08:04 / 06.04.2020
31621
Pandemiya: xavotirlarni qanday yengish mumkin?

Hozirgi vaziyatdan kam talafot bilan chiqib olish borasida tavsiyalar.

Foto: Associated Press

Pandemiya kabi sharoitlarda inson ikki zararli munosabat: beparvolik va bezovtalik o‘rtasida qolib ketadi. Beparvolikning davosi boxabarlikda bo‘lsa, bezovtalikning davosi vaziyatni to‘g‘ri talqin etish va shunga monand harakat qilishdir.

Ortiqcha vahimalar jamiyat va shaxs miqyosidagi real muammolarni chuqurlashtiradi, yangilarini keltirib chiqaradi va odamlarni noto‘g‘ri qarorlarga yetaklaydi.

21-asr uchun mutlaqo o‘zgacha bo‘lgan holat kelib chiqqan bir paytda vahimali kayfiyatni yengish oson emas. Buning uchun bizga tahliliy yondashuv qo‘l keladi. Tahliliy yondashuv deb, biron masalani tarkibiy unsurlarga ajratib olish va ularning har biri bilan alohida shug‘ullanish orqali umumiy yechimga kelish nazarda tutilmoqda.

Demak, aholidagi qo‘rquvni davomiylik nuqtayi nazaridan ikkiga bo‘lamiz: bugungi qo‘rquvlar va kelajak to‘g‘risidagi qo‘rquvlar.

Ayni damdagi xavotirlar

1. Bugungi eng muhim vazifa - COVID-19 kasalligini keltirib chiqaruvchi SARS-CoV-2 nomli virusni yuqtirib olmaslik.

Barcha profilaktika choralariga jiddiylik bilan rioya qilish kerak. Mobodo yuqqanlik asorati bo‘lsa, tibbiy muassasalarga zudlik bilan murojaat qilib, ularning ko‘rsatmalariga ko‘ra ish tutish zarur. Bu kasallik bedavo emas, og‘ir holatlar foiz jihatdan oz, ammo jahonda kuzatilayotgan tibbiy inqiroz vaqtida karantin choralari ko‘rilmagani tufayli virus jahon miqyosida tarqalib ulgurdi.

Uyda qolish, qo‘lni tez-tez sovunlab yuvish kabi tavsiyalarga o‘ta e'tiborli bo‘laylik. Yuz yil oldingi ispan grippi pandemiyasidan olingan saboqlardan eng muhimi: karantin choralarini kundalik iqtisodiy manfaatlardan ustun qo‘ygan joylarda ham ommaviy sog‘liqni saqlash, ham iqtisod sohalarida og‘ir talafotlarsiz chiqilgan.

2. Oziq-ovqat yetmay qolishi qo‘rquvi. Bu qo‘rquv aholi o‘rtasida koronavirusni yuqtirish xavotiridan ko‘ra kattaroq kuchga ega bo‘lgandek ko‘rinyapti.

Aslida esa COVID-19 bilan kasallanib qolish eng asosiy tahlika ekanini anglashimiz zarur. Chunki oziq-ovqat yetishmovchiligiga sabab bo‘ladigan urushlar, iqlimning nihoyatda keskin o‘zgarishi kabi omillar, shukrki, vatanimiz boshiga tushmadi.

Bir narsani yaxshi tushunish kerak, eng muhim ozuqa mahsulotlarini ishlab chiqarish va xarid qilish jarayoni insoniyat tarixining hech bir davrlarida asrimizdagidek oson va keng ko‘lamli bo‘lmagan. O‘zbek xalqi jahonning boshqa ko‘pgina xalqlari kabi taom to‘kin-sochinligini bunchalik darajada ko‘rmagan, o‘tgan asrlar va avvalgi zamonlarda ocharchilik, qahatchilik odatiy hol bo‘lib kelgan edi.

