16:39 / 06.04.2020
21788
Deputat: YeOIIga a'zolik O‘zbekistonga qiziqish bilan qarayotgan investorlar fikrini salbiy tomonga burishi mumkin
Foto: Partiya matbuot xizmati
«Adolat» SDP fraksiyasi yig‘ilishlarida O‘zbekistonning YeOIIga a'zoligi masalasida muhokamalar davom etmoqda.

Partiya saytida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg‘aniyevaning shu mavzudagi mulohazalari e'lon qilingan.

Deputat O‘zbekistonga birinchi navbatda integratsiya va jahon bozori kerakligi, ammo YeOIIga a'zolik masalasida har tarafni jiddiy o‘ylab qadam tashlash muhimligini bildiradi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston avvalo, ittifoqqa a'zo davlatlarning iqtisodiy holatini o‘rganishi va bunda ikki yildan buyon ittifoq kuzatuvchisi maqomida qolayotgan, lekin a'zo bo‘lmagan Moldova davlati tajribasiga e'tibor qaratishi kerak.

«O‘zbekistonning ittifoqqa kuzatuvchi bo‘lib kirishi yoki to‘laqonli a'zoligi uning YeOIIga a'zo bo‘lmagan davlatlar, xususan, Xitoy, Turkiya va Janubiy Koreya bilan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy munosabatlariga salbiy ta'siri bo‘lishi mumkinmi? Masalaning bu tomoniga ham e'tibor qaratiladimi-yo‘qmi, degan savollar bizni o‘ylantirish kerak», deydi deputat.

U shuningdek, YeOIIga a'zolik O‘zbekistonga qanday oqibatlarni olib kelishi mumkinligi borasidagi fikrlarini bildiradi. U bu borada quyidagi uchta yirik xavfni ko‘rmoqda:

  • YeOIIga a'zo bo‘lish bilan ushbu ittifoqda yetakchi davlat qo‘ygan shartlarga ko‘nishimiz kerak bo‘ladi.

«Bugun xorijiy investorlarga boj to‘lovlarini o‘zimiz mustaqil belgilaymiz, ammo ittifoqqa a'zoli bilan bu bojlarni uning shartlari asosida belgilashga majbur bo‘lamiz.

Yoki qaysidir mahsulotimiz YeOIIga a'zo biror mamlakatda sanitariya normalariga to‘g‘ri kelmasa, ittifoqning boshqa davlatlari bozoriga ham kirolmasligi shunday shartlardan biridir. Ya'ni bu borada bozor va boj siyosatidagi mustaqilligimiz cheklanadi», deydi u.

  • YeOIIga a'zo davlatlar milliy valutasining oxirgi oylarda keskin qadrsizlangani boshqa a'zo mamlakatlar iqtisodiyotiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
  • Ittifoqqa a'zolik O‘zbekistonga qiziqish bilan qarayotgan investorlar fikrlarini ham salbiy tomonga burishi mumkin. Chunki Rossiya hozirda turli sanksiya va bosimlar ostida qolgan. Bu salbiy munosabat YeOIIga ham tegishli.

Deputat Qirg‘izistonning ittifoqqa a'zo bo‘lishi ortidan ushbu davlatga nisbatan Xitoy investorlarining qiziqishi keskin pasayganini eslatgan.

Ko‘pchilik mutaxassislar tomonidan ittifoqqa kirishning ijobiy jihatlaridan biri sifatida o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarining Rossiyada patensiz ishlashi imkoniyati asosiy argument sifatida keltirilishiga javoban «O‘zbekiston bundan buyon ham mehnat muhojiri yetishtirib beruvchi davlat maqomida qolmoqchimi?» degan savol qaytariladi.

«Endilikda, qo‘l mehnati bilan emas, intellektual mehnat bilan daromad topadigan davr kelmoqda. So‘nggi yillarda o‘zgarayotgan siyosat, islohotlar tufayli O‘zbekiston bolalari bog‘cha yoshidanoq kuchli va sifatli ta'lim olmoqda. Yangi davr yangi kadrlarni yetishtirib beradi. Demak, maqsadimizni mehnat muhojiri yetishtirishga emas, malakali va raqobatdosh mutaxassislar yetishtirishga qaratishimiz kerak.

Ammo bozorni yo‘qotmaslik uchun kuzatuvchi maqomida bo‘lish, ittifoq faoliyatini chuqur o‘rganish eng to‘g‘ri yo‘l bo‘ladi», deya fikrlarini yakunlaydi Gulbahor Saidg‘aniyeva.

Top