11:43 / 05.04.2020
8238

Interpol epidemiya vaqtida shifoxonalarga xakerlik hujumlari ko‘payganidan ogohlantirdi 

Xakerlar tibbiy muassasalarga tobora ko‘proq hujum amalga oshirib, ularning kompyuter tizimlarini bloklab, pul talab qilmoqda. Bu haqda Interpol bayonotida ma'lum qilindi.

Foto: Edgar Su / Reuters

“Koronavirus epidemiyasiga qarshi kurashning old qatorida bo‘lgan va shundoq ham mislsiz jismoniy xavflarga duch kelayotgan shifoxonalar va boshqa tibbiy muassasalar endi kiberhujumchilar tahdidiga uchramoqda. Interpolning kibertahdidlarga javob beruvchi jamoasi epidemiyaga qarshi kurashga jalb qilingan muhim tashkilotlar va infratuzilmalar kompyuter tizimlari tovlamachi-dasturlar bilan zararlanishi soni ancha oshganini ta'kidlamoqda”, deyilgan bayonotda.

Ta'kidlanishicha, tobora ko‘proq tibbiy muassasalar noma'lum kimsalar tomonidan shantajga uchramoqda. Xakerlar ularni muhim fayllar va tizimlarga kirishdan mahrum qilib, ularning blokdan chiqarilishiga pul talab qilmoqda.

Interpol mutaxassislarining ta'kidlashicha, aksariyat hollarda zararlash elektron pochta orqali amalga oshiriladi. Jinoyatchilar tibbiy muassasalarga hukumat yoki sog‘liqni saqlash agentligining yangi tavsiyalari ko‘rinishida maktublar jo‘natmoqda. Bu maktublar virusli saytga yoki zarar keltiruvchi fayllarga havolalarni o‘zida saqlaydi.

Shu sababli Interpol tashkilotga a'zo davlatlar politsiyasiga hujumlarni tergov qilishda o‘z ko‘magini taklif qildi. Bundan tashqari, xalqaro politsiya tashkiloti muhim tibbiy infratuzilmalar xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha texnik ko‘mak va maslahatlar berishga tayyorligini bildirgan.   

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top