17:24 / 04.04.2020
19480

Koronavirus yetib bormagan mamlakat. O‘zbekistonlik 20 nafar legioner faoliyat boshlagan Tojikiston Oliy ligasini kuzatish uchun 5 sabab

Bugungi kunda dunyoning 200dan ortiq mamlakatlarida tarqalgan koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro musobaqalar, kubok, liga chempionatlar o‘yinlari to‘xtatib qo‘yilgan bir paytda, qo‘shni Tojikiston virusdan xoli mamlakat sifatida oddiy hayot tarzini davom ettirmoqda.

 Koronavirus o‘chog‘i sanalmish Xitoy bilan qo‘shni bo‘lgan bu mamlakat Chin yurtidagi kasallik avj olgan payt – qishdayoq ehtiyot choralarini kuchaytirgandi. Bugundan esa Tojikistonda rasman yangi futbol mavsumiga start beriladi. Ayni damda dunyodagi kabi O‘zbekistonda ham milliy chempionat o‘yinlari o‘tkazilmayotgani bois, qo‘shni mamlakat futboliga e'tiborni qaratamiz. Zero, bu yildan e'tiboran Tojikiston Oliy ligasida o‘zbekistonlik legionerlar soni ilk marta 20 nafarga yetdi. Qo‘shni davlat tarixida ilk marta bir davlatdan shuncha legioner faoliyat boshladi.

 «Ko‘ktosh» - TFF kubogi g‘olibi, musobaqaning eng yaxshi futbolchisi o‘zbekistonlik

Tojikistondagi yangi futbol mavsumi oldidan an'anaviy tarzda mart oyida o‘tkaziladigan Tojikiston futbol federatsiyasi kubogi finalida Ro‘dakiy tumanining «Ko‘ktosh» klubi Ko‘lob shahrining «Ravshan» jamoasini 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, ilk marta turnir g‘olibi bo‘ldi. Dushanbe shahrida 5200 tomoshabin qarshisida o‘tgan bahsda jamoasining g‘alaba goliga mualliflik qilgan o‘zbekistonlik futbolchi Muhiddin Odilov musobaqaning eng yaxshi futbolchisi deb topildi. Futbolchi o‘tgan mavsumdan buyon «Ko‘ktosh» klubi sharafini himoya qilib kelmoqda. Klubning o‘zbekcha nomlangani ham bejizga emas. Ma'lum bo‘lishicha, rahbariyatdan tortib futbolchilargacha asosan millati o‘zbek bo‘lgan futbolchilardir.

 

 10ta klubdan 6tasida o‘zbekistonlik futbolchilar bor

Hisob bo‘yicha Tojikiston 29-milliy chempionati o‘yinlari 5 aprel, yakshanba kuni start oladi. Bu yil ham o‘tgan mavsumdagidek chempionatda 10ta klub ishtirok etadi.

Bular: «Istiqlol» (Dushanbe), «Xo‘jand» (Xo‘jand), «Lokomotiv-Pomir» (Dushanbe), «Regar-TadAZ» (Tursunzoda), «Dushanbe-83» (Dushanbe), TsSKA (Dushanbe), «Xatlon» (Boxtar), «Ko‘ktosh» (Ro‘dakiy), «Istaravshon» (O‘ratepa) va «Fayzqand» (Vose) klublari.

O‘zbekistonlik futbol muxlislari uchun bu mamlakatning asosan ikki jamoasi nisbatan tanish. Bular – OFK Kubogida ishtirok etayotgan Dushanbening «Istiqlol» va So‘g‘d viloyatining «Xo‘jand» klublaridir. Ushbu klublar qishki yig‘inda Toshkentda Superliga jamoalari bilan o‘rtoqlik o‘yinlarida maydonga tushishgan. E'tiborlisi, 10 klubdan 6tasi - «Xo‘jand», «Regar-TadAZ», «Ko‘ktosh», TsSKA, «Istaravshon», «Fayzqand» klublarida jami 20 nafar o‘zbekistonlik futbolchilar to‘p surishadi.

