18:34 / 06.04.2020
42846
Koronavirusga qarshi grafenli elektr niqoblar taqdim etildi

LIGC Applications kompaniyasi asosi grafendan iborat, filtrlash tizimiga ega yuz niqobini ishlab chiqdi. Uni sterillash va qayta foydalanish mumkin.

Foto: LIGC Applications

Yangi niqob koronavirus, bakteriya va boshqa zararli organizmlarga qarshi kurashda samarali vositaga aylanishi aytilmoqda.

LIGC Applications kompaniyasi ma'lumotiga ko‘ra, Guardian G-Volt niqobi bu «havo orqali yuqadigan virus va bakteriyalarga qarshi kurashda bir qadam olg‘a harakatdir», chunki u grafenning antibakterial va o‘tkazuvchanlik xususiyatlaridan foydalanadi

Guardian G-Volt 0,3 mikrometrdan katta hajmdagi zarralarga qarshi 99 foizlik, undan kichikroq zarralarga qarshi esa 80 foizlik samaraga ega.

Taqqoslash uchun: N95 respirator niqob 0,3 mikrometr o‘lchamdagi zarralarning 95 foizini bloklaydi.

G-Volt Guardian USB porti orqali quvvatlanish manbayiga ulanganida undan past darajadagi elektr quvvati o‘tadi. Bu zaryad grafenli niqob tomonidan ushlab olingan zarralarni yo‘q qiladi. Shu tariqa, niqob to‘liq sterillanadi, undan qayta foydalanish mumkin bo‘ladi.

Koronavirus butun dunyoda avj olgani sababli N95 respirator niqoblar samaradorligiga shubha paydo bo‘ldi. Bunday niqob nam bo‘lishi bilan uni utilizatsiya qilish va yangisiga almashtirish kerak.

LIGC Applications xalqaro hamkorlik bo‘limi rahbari Yossi Levinning ma'lum qilishicha, bunday niqobni tayyorlash ustida yillar davomida ish olib borilgan va Isroildagi Ben-Gurion hamda AQShdagi Rays universitetida tajribalar o‘tkazilgan.

«Biz birinchi navbatda olimlarmiz. Biz uchun mazkur texnologiyani qiyin vaziyatlarda qo‘llash imkoniyatiga ega bo‘lish katta ahamiyatga ega».

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hozirgi kunda koronavirusga chalingan bemorlar bilan bevosita muloqot qiladigan va yo‘talayotgan kishilargagina niqob taqishni maslahat bermoqda.

Niqoblar virusning burun va og‘iz orqali odam organizmiga kirishidan himoya qilishi mumkin. Biroq uni ko‘zlar orqali yuqtirib olish ehtimoli ham mavjud. Qo‘llarni muntazam sovunlab yuvish koronavirusdan samarali himoya sanaladi.

Grafen – qalinligi atomga teng bo‘lgan material. U antibakterial xususiyatga ega. Shuning uchun, Guardian G-Volt foydalanuvchini bakteriyalardan ham himoya qilishi mumkin.

Grafen ikki o‘lchamli material hisoblanadi. Grafendan amaliy maqsadlarda foydalanish uchun uni uch o‘lchamli shaklga o‘zgartirish zarur. Bu lazer yordamida amalga oshiriladi. Niqobda asosi grafendan iborat mikrog‘ovakli ko‘pikdan foydalaniladi. U bakteriyalarni ushlab qola oladi va niqob yuzasini sterillash uchun zarur bo‘lgan elektr tokini o‘tkazadi.

Svetodiod niqobni almashtirish haqida ogohlantiradi.

LIGC Applications grafenli filtr va niqoblarni Belgiyada ishlab chiqaradi.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top