantinga olingan. Shuningdek, chet eldan salkam 13 ming fuqaro olib kelinib, ular ham to‘la karantinga olindi. Toshkent viloyatida 10 ming kishini qabul qilishga mo‘ljallangan karantin zonasi barpo etilmoqda. Uning dastlabki bir qismiga xorijdan kelgan 2 ming 200 dan ortiq fuqarolarimiz joylashtirildi.

Zangiota tumanida 10 ming o‘rinli 2 ta virusologiya shifoxonasi qurilmoqda. Yaqin kunlarda ushbu shifo maskanlaridagi 2 mingta o‘rin ishga tushiriladi. Hozirgi kungacha 245 mingta test, 700 mingga yaqin himoya vositalari olib kelinib, davolash muassasalariga yetkazildi. Bu ishlar yana davom ettirilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, amalga oshirilayotgan tizimli chora-tadbirlarimiz, albatta, o‘z natijasini bermoqda. Kasallikka chalinganlarning 25 nafari to‘liq sog‘ayib, reabilitatsiyaga o‘tkazildi.

Fursatdan foydalanib, bu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat ko‘rsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarimizga chuqur minnatdorchilik bildiraman. Yuzaga kelgan vaziyatni to‘g‘ri tushunib, bizni faol qo‘llab-quvvatlayotgan xalqimizga, aziz yurtdoshlarimga rahmat aytaman.

Ijtimoiy tarmoqlarda xalqimiz qabul qilgan choralarimizni to‘g‘ri tushunayotganini ko‘rmoqdamiz. Tartib-intizom saqlayotganlari uchun yana bir marta katta rahmat aytmoqchiman, minnatdorchilik bildirmoqchiman.

O‘tib ketadi bu kunlar. Lekin hozir temir intizom bilan ishlasak, natija albatta biz ko‘zlagandek bo‘ladi», deydi prezident.

Davlat rahbari karantin qoidalarini buzayotganlarni qattiq tanqid qildi.

«Shu bilan birga, qancha ogohlantirish va tushuntirish ishlariga qaramay, joylarda karantin qoidalari buzilayotganini afsus bilan aytish kerak.

Hozirgacha 22 mingdan ziyod ana shunday holat aniqlandi, 330 kishi karantin hududidan qochib ketdi. Bu nima degan gap? Katta-katta 330 kishi. Huquqni muhofaza qilish organlarimizga rahmat, ichki ishlar, milliy gvardiya, xavfsizlik xizmatlari ortidan borib, qaytarib olib kelishyapti.

Bu hayot unga kerakku? Dunyodagi ahvolni ko‘ringlar, nima bo‘lyapti!

Karantin vaqtida ayrim mas'uliyatsiz shaxslar 24ta turli ommaviy marosimlar o‘tkazganini sira oqlab bo‘lmaydi. Mana shu 24ta mahallada mahalla raislari, uchastkovoylari qanday qilib ruxsat bergan? Mumkin emas, mumkin emas yig‘ilish, to‘y qilish mumkin emas. Butun xalqimiz hayotiga xavf solayotgan bunday noma'qul ishlarga nisbatan keskin choralar ko‘riladi.

Muhtaram vatandoshlar! Ishontirib aytamanki, koronavirus tarqab ketmasligi uchun davlat barcha choralarni ko‘radi. Ammo shu sinovli damlarda har bir o‘zbekistonlik, har bir idora, jamoatchilik vakillari bir musht bo‘lib harakat qilishimiz kerak. Kasallikni mahallamizga, uyimizga, oilamizga olib kirmaslik uchun eng avvalo o‘zimiz mas'ulmiz.

Prezident qo‘lni ko‘ksiga qo‘yib salomlashish urfini yanada mustahkamlash davr taqozosi ekanini ta'kidladi.

 

«Ayrim davlatlarda yuqori gigiyenaga asoslangan kundalik turmush tarzi, milliy urf-odatlar bu kasallikni yengishda juda muhim omil bo‘lmoqda.

Jumladan, aholisi zich, qo‘shnilari bilan savdo aloqalari o‘ta rivojlangan bo‘lishiga qaramasdan, Yaponiya virusning keng tarqalashiga yo‘l qo‘ymadi. Nimaga. Tartib-intizom qattiqligi uchun!

Mutaxassislar «yapon fenomeni»ni ulardagi o‘ziga xos salomlashish, shaxsiy masofani saqlash, tez-tez kiyim almashtirish, yuz-qo‘lni yuvish, to‘la yuvinish, to‘g‘ri ovqatlanish, faol turmush tarzi va sport kabi 13ta qoida va urf-odatlar saqlanib qolgani bilan asoslamoqdalar.

Bu esa bizda ham azal-azaldan mavjud – qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib salomlashish, uyga mehmon kelganda qo‘lga suv quyish, jamoat joylarida masofani ushlash, meva-sabzavotlarni ko‘p iste'mol qilish kabi urflarimizni yanada mustahkamlashni taqozo etadi.

Shuningdek, jamoat joylarida, mahalla va xonadonlarda dezinfeksiya ishlarini muntazam davom ettirish lozim. Barcha korxona va tashkilotlar har haftada o‘z xodimlarini tizimli ravishda tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib turishi zarur.

