12:27 / 05.04.2020
45250

4 460 000 so‘m jarima to‘lashni istamasangiz, avtomobilni ruxsatnomasiz boshqarmang – maxsus reyd davom etmoqda

 Ma'muriy huquqbuzarlik kodeksining 54-moddasiga 2-qismiga muvofiq, karantin qoidalarini buzish jismoniy shaxslarga – 4 mln 460 ming so‘mdan – 6 mln 690 ming so‘mgacha, yuridik shaxslarga – 6 mln 690 ming so‘mdan 11 mln 150 ming so‘mgacha jarima solishga asos bo‘ladi. Bundan tashqari, ruxsatnomani qalbakilashtirgan haydovchilarga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atiladi.

Karantin choralari doirasida 30 martdan boshlab maxsus ruxsatnomasiz avtomobillar harakatiga belgilangan taqiqlarga qaramay, transport vositalarining harakati susaygani yo‘q. Shu munosabat bilan Toshkent shahar IIBB, Milliy gvardiya va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik boshqarmasi tomonidan qo‘shma amaliyot tashkil etilmoqda. 

Toshkent shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rafiqjon Jalilovning so‘zlariga ko‘ra, shaharning turli hududlarida «Madad» nomli maxsus amaliyotlar o‘tkazilmoqda. Tadbir davomida, vrachlik punktlaridan ota yoki onasini shifoxonaga zudlik bilan olib berishi uchun ruxsatnoma olgan holda, transport vositasidan maqsadsiz foydalanish holatlari ham aniqlanmoqda. 

Shuningdek, yo‘lovchi tashiyotgan taksi avtomobillari, ruxsatnomasi bo‘lgan holda yo‘lovchilar bilan harakatlanayotgan avtomobillar yoxud ruxsat etilmagan shaxsiy avtomobillarida harakatlanayotgan haydovchilar aniqlanib, ularga nisbatan ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda. Bundan tashqari, ruxsatnomalarni qalbakilashtirgan haydovchilarni aniqlash choralari ham ko‘rilmoqda. 

Toshkent shahar IIBB YHXB Axborot xizmati rahbari, mayor Qahramon Xudoyberganovning bildirishicha, tadbir o‘tkazilishi boshlangan kundan boshlab shu kunga qadar 1000dan ortiq haydovchiga nisbatan karantin qoidalarini buzganligi uchun ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan. 

Toshkent shahar SENB inspektori Gulnora Rahmatovaning eslatishicha, transport vositalaridan ruxsatsiz yoki bemaqsad foydalangan haydovchilar, niqob taqish talabiga rioya qilmagan fuqarolar, yo‘lovchilar va haydovchilarga ma'muriy bayonnomalar rasmiylashtiriladi. 

Shaharning turli hududlarida o‘tkazilgan tadbir davomida ichki ishlar xodimi buyrug‘iga bo‘ysunmaslik holatlari ham qayd etildi. Bunday haydovchilarga nisbatan, karantin qoidasini buzishdan tashqari ichki ishlar idorasi xodimi buyrug‘iga bo‘ysunmaganlik bo‘yicha ma'muriy bayonnoma rasmiylashtiriladi. 

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston viloyatlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma'muriy  markazlari va Toshkent shahrida 30 martdan maxsus ruxsatnomasiz shaxsiy avtomobillar harakati taqiqlandi. Bundan tashqari, kur'yerlik xizmatlari va yo‘nalishsiz taksi avtomobillariga faqatgina kur'yerlik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berildi. 

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top