Bizdagi yetishmovchilik xavotiri irsiyatimiz va tarixiy xotiramiz sababli qo‘zg‘alyapti. Butun yer yuzida zaruriy minimum ozuqa bo‘lmish g‘alla-don ta'minoti masalasi zamonaviy genetika va texnologiyalar vositasida hal qilib bo‘linganini bilsak, bu xavotirlar ortiqcha ekanligini anglaymiz. Oziq-ovqatning boshqa turlarida ham shunday tendensiyani kuzatish mumkin.

Pandemiya davridan oldin ham jamiyatda to‘yib ovqatlanmagan oilalarni kuzatganmiz, deb aytishingiz mumkin. Bunga mening javobim: bu muammo asosan ijtimoiy boylikning nooqilona taqsimoti va keskin tabaqalanishdan kelib chiqqan, oziq-ovqat mahsulotlarining yetishmovchiligidan emas. Ishonmasangiz, to‘y-hashamlarda isrof bo‘lib ketgan, do‘konlarda, restoran-kafelarda sotilmay qolgan tonnalab yegulik mahsulotlarining tashlab yuborilishi haqida bir qiziqib ko‘ring.

Fikrimcha, O‘zbekistonda ochlikdan vafot etish xatari minimum darajada.

Oziq-ovqat importi, katta-kichik do‘konlar faoliyati hukumat tomonidan to‘xtatilgani yo‘q. Aksincha, ularning faoliyati har tomonlama qo‘llab-quvvatlanilishi kutilyapti. Markazlardan uzoqroq hududlarda ozuqa ta'minoti buzilayotganini ko‘rsangiz, hokimlik ma'muriyati, mahalliy deputatlar va agar vaziyat og‘irlashsa, Favqulodda vaziyat vazirligi bo‘linmalariga qo‘ng‘iroq qiling.

Mahsulotlar yetishmay qolishi ularning yo‘qligidan emas, balki qayerdadir transport bilan bo‘lgan muammo yoki rasmiyatchilik to‘siqlari tufayli sodir bo‘layotgan bo‘lishi mumkin.

Og‘ir holga tushib qolganlar bo‘lsa, xayriya tarqatish markazlarga murojaat qilishingiz mumkin. Bu markazlar kam ta'minlangan oilalarga davlat va xomiylar hisobidan eng zaruriy oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishmoqda.

3. Ishlarning to‘xtab qolishi vaqtinchalik ekanini va pandemiyadagi muhim chora ekanini tushunish kerak. Mehnatga loyiq inson uchun «bekorchi» bo‘lib uyda qolish ayb hisoblangan jamiyatda karantin choralari g‘ayrioddiy ko‘rinadi va ongda bezovtalik uyg‘otadi.

Amerikalik bir tadbirkor: «Shaytonni uchratmoqchi bo‘lsang, bekor o‘tir va u, albatta, huzuringga keladi», degan edi.

Albatta, bu gapda jon bor. Tushkunlikka tushib qolish, asabiylashish, janjal ko‘tarish kabi salbiy holatlar aynan bekorchilikda kuchga kiradi. Aslida uy sharoitida o‘zini ihota qilib o‘tirish mutlaqo faolsizlikni anglatmaydi. Uyda mayda ta'mirlash ishlari, kitob o‘qish, farzandlarning darslari bilan mashg‘ul bo‘lish va internetdagi ilmiy-ommabop ma'lumotlarni o‘qib chiqish mumkin. Karantin – bilim va ma'naviy saviyani kengaytirish uchun ayni fursat.

Kelajak borasidagi xavotirlar

1. Ish yo‘qotish xavfi. Pandemiya ertami-kechmi to‘xtaydi va karantin choralari butun jahon miqyosida olib tashlanadi. Shu bilan ko‘pgina ish joylari qaytadan ochiladi. Bandlik darajasini maqbul darajada saqlash davlatning asosiy siyosatiga aylanadi.

