22:32 / 05.04.2020
51409
Kimni avval qutqarish kerak: Odamlarnimi yoki iqtisodiyotni?

Insoniyat koronavirus kabi katta muammoga hech qachon duch kelmagandi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bungacha ikki martalab jahon urushlari bo‘lgan, 50 millionlab odamlarni halok qilgan kasalliklar kelgan, lekin qaysidir ma'noda inson individ sifatida mukammallikka yaqinlashgan bugungi kunda mana bunday muammoning paydo bo‘lishi odamzod koinotning zarrasi bo‘lgan sayyoradagi juda kichik va ayni damda ojiz jonzotligini barchamizga eslatib qo‘ydi.

Foto: AP/TASS

Bu holatni istaganingizdek atang — xohlang dunyoni boshqarayotgan Kuch o‘zining borligini bildirdi deng, xohlang bir davlat boshqasiga zarar yetkazish uchun virus yaratdi deng, xohlang go‘yoki hamma narsaning sirini anglab yetgan ilm-fan ham ojiz qolgan koronavirus ehtiyotsizlik sabab qandaydir laboratoriyadan tarqab ketdi deng. Ammo bir narsa haqiqat — virus odamzotni qiynab qo‘ydi.

Bunday vaqtda eng katta yuk davlat rahbarlariga, o‘z yurtining siyosatini yuritadigan insonlarga tushadi. Fuqarolar uyda o‘tirib kasallik o‘tib ketishini kutishi mumkin, lekin davlat rahbarlari o‘z hayotini ehtiyotlash bilan birga mamlakatni qiyin vaziyatdan olib chiqib ketish haqida ham bosh qotirishga majbur. Bunday inqiroz vaqtida ularning oldida bitta savol ko‘ndalang bo‘ladi: avval odamlarni qutqarish kerakmi yoki iqtisodiyotni?

VVS AQShning katta iqtisodchilari amalga oshirgan surishtiruv asosida bu savolga javob izladi.

Karantin iqtisodiyotni o‘ldirishi rostmi? Javob 100 yil avval «ispanka» vaqtida berilgandi

Ko‘p davlatlar virusga qarshi iqtisodiyotga katta zarar berishini o‘ylamay karantin bilan kurashmoqda. Biznesni «sun'iy koma» holatiga tushirib, karantin kiritishga shoshmayotganlar ham bor. Karantin choralari jiddiy bo‘lgan joylarda esa odamlarning norozi ohangdagi gaplari eshitilib turibdi. Ular doim uyda o‘tira olishmaydi.

Xo‘sh, aslida kim haq: avval iqtisodiyotni qutqarish kerakmi yoki odamlarni?

Amerikalik olimlar guruhi bu savolga javob izlash uchun yuz yil avval yuz bergan voqealarga murojaat qilishdi. Insoniyat uchun hozirgi kabi total karantin yangilik emas. Yuz yil avval ham odamlar shu kabi karantinda «o‘tirishgandi». Birinchi jahon urushidan keyin «ispanka» nomi bilan atalgan gripp butun dunyoga tarqalgan va 50 million odam bu kasallikdan halok bo‘lgandi. O‘shanda sayyoradagi har uch odamdan biri «ispanka» bilan og‘rigan va har o‘ninchi odam uning qurboniga aylangan.

Xuddi hozirgi kabi 1918 yilda ham odamlar uydan chiqmaslikka undalgan, niqob taqish majburiy bo‘lgan va zavodlar yopilgandi. O‘shanda ham karantin choralariga e'tibor bermaganlar bo‘lgan. Keyinchalik iqtisodiyotini emas, odamlarini qutqarishga oshiqqan davlatlar yutgani ma'lum bo‘ldi.

Boshlanishida hammaga qiyin bo‘lgan, lekin gripp o‘tib ketgach, jismoniy kontaktlarni cheklab, gigiyenaga e'tibor berish orqali odamlarini saqlab qolishga e'tibor bergan davlatlar tezroq oyoqqa turdi.

