14:13 / 05.04.2020
51305
«Amerika xalqini himoya qilish uchun yer-u osmonni ostin-ustun qilib tashlaymiz» – Tramp og‘ir kunlar kelayotganidan ogohlantirdi

AQSh prezidenti Donald Tramp yaqin haftalar AQShda jadal tarqalayotgan koronavirus sababli eng og‘ir haftalar bo‘lishini aytdi. U Amerika xalqini qanday qilib bo‘lsa ham himoya qilishga va'da bergan. Biroq u karantinni cho‘zishni istamasligini aytgan.  

Foto: CNN

“Ko‘rinishicha, bu yoki keyingi hafta eng og‘ir haftalar bo‘ladi. Afsuski, ko‘p odam o‘ladi. Biroq biz chora ko‘rmaganimizda qurbonlar yanada ko‘proq bo‘lardi”, deb aytgan Tramp brifingda va jabr ko‘rgan hududlar ko‘maksiz qolmasligini ta'kidlab o‘tgan. “Amerika xalqini himoya qilish uchun yer-u osmonni ostin-ustun qilib tashlaymiz”, deb va'da bergan AQSh prezidenti.  

Tramp, shuningdek, AQShda koronavirus tarqalishi markazi bo‘lgan Nyu-Yorkka minglab harbiy mutaxassislar – hamshiralar, shifokorlar, boshqa ko‘plab xodimlar yuborilishini e'lon qilgan. 

Murakkab vaziyat sababli shtat ma'muriyati bemorlarni USNS Comfort kema-gospitalida joylashtirishiga to‘g‘ri keldi. Dastlab kemaga koronavirusga manfiy test topshirgan turli kasallar qabul qilingan, biroq keyinroq koykalar yetishmagani sababli yaqqol alomatlari bo‘lmagan barcha kasallar qabul qilina boshlangan. Natijada shahar shifoxonalaridan kemaga o‘tkazilgan bir necha bemorda virus aniqlangan.

Shu bilan birga, Tramp iqtisodiyot uchun zararli karantin choralarini cho‘zishni istamayotganini aytgan. “Biz davlatni yana ochishimiz kerak. Buni oylab qilish mumkin emas-ku”, deb aytgan AQSh prezidenti. Nyu-York shtati 1,5 mingta o‘pkani sun'iy shamollatish qurilmasini olganiga qaramay, bu yerda vaziyat o‘ta og‘ir bo‘lib qolmoqda. Hukumatning baholashicha, epidemiya eng yuqori darajaga chiqqanda bunday qurilmalardan 37 mingta talab qilinishi mumkin, biroq ular hozircha 10 mingdan sal ko‘proqni tashkil qilmoqda. Ta'kidlanishicha, federal zaxirada yana 10 mingta shunday qurilma bor bo‘lib, Tramp shtatga bu borada yordam berishga va'da bergan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top