17:17 / 05.04.2020
99744
O‘zbekistonda koronavirusdan zararlangan bemorlarning yana 5 nafari sog‘aydi

Sog‘liqni saqlash vazirligi O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlardan yana besh nafari sog‘ayib, reabilitatsiyaga kuzatilgani haqida ma'lumot berdi.

O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasiga chalingan fuqarolardan yana 5 nafari butkul sog‘aydi.

Tuzalganlarning navbatdagi guruhi Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasidan Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov va boshqa mas'ullar ishtirokida Respublika ixtisoslashtirilgan terapiya va tibbiy reabilitatsiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga kuzatildi.

«Ayni paytda koronavirus infeksiyasiga chalingan jami 298 nafar bemordan 30 nafari butkul sog‘aydi. Tuzalganlarning kun sayin ko‘payib borayotganida esa, avvalambor, shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarini, shuningdek, yurtimizning boshqa hududlarida koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlarni davolayotgan, shu bilan birga, karantinga olingan 100 mingdan ziyod fuqarolarni tibbiy kuzatuvga olgan barcha-barcha tibbiyot xodimlarining ulkan hissasi mujassam. 

Davlatimiz rahbari so‘nggi kunlarda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan qator videoselektor yig‘ilishlarida, uch marta xalqimizga yo‘llagan murojaatlarida ham shifokorlarimiz mehnatiga alohida e'tibor qaratdilar. Jumladan, ushbu kurashning oldingi saflarida chinakam jasorat va matonat ko‘rsatayotgan jonkuyar va olijanob shifokorlarga chuqur minnatdorchilik bildirdilar. Bu e'tirof tibbiyot xodimlarining kuchiga kuch qo‘shishi, epidemiya balosini aritishda yanada fidoyilik bilan mehnat qilishlariga  turtki bo‘lishi shubhasiz», deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top