«Keskin choralar ko‘rib kasallik tarqalishining oldini olgan shaharlar epidemiya vaqtida zarar ko‘rgan bo‘lsa-da, keyinchalik ular qolganlardan tezroq o‘sishga erishdilar», deyiladi AQSh Markaziy banki (ya'ni, mamlakat federal rezervi) hamda Massachusets texnologiya instituti iqtisodchilari hamkorlikda o‘tkazgan surishtiruv natijalarida.

Tadqiqotlar karantin choralari nafaqat o‘limlar sonini qisqartirgani, balki pandemiya keltirgan iqtisodiy zararning ham oldini olganini ko‘rsatgan. Darvoqe, o‘shanda AQShda «ispanka» 500 ming odamning umriga zomin bo‘lgan.

Karantinning har bir kuni muhim

1918 yilgi pandemiya ham AQShda sharqdan g‘arbga qarab tarqaladi. Kasallik ikki to‘lqinda rivojlanadi. Bahorgisi qo‘rqinchli, qishkisi esa undan ham dahshatli ko‘rinish oladi... AQSh g‘arbidagi Sietl, Los-Anjyeles shaharlari kasallik zarbalarini oxirgi bo‘lib qabul qilishadi. Shaharlarda hozirgi kabi choralar ko‘riladi. Albatta, internet do‘konlar, karantin qoidalarini buzganlarni raqamli texnologiyalar yordamida aniqlash kabilardan tashqari.

Amaldorlar Chikagodagi farroshlarni tekshirmoqda. 1918 yil. GETTY IMAGES

Xuddi hozirgi kabi maktablar, teatr, cherkovlar yopiladi, jamoat joylarida to‘planib turish taqiqlanadi, jamoat transportlari to‘xtatiladi va dafn marosimlari tor doirada o‘tkazilishi belgilab qo‘yiladi. O‘zini ihotalash tizimi joriy qilinib, ijtimoiy masofa saqlash tartibi majburiy qilib qo‘yiladi. Albatta, niqob taqish va tez-tez qo‘lni yuvish o‘shanda ham «trendda bo‘lgan».

Amerikalik iqtisodchilarning tadqiqotlarida ma'lum bo‘ldiki, 1918 yil mamlakatdagi shaharlarda karantin e'lon qilishdagi har bir kun keyinchalik iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta'sir qilgan. Masalan, 10 kun avval karantin joriy qilgan shtatlar barchasi ortda qolgach, qolganlardan 5 foiz ko‘proq ishchi o‘rinlariga ega bo‘lgan. 50 kun ko‘proq cheklov joriy qilganlar esa 6,5 foiz ko‘proq ish o‘rinlari yarata olishgan.

G‘arb rahbarlari «ispanka» karantinidan o‘rnak olmoqda

«Ispanka» vaqtidagi karantin choralari G‘arb davlatlari rahbarlarini qo‘rqmay karantin choralarini kuchaytirishga undamoqda. Insoniyat va karantin o‘rtasidagi «jang» qanday tugashi hali aniq emas, lekin bu «jang»da ko‘proq odamlar jonini saqlashga uringanlar yutishi tarixdan ma'lum. Umuman, hozir nafaqat G‘arbda, balki butun dunyoda karantin joriy qilingan va asosiy urg‘u odamlarni qutqarib qolishga qaratilgan.

«Odamlarni va iqtisodiyotni qutqarib qolish aslida bir biriga xalaqit bermaydi. Odamlar hayotini qutqarib qolish orqali iqtisodiyotni mustahkamlayotgan bo‘lamiz», deyiladi yuqorida ta'kidlangan tadqiqotda. Bu tadqiqotlarni kimlar olib borgani hisobga olinsa uning qanchalik ishonchli ekani oydinlashadi. Surishtiruvlarni AQShning sobiq moliya vazirlari, sobiq federal rezerv rahbarlari, katta tadbirkorlar va iqtisodchi olimlar olib borishgan.

