21:10 / 05.04.2020
8541
Janubiy Sudanda koronavirusdan ilk kasallanish holati qayd etildi

Afrikaning Janubiy Sudan davlatida koronavirusdan ilk kasallanish holati qayd etildi. Virus Efiopiyadan kelgan 29 yoshli ayolda aniqlangan.

Foto: Reuters

Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi. Mamlakat vitse-prezidenti Riyek Masharning ma'lum qilishicha, bemor izolyatsiyaga olingan.

Janubiy Sudan “qora qit'a”dagi 54 ta davlatdan koronavirusga chalinish holati qayd qilingan 51-davlat bo‘ldi. Mamlakat joylashgan Sharqiy Afrika mintaqasida ayni vaqtda kasallanganlar soni 707 nafarni tashkil qilmoqda, ulardan 14 nafari vafot etgan. Janubiy Sudan bilan chegaradosh davlatlardan Keniyada koronavirusdan kasallanganlar ko‘pchilikni tashkil qilmoqda – 126 nafar. Virusga chalingan ayol kelgan Efiopiyada esa 38 nafar kishida koronavirus aniqlangan.

Afrikada koronavirus birinchi bo‘lib 27 fevralda Nigeriyada aniqlangandi. Ayni vaqtda qit'ada kasallanganlar umumiy soni 8536 nafarni tashkil qilmoqda, ulardan 360 nafari vafot etgan.

AfricaNews portali ma'lumotlarga ko‘ra, koronavirus Afrikaning uchta davlati: Komor orollari, Lesoto hamda San-Tome va Prinsipida hozircha qayd qilinmagan.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top