23:25 / 06.04.2020
40660
1,3 mln bemor, 73 ming o‘lim. Xulosa qiling, uydan chiqmang

Dunyo bo‘ylab qariyb 1,3 mln odam koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan. Shu vaqtgacha 275 ming bemor sog‘aygan bo‘lsa, 70 mingdan ortiq kishi kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.

Foto: AP

Ayni paytda qariyb 50 ming nafar bemorning ahvoli og‘ir deya baholanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda og‘ir ahvoldagi bemorlar, ayniqsa, bolalarning nafas olishga qiynalayotgani aks etgan videolar tarqalmoqda.

Koronavirus nafas yo‘llari, og‘iz va ko‘zdagi shilliq pardalar orqali tanamizga tushadi. Virus tomoq to‘qimalari devorini, nafas yo‘llari va o‘pkani zararlaydi va ularni koronavirusni ko‘paytiruvchi korxonaga aylantiradi. Ya'ni yangi viruslar ishlab chiqiladi va boshqa to‘qimalarga ham yuqa boshlaydi.

Kasallik keksalar va surunkali kasali bor odamlarda og‘ir kechmoqda. Koronavirusdan vafot etayotganlarning aksariyati ham shunday toifadagi bemorlar. Biroq ushbu kasallikdan o‘lganlar orasida yosh, sog‘lom insonlar, bolalar ham uchramoqda.

Koronavirusning og‘ir holatlari o‘pka yallig‘lanishi yoki zotiljam (pnevmoniya) bilan kechmoqda. Bunday bemorlar nafas olishga qiynalishadi. Shu sababli ular aksariyat hollarda sun'iy nafas beruvchi qurilmalarga ulanmoqda. Biroq bunday qurilmalar ancha qimmatligi bois ko‘pchilik davlatlarda ularning soni ko‘p emas. Shu bois epidemiya keng yoyilgan hududlarda sun'iy nafas beruvchi qurilmalar yetishmayapti, shifokorlar yoshlar va yoshi katta bemorlar o‘rtasida tanlov qilishga majbur bo‘layotgan holatlar mavjud.

Koronavirusga chalingan bemorlarda o‘pkaning haddan tashqari yallig‘lanishi natijasida tana yashash uchun keraklicha kislorodni ololmaydi. Natijada buyraklar qonni tozalashni to‘xtatadi, ichaklar ichki devorlari zararlanadi. Ayrim bemorlarda jigar, taloq, buyrak va yurak mushaklarining ishdan chiqishi kuzatilgan.

Bora-bora insonning butun tanasi ishdan chiqadi va o‘lim ehtimoli kuchayadi. Mutaxassislar aytishicha, koronavirusdan tuzalgandan keyin ham kasallik asoratlari organizmda saqlanib qolishi mumkin.

Yer yuzidagi 183 mamlakatda koronavirusga chalingan bemorlar aniqlangan. Shu sababli dunyoning aksariyat mamlakatlarida fuqarolarni karantinga olish orqali koronavirusga qarshi kurash olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham ayni paytda 90 mingga yaqin kishi maxsus shifoxonalar va uy sharoitida karantinga olingan.

Karantin cheklovlariga ko‘nikish qiyindir, ammo koronavirusni yuqtirganlar boshidan kechirayotgan azoblar oldida ular hech narsa emas.

Kasallikdan azoblanayotganlarning holatidan xulosa qiling: karantin cheklovlarini o‘yin deb bilmang. Qoidalarga amal qiling.

Koronavirusni yuqtirib olsangiz, nafaqat o‘zingiz, balki yaqinlaringiz va boshqalarni ham azobga qo‘yishingizni, kimlardir buning oqibatida hayotdan ko‘z yumishi mumkinligini ko‘z oldingizga keltiring.

Uyda qoling. Zanjirning keyingi halqasiga aylanmang.

Jamshid Niyozov

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top