Vaksina yo‘qligi va kasalxonalardagi joylar yetarli emasligi barcha mamlakatlarni keskin karantin choralarni qo‘llashga chorladi. Avvaliga kasallik tarqalgan Xitoy, keyinchalik Singapur va Janubiy-sharqiy Osiyoning davlatlari. Ko‘hna qit'aga ham kasallik yetib kelgach, Italiya, Fransiya va Ispaniya kabi davlatlar odamlarga uydan chiqishni taqiqladi. Endi esa navbat AQShga keldi.

«Odamlar mashina urib o‘layotgani sabab mashina chiqarishni taqiqlamayapmiz-ku?»

Karantin kiritmaslikka shoshilmayotganlar ham bor. Biznes to‘xtab qolmasligining tarafdorlaridan biri Donald Tramp bo‘lmoqda. AQSh prezidenti boshida juda xotirjam edi va hammasi joyida ekanini ko‘rsatmoqchi bo‘layotgandek tuyuldi.

«Odamlar koronavirusdan ko‘ra avtohalokatdan ko‘proq o‘lishadi, ammo biz buning uchun avtomobil ishlab chiqarishni taqiqlamayapmiz-ku?», degandi Tramp mamlakatda hozircha karantin joriy qilinmasligini aytib.

Ammo Oq uy rahbari tezda fikrini o‘zgartirib cheklovlar zarurligi haqida gapira boshladi. Ayni damda virus tarqalishi bo‘yicha dunyoda yetakchiga aylangan AQShda koronavirus 2 milliongacha odamning umriga zomin bo‘lishi mumkin. Agar kerakli choralar ko‘rilmasa, albatta. Hatto okeanortida qurbonlar soni 100-240 ming o‘rtasida bo‘lishini optimistik taxmin sifatida qaray boshlashdi...

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga namoyishkorona qarshi chiqaverganidan keyin tvitter va instagram uning sahifalarini bloklab qo‘ydi. Koronavirus tahlikasi boshlangan vaqtda Eron prezidenti Hasan Ruhoniy virusni «dushmanning hujumi» deb atab, odamlarni ishga chiqaverishga undagandi.

Koronavirusni pisand qilmaslikda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenkoga yetadigani yo‘q. Mamlakatda hech qanday cheklov joriy qilinmagan va Lukashenkoning o‘zi ham bemalol yuribdi. Futbol va hokkey bo‘yicha chempionat to‘xtatilmagan. Hokkey o‘yinida qatnashgan Lukashenko virusga bepisandlarcha qarab shunday dedi: «Qani, muz maydonida birorta virus uchib yurganini ko‘rdingizmi? Men ham ko‘rmadim. Virusga qarshi eng yaxshi vosita muz. Tizzada turib yashagandan tik turib o‘lgan yaxshi». Shuningdek, Lukashenko o‘zining antivirus retsepti bilan bo‘lishdi: aroq, hammom, sport va dalada ishlash.

Karantinning iqtisodiyotga zarari va foydasi

Hayot butunlay to‘xtab qolishi tabiiyki mamlakat iqtisodiyotiga zarar qilmay qolmaydi. Ammo karantinning iqtisodga foydasi ham yo‘q emas.

Avval yomonidan boshlasak.

1919 yilda ishsizlar Los-Anjyelesdagi mehnat birjasini qamal qilmoqda GETTY IMAGES

Jahon iqtisodiyotining poydevori faol hayot tarzi asosiga qurilgan. Odamlar barlarga, restoranlarga, sportzallarga, klublarga nima uchun borishadi? Nega chiroyli kiyimlar, yo‘ltanlamas mashinalar sotib olishadi? Albatta, ularni qolganlar ko‘rishi uchun. Karantinda esa odamlar uyda o‘tirishga majbur, tabiiyki nofaol hayot tarzida kimgadir ko‘z-ko‘z bo‘lish imkonsiz. Bundan tashqari, karantin vaqtida hamma ishchi kuchi uyda bo‘ladi va ishlab chiqarish, savdo to‘xtaydi. Sanoqli sohalardan tashqari, albatta.

