11:24 / 04.04.2020
19444
Xorijdan yuborilgan pulni plastik kartaga o‘tkazib olish tavsiya qilindi

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan banklar yopilishi va noma'lum muddatga faoliyatini to‘xtatishi haqidagi gap-so‘zlar haqiqatdan uzoq, deb ma'lum qildi Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Husanxo‘ja Obidov.

Foto: Morteza Nikoubazl / Zuma / TASS

O‘zbekistonda banklar va ularning filiallari odatdagi tartibda ishlamoqda, faqatgina bank binosidan tashqarida joylashgan bank kassalari va valuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Markaziy bank boshqarma boshlig‘i Husanxo‘ja Obidov 4 aprel kungi brifingda shu haqda ma'lumot berdi.

«Bugungi kunda bank filiallari odatdagi tartibda faoliyat yuritib kelmoqda. Epidemiologik vaziyatdan kelib chiqib, koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish hamda ijtimoiy masofalanishni ta'minlash maqsadida mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatiga ta'sir qilmagan holda bank binosidan tashqarida joylashgan bank kassalari va valuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan.

Bunda fuqarolarga kechiktirib bo‘lmaydigan xizmatlarni ko‘rsatuvchi tashkilotlar va bojxona-chegara hududida joylashgan bank infratuzilmasi hamda aholiga pensiya tarqatish maqsadida tashkil etilgan sayyor kassalar bundan mustasno.

Shu o‘rinda qayd etish lozimki, faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgan bank kassalari va valuta ayirboshlash shoxobchalari bank tizimidagi mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi infaratuzilmaning 30 foizini tashkil etadi xolos. Ya'ni asosiy infratuzilma odatdagi tartibda faoliyat yuritmoqda», deya Husanxo‘ja Obidovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Markaziy bank vakiliga ko‘ra, bugungi kunda valuta ayirboshlash operatsiyalari ustuvor ravishda avtomatlashtirilgan, ya'ni 27/7 rejimida valuta ayirboshlash bankomatlari orqali amalga oshirib kelinmoqda.

Hozirgi vaqtda hududlarda jami 700ta avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash bankomati ishlab turibdi, tez orada yana 300 ta shunday bankomatlar o‘rnatilishi ta'minlanadi.

«Banklarning mobil ilovalari orqali ham valutalarni ayirboshlash mumkin.

Bundan tashqari, mijozlar uydan turib mobil telefonlari yordamida xalqaro pul o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatiga ega. Masalan, fuqarolarimizga xorijdan yaqinlari pul yuborgan bo‘lsa, ushbu pulni banklarning mobil ilovalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri plastik kartalariga o‘tkazib olishlari ham mumkin.

Yana bir masala: 65 yoshdan oshgan fuqarolarimizning harakatlanishi taqiqlangan paytda boshqa odamlar tomonidan pul mablag‘larini yetkazib berish jarayonida kasallik yuqishi ehtimolini hisobga olgan holda tegishli tijorat bankiga og‘zaki ravishda, ya'ni telefon vositasi orqali yoki elektron shaklda murojaat qilinganda, bank bilan kelishib pulni qabul qilib oluvchiga yetkazib berilishi ham mumkin», deydi Husanxo‘ja Obidov.

Uning aytishicha, karantin e'lon qilinganiga qaramay, odamlar haligacha kommunal to‘lovlarni to‘lash uchun bank kassalariga borishmoqda.

«Bugungi kunda bank mobil ilovalari orqali onlayn tarzda amalga oshirish mumkin bo‘lgan to‘lovlarni ham fuqarolarimiz bankka borib, kassalarda navbatga turib to‘lab kelishmoqda.

Hurmatli bank mijozlari, barcha bazaviy bank xizmatlarini onlayn ravishda, ya'ni uydan turgan holda amalga oshirish imkoniyati mavjud. Bu bilan barchaga kommunal va soliq to‘lovlari, pul o‘tkazmalari, mikroqarzlarni rasmiylashtirish, omonat operatsiyalari kabi muhim bank xizmatlarini qulay va tezkor tarzda amalga oshirish imkoniyati yaratilgan. Bu borada barcha mijozlarga o‘z banklarining mobil ilovalari bilan yaqindan tanishib chiqishni tavsiya qilgan bo‘lardim.

Amalga oshirilgan to‘lov operatsiyalari bo‘yicha ma'lumotlar, ya'ni to‘lov cheklari banklar mobil ilovalarida yoki onlayn to‘lov tizimlari bazasida saqlanib qoladi. Kerak bo‘lganda ularni tegishli davlat organlariga, xususan, MIB xodimlariga taqdim etish mumkin», deydi Markaziy bank boshqarma boshlig‘i.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top