Hurmatli do‘stlar! Har qanday qiyinchilikka qaramasdan, o‘z xizmat burchini vijdonan bajarayotgan aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, o‘g‘il-qizlarimiz fidoyiligini yuksak qadrlaymiz.

Aholi o‘rtasida vahima va sarosima gaplar tarqalishiga aslo yo‘l qo‘ymaslik lozim. Men nuroniy otalarimiz, munis onalarimiz o‘z jonkuyarligi, sabr-bardoshi, ezgu duolari bilan barchaga ibrat bo‘ladilar, deb ishonaman.

Men bugungi kunda uy sharoitida tahsil olayotgan talaba va o‘quvchi yoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Aziz farzandlarim, uyda vaqtingizni bekor o‘tkazmang! Onlayn darslarni qunt bilan o‘zlashtiring. Kitob o‘qing, bilimingizni oshiring, badantarbiya va jismoniy mashqlarni bir kun ham qoldirmang. 

Ko‘p narsa ota-onalarga bog‘liq. Ko‘plar o‘n yildan buyon uyida farzandlari bilan o‘tirmagan. Shunga e'tibor beringlar», deydi prezident.

Prezident qishloq xo‘jaligi vakillariga ham murojaat qilgan.

«Mana, bahorning issiq kunlari ham boshlandi. Mavjud qiyinchilikka qaramasdan, hayot davom etmoqda.

Fermer va dehqonlarimiz, tadbirkorlarimiz oldida o‘ta muhim vazifalar turibdi.

Albatta, har birimiz kundalik yumushlarimizni xavfsizlik va sanitariya qoidalariga to‘la amal qilgan holda davom ettirishimiz zarur. Chunki bugun yo‘qotgan imkoniyatlarimizni ertaga tiklash qiyin bo‘ladi, vaqtni esa orqaga qaytarib bo‘lmaydi. Buni hammamiz yaxshi bilamiz.

Pandemiyani to‘xtatish uchun butun dunyo xalqlari qatori biz ham jiddiy izlanishdamiz. Odamlarimiz daromadlari kamayib ketmasligi uchun, korxonalarimiz barqaror ishlashi uchun barcha rejalarni ko‘ryapmiz.

19 mart kuni pandemiyaning iqtisodiyotimizga salbiy ta'sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida farmon qabul qilgan edim. Hukumat va mahalliy hokimliklar joylarda bu chora-tadbirlarning ijrosini ta'minlamoqda.

Albatta, xudoga ming qatla shukr, bu kasallik bormagan hududlarimiz ham ancha. Ilohim bormasin bu hududlarga. Xudodan iltijo qilamiz. O‘sha joylarda tizimli tartib bilan bahorgi ishlarni davom ettirishimiz kerak. Shu og‘ir vaziyatda to‘g‘ri yo‘lni joylardagi rahbarlar, sizlar topishlaring mumkin. Biz tavsiya berishimiz mumkin. Agar bugun tomorqaga ekmasak, keyin ertaga bozordagi narx-navo nima bo‘ladi? Harakat qilish kerak. Lekin sanitariya-epidemiologik tibbiyot xodimlari aytgan masalalarni joyiga qo‘yib.

Men bugun mana shunday qiyin vaziyatda iqtisodiyotimizni, tadbirkorlarni faol qo‘llab-quvvatlash uchun yana bir muhim farmonga imzo chekdim. Qanchalik murakkab bo‘lsa ham, budjetdan katta xarajatlarni talab etsa ham, qo‘shimcha choralarni ko‘rishga qaror qildim.

Bu sinovlar vaqtincha. Albatta xudo xohlasa, o‘tib ketadi. Mana shunday sinovlarni jipsligimiz bilan, birdamligimiz bilan yengishimiz kerak. Hamma narsa o‘zimizga bog‘liq. Biz ko‘p narsani o‘rganib bu sinovdan o‘tamiz. Mustahkam bo‘lib o‘tamiz, qudratli bo‘lib o‘tib olishimizga ishonchim komil. Qudratli bo‘lamiz. Juda katta tajriba orttiramiz. Bir-birimizga mehrimiz oshishi aniq.

Ana shunday bir-birimizga ko‘mak berishimiz, hammamiz jipslashishimiz kerak. Xalqimiz bugun rahbarlar o‘rnak bo‘ladi, yo‘l ko‘rsatadi deb qarab turibdi. Shunday ekan, biz bugun olijanob, bag‘rikeng, mehnatkash xalqimizga ta'zim qilib, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatishga hammamiz javobgarmiz.

Jipslashib, har bir tadbirkorni sizlab, yaxshi kayfiyat bilan odamlarni inontirib, ishontirib, yaxshi yo‘lga chiqarib olsak, bu sinovlar ortda qoladi. Hozir butun xalqimiz belini mahkam bog‘lab, jonajon vatanimizni balo-qazolardan qutqarish uchun katta harakatlar qilyapti. Hammamiz aytilgan gaplarni mas'uliyat bilan bajarsak, g‘alaba bizniki bo‘ladi», degan davlat rahbari.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top