Oqibatda tadbirkorlik rivojlanishdan to‘xtaydi. Bu kelajakdagi ko‘rsatkichlarga ham ta'sir qiladi. Bankrotlik ko‘payadi, korxonalar yopilib ketadi, ko‘pchilikning tirikchiligi qolib ketadi. Barchasi yig‘ilib banklarga ta'sir qiladi. Qarzdorlik ko‘payib ketadi, kreditlar vaqtida yopilmaydi, banklarning likvidlik darajasi tushib ketadi va ular kredit berishda qiynalib qolishadi. Kreditsiz esa biznes bo‘lmaydi.

Karantin foydasi

Karantinning asosiy foydasi u kasallikning, shuningdek, asoratlarining chekinishiga olib keladi. Karantin yanada katta iqtisodiy zararlardan saqlaydi. Albatta, bu iqtisodda bir kundayoq sezilmaydi, lekin «omon-omon davrlar boshlangach», karantin choralari samara bera boshlaydi. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, o‘lim soni ko‘p bo‘lsa, avvalo iqtisodning asosiy omili bo‘lgan ishchi kuchi — fuqarolarning soni kamayadi, qolganlarining ham kayfiyati tushib ketib, ishchanlikka ta'sir qiladi.

Karantin vaqtida odamlar pullarini ehtiyot qilishadi va faqat eng zarur narsalarni sotib olishadi. Mebel, mashina sotib olish, konsertlarga borish, dengiz sohiliga borib dam olish kabi narsalar ikkinchi darajali bo‘lib qoladi. Karantin tugagach esa bularga ehtiyoj shunchalik uzoq vaqt yuqori bo‘lib turadiki, o‘sha sohalar juda yaxshi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ega bo‘lishadi.

To‘g‘rida, 2-3 oylab uyda o‘tirganlar xumori tutib restoranlardan chiqmay qoladi, mashina shaydolari bosib-bosib yangi avtomobil sotib oladi, sayohatni sog‘inganlar aeroportlarga shoshadi. Bir necha yilda bu sohalar karantindagi qiyinchiliklarni ko‘rmaganday bo‘lib ketadi.

Do‘konlar yopiq, odamlar ishsiz, iqtisodiyotda talab ham taklif ham halokatli holatda. Xuddi 100 yil avvalgidek
GETTY IMAGES

Hozir koronavirus zararining aniq miqdori haqida aytib bo‘lmaydi, chunki u endi cho‘qqisiga chiqib borayotgan bo‘lishi mumkin. Masalan, 1918 yil «ispanka» AQShda ishlab chiqarish hajmining 18 foiz kamayishiga olib kelgan. Amerikalik olimlarning aytishicha, agar karantin bo‘lmaganida, o‘shanda hammasi yanada yomonroq bo‘lardi.

Koronavirus «ispanka»dan kamroq zarar keltirishini taxmin qilish mumkin. Axir oradan, butun boshli bir asr o‘tdi, tibbiyot, texnologiyalar rivojlandi. Iqtisodiyot ham inqirozdan chiqishning turli yo‘llarini taklif qila boshladi. Shu bois, zarar maksimal darajada kam bo‘lishi mumkin. Masalan, AQShning o‘zi aksilinqiroz rejasi uchun 2,2 trillion dollar pul ajratdi, Germaniya tadbirkorlarga 500 milliard yevro kredit berdi, butun dunyoda aviakompaniyalarga hukumatlar tomonidan yordam ko‘rsatilmoqda.

Yuqorida bir necha bor takrorlaganimiz AQShning obro‘li iqtisodchilari amalga oshirgan surishtiruv shunday yakunlanadi: «Tayvan, Singapur kabi tezda karantinga «o‘tirgan» mamlakatlar nafaqat fuqarolarini qutqarib qolishdi, balki katta iqtisodiy zararning oldini olishdi. Xulosa shuki, karantin choralariga aslo iqtisodiyotga zarar keltiradigan omil deb qaramaslik kerak».

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top