 O‘zbekistonlik eng ko‘p legionerlar yig‘ilgan chempionat

Yangi mavsum oldidan Tojikiston klublari jami 42 nafar legionerni ro‘yxatdan o‘tkazishdi. Shundan qariyb teng yarmi O‘zbekistondan - 20 nafar. Shuningdek, Afrikaning Gana davlatidan 10 nafar legioner mavjud.

Tojikistonda faoliyat boshlagan hamyurtlarimizning bir qismi yanvar oyidayoq yangi klublari bilan shartnoma imzolagan bo‘lishsa, aksariyati Superliga boshlanganidan keyin Tojikiston klublari taklifini qabul qilgan. Yana bir jihati qo‘shni mamlakat Oliy ligasining aksariyat klublarida o‘z vaqtida O‘zbekiston klublarida faoliyat yuritgan tojikistonlik sobiq futbolchilar murabbiylik qilishmoqda. Qolaversa, Tojikiston milliy jamoasi bosh murabbiyi ham o‘zbekistonlik Usmon Toshev sanaladi.

 «Xo‘jand»: Osiyo chempioni va yana 3 futbolchi

O‘zbekistonlik nomdor futbolchilar ko‘p bo‘lgan klub - «Xo‘jand» jamoasidir. Ushbu klub OFK kubogi saralash bosqichi oldidan fevral oyi boshidayoq o‘zbekistonlik 4 futbolchi bilan kelishuvga erishgandi. OFK kubogi saralashida Qirg‘izistonning «Neftchi» jamoasini 3:0 hisobida mag‘lub etgan «Xo‘jand» guruh bosqichiga yo‘l olgandi.

«Lokomotiv» klubi posboni Ma'mur Ikromov «Xo‘jand» safiga o‘tgan. Shuningdek, «Paxtakor»ga tegishli bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempioni sanalmish hujumchi Andrey Sidorov, «Bunyodkor» va OKMK yarimhimoyachisi Sanjar Rixsiboyev va «Dinamo» himoyachisi Siroj Hamroyev ham bu yil xo‘jandliklar sharafini himoya qilmoqda.

 «Regar TadAZ»: «Dinamo» va «Qo‘qon-1912» futbolchisi shu yerda

Tojikistonning ko‘p karra chempioni «Regar TadAz» safida uch nafar o‘zbekistonlik futbolchi bor. Bular o‘tgan mavsum «Qo‘qon-1912» sharafini himoya qilgan himoyachi Jalil Kimsanov, O‘zbekiston yoshlar jamoasi sobiq himoyachisi Farrux Nurliboyev va «Dinamo» klubi yarimhimoyachisi Sardor Eminovdir.

Kimsanov avvalgi mavsum Dushanbening «Istiqlol» klubi safida to‘p surgan bo‘lsa, surxondaryolik Eminov uyi yana 6 yil o‘tib, Sariosiyoga qo‘shni bo‘lgani uchun Tursunzoda klubi taklifini qabul qilgan.

 TsSKA: 1 nafar

Dushanbening TsSKA klubi safida Jizzaxning «So‘g‘diyona» klubi sobiq futbolchisi Nodirbek Ibragimov to‘p surib kelmoqda.

 «Ko‘ktosh»: 3 nafar

O‘z vaqtida «Dinamo» va «Buxoro» klublari sharafini himoya qilgan Rahmatullo Fuzaylov bosh murabbiyligidagi «Ko‘ktosh» jamoasi safida esa «Yangiyer» klubi sobiq futbolchisi Bunyod Shodiyev, «Qizilqum» jamoasi sobiq a'zosi Muhiddin Odilov va buxorolik Abbos Ikromov singari futbolchilar o‘rin olishgan.

 «Istaravshon»: 4 nafar

O‘ratepaning «Istaravshon» klubi safida buxorolik uch nafar futbolchi Shahzod Shamsiddinov, To‘lqinjon Umarov, Saiddoston Fozilov va «Norin» klubi sobiq futbolchisi Zufarjon Akbaraliyev to‘p surmoqda.

 «Fayzqand»: 5 nafar

O‘z vaqtida «Andijon» klubining yetakchilaridan biri bo‘lgan Tohirjon Mo‘minov murabbiyligidagi chempionat debyutanti Vosening «Fayzqand» klubi safida eng ko‘p o‘zbekistonlik futbolchilar bor. «Dinamo» jamoasining 4 nafar sobiq o‘yinchilari samarqandlik Jasur Ashurov, Jasur Qurbonov, Aziz Murodov, Azizjon Zaripov va «Qo‘qon-1912» sobiq futbolchisi Dilshod Baratovlar ham ushbu mavsumda legionerga aylanib, Tojikiston Oliy ligasida faoliyat boshlashdi.

 Tojikiston klublarida futbolchilar qancha maosh olishadi?

O‘zbekistonlik futbolchilarning qo‘shni mamlakat klublariga yo‘l olayotgani tabiiyki moliyaviy holat bilan bog‘liq. Ma'lumotlarga ko‘ra, «Istiqlol» va «Xo‘jand» klublarida maoshlar nisbatan yuqori.

Ammo Superliga va Pro-liga klublari safidan chetda qolgan aksariyat futbolchilarning Tojikiston Oliy ligasiga yo‘l olayotgani sababi maoshga borib taqaladi. Olgan ma'lumotlarimizga ko‘ra, qo‘shni mamlakatning o‘rtamiyona klublaridagi legionerlarning oylik maoshi 300-400 AQSh dollari miqdorida bo‘lib, g‘alaba uchun mukofot puli ham 2-3 ming somoni, ya'ni 200-300 AQSh dollari atrofida baholanadi.

 Anons: Superkubok bugun, chempionat ertadan - o‘yinlar jonli efirda

Bugun, 4 aprel kuni Tojikiston Superkubogi uchrashuvi o‘tkaziladi. Unda mamlakatning ikki grand klubi «Istiqlol» va «Xo‘jand» klublari to‘qnash keladi. «Istiqlol» OChL saralash bosqichida Toshkentda «Lokomotiv»ni mag‘lub eta olgandi. O‘yin Dushanbedagi «Markaziy» stadionda tomoshabinlarsiz o‘tkazilishiga qaror qilindi. Shu kuni xo‘jandliklar safida hamyurtlarimiz maydonga tushishi kutilmoqda. O‘yin soat 17:00da boshlanib, sun'iy yo‘ldosh orqali Tojikistonning «Varzish Sport» va «Futbol HD» ochiq telekanallari orqali jonli efirda namoyish etiladi.

 Shuningdek, 5 aprel kunidan Oliy liga 1-turi doirasidagi barcha uchrashuvlar ushbu telekanallar orqali jonli efirda ko‘rsatiladi.

Demakki, Yevropa milliy birinchiliklari va Superligamizda o‘yinlar to‘xtatilgan bir paytda zerikkanda faqatgina Jasur Yaxshiboyev to‘p surayotgan Belarus chempionatini emas, balki Tojikston Oliy ligasini ham kuzatib borish uchun sabablar yetarlicha.

 Anons. Tojikiston Superkubogi.

4 aprel (shanba)

«Istiqlol» – «Xo‘jand»

Dushanbe, Markaziy stadion.

O‘yin boshlanish vaqti: 17:00.

TV-translatsiya: «Varzish Sport» va «Futbol HD»

 Anons. Tojikston Oliy ligasi. 1-tur.

5 aprel (yakshanba)

«Lokomotiv-Pomir» – «Fayzqand»

«Xatlon» – «Istaravshan»

«Ko‘ktosh» – «Regar-TadAZ»

8 aprel (chorshanba)

«Dushanbe-83» – «Istiqlol»

TsSKA – «Xo‘jand»

TV-translatsiya: «Varzish Sport» va «Futbol HD».

 Usmon Ibodov tayyorladi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top