Bir narsani yaxshilab anglash lozim: odamlarni nochor va ishsiz holda qoldirish hukumatning siyosiy manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi, u barcha imkoniyatlarini ishsizlik bilan kurashishga qaratishini taxmin qilish mumkin.

Albatta, xususiy sektordagi ba'zi korxonalar vaqtinchalik yoki butunlay yopilib qolishi xavfi bor. Bunday holatda darrov vaziyatni o‘rganib chiqib, qonun bilan ta'minlangan huquqlaringiz rioya qilinishiga e'tibor bering. Bandlik bilan ta'minlash organi ro‘yxatidan o‘tib oling va o‘zingiz yangi ish qidirishni boshlang.

Albatta, bu hamisha ma'lum urinishlarni va sabr qilib kutishni talab qiladigan jarayon bo‘lib kelgan. Tushkunlik bosimi ostida turli katta xatarlar va noma'lumliklarga to‘la muhojirlik tomon qadam tashlash – eng noto‘g‘ri yo‘l.

Mehnat muhojirlarimiz eng ko‘p boradigan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa yurtlarda vaziyat pandemiyasiz ham og‘irlashib bormoqda. Yaxshisi, o‘zingizning hunar va bilimlaringizni mamlakat ichida ishga solishni o‘ylang, yangi mutaxassislik beruvchi kurslar bo‘lsa, ularga ham qatnab ko‘ring (albatta, pandemiyadan so‘ng).

Bilingki, ish yo‘g‘ida ish topish sizning asosiy vazifangiz bo‘lsin. Ehtimol, kichikroq ko‘lamda bo‘lsa ham tadbirkorlik sizning yo‘lingizdir?

Ish topilgunicha o‘z-o‘zini band qilib turish eng yaxshi choralardan biridir. Kim bilsin, balki siz ish talab qiluvchi emas, balki ish bilan ta'minlovchi tadbirkor bo‘lishga muvaffaq bo‘larsiz. O‘ylaymanki, pandemiya tugagach, davlatning tadbirkorlikka e'tibori kuchayib, tadbirkorlar uchun kengroq sharoitlar yaratishga harakat qiladi.

Darvoqe, karantin davrida pandemiyadan so‘ng nima ishlar bilan shug‘ullanish haqida o‘ylash, mutaxassislik va malakani bir oz bo‘lsa-da puxtaroq egallab olish uchun yaxshi fursat yuzaga keladi. Bu fursatni qo‘ldan boy bermang.

2. Narx-navolar oshib ketish to‘g‘risidagi xavotirlar. Afsuski, O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan inflatsiya va giperinflatsiya girdobiga sho‘ng‘ib ketdi. Pul qadrsizlanishi bu – alohida va chuqur mavzulardan, lekin maqolamiz doirasida aytishimiz mumkinki, aholi tarafidan narx-navolar oshishini kutishning o‘zi narx-navolarning oshib ketishini yanada kuchaytiradi («o‘z dumini tishlab olgan ilon» suratini tasavvur qiling).

Xo‘sh, bunday sharoitda oddiy fuqaro qanday yo‘l tutishi mumkin?

Inflatsiya pandemiyasiz ham davom etaverishini yaxshilab anglab, asosiy e'tiborni mehnat samaradorligiga qaratish kerak.

Birinchidan, sarflayotgan mehnatingizni ko‘proq natija berishini ta'minlash haqida o‘ylab, uni amalga oshiring. Ikkinchidan, ishdan kutilayotgan natijaga mehnat va xarajatni tejagan holda erishish haqida o‘ylab, uni amalga oshiring.

Demak, natija va xarajatlar mutanosibligi haqida ish beruvchi bilan muhokama qilib olish lozim. Shuningdek, shaxsiy samaradorlikni tashkilot samaradorligiga bog‘lashni ta'minlash zarur. Ana shu asnoda xodim o‘z maoshini va samaradorlik mukofotini muntazam oshirib borish «xarita»sini tuzib olish mumkin.

Ko‘pchilikka bu tavsiyalar g‘alati ko‘rinishi mumkin, sababi – jamiyatimizda xodim va ish beruvchi munosabatlari «boy ila xizmatchi» formatida yuritilishi odatiy bo‘lib qolgan, aslida esa ishchi ish beruvchi bilan sotuvchi (ishchi) va xaridor (ish beruvchi) munosabati yoki sheriklar o‘rtasidagi munosabat shakliga o‘tishi kerak.

Mehnat samaradorligining ortishi milliy boylik – ishlab chiqarishning o‘sishini ta'minlaydi, bu esa o‘z navbatida inflatsiya sur'atini pasayishiga olib keladi. Demak, ishchi bir tarafdan mehnat samaradorligi o‘sishi evaziga o‘z daromadini oshirsa, boshqa tarafdan, mazkur jarayon ommalashgan taqdirda, bozor narxlari o‘sishi ancha sekinlashadi. Albatta, buning uchun ish bervuvchi tadbirkorlar va davlatdan ham ma'lum o‘zgarishlar kutiladi.

Jamg‘armalarni inflatsiyaning salbiy oqibatidan saqlash yo‘llaridan biri – mablag‘larni aktivlarda saqlashdir. Bunga mablag‘ni tilla-kumush buyumlari shaklida va bir necha valuta savatchalarida saqlash (dollar, yevro, so‘m va boshqalar) kiradi. Aholining ba'zi qatlamlari uchun chorva va ko‘chmas mulk ham yechim bo‘lishi mumkin (albatta, bir qator sharoitlarni inobatga olgan holda).

Jamg‘arma mablag‘ning bir qismini qanday sohalarga tikish haqida mendan ko‘p so‘raydilar. Bu oddiy savol emas va so‘rovchining qanchalik tavakkal qila olishga qurbi yetishi, mutaxassis sifatida qaysi sohada «suyagi qotgani» (noma'lum sohaga tikish xatarli) va boshqa bir necha omillar ko‘zda tutilishi kerak. Lekin mazkur maqola doirasida ushbu universal tavsiyani berishim mumkin: o‘zingiz, yaqinlaringiz, jumladan, farzandlaringiz bilimini oshirishga jiddiy e'tibor qaratish lozim, bilim – kelajakda foyda keltirish ehtimoli yuqori bo‘lgan investitsiyadir.

3. Iqtisodiy tanglik sababli to‘y-hasham majburiyatlarini bajarish og‘irlashib ketishi o‘zbek uchun eng dahshatli va eng ayanchli vahimalardan biridir.

Katta hajmda sarpolar to‘plash, ko‘p sonli mehmon chaqirilgan nikoh to‘yi, sunnat to‘yi, beshik to‘yi, umra-hajdan keyingi mehmondorchilik, marhum xotirasi marosim oshlari – isrof ekanini sidqidildan anglamoq lozim.

Bugungi kunda barcha marosimlarni eng yaqin qarindoshlar davrasida tejamkorlik bilan o‘tkazish har qanday oqil odam uchun ustuvor qarash bo‘lishi va bu qarashni qat'iyat bilan himoya qilish lozim.

Qimmatbaho va katta hajmdagi sarpolar hech qachon osoyishta oila badali bo‘lmagan. Aksincha, ular ancha-muncha odamni nochorlikka solib qo‘ygan. Buni tushunmaydigan qudalar bilan aloqa o‘rnatish shartmikan? Nahotki, aholisi 33 millionlik odamlardan iborat mamlakat ichida boshqa munosib oila topilmasa?

Yoshlar ham yangi hayotga qadam qo‘yayotgan ekan, o‘zlari va yaqinlarini qarzdorlikka mahkum qilmaydigan yo‘lni tanlashlari va bu yo‘lda qat'iy turishlari lozim. Hozirgi payt va bunday keyingi davr isrofgarchilik davri emas. Albatta, «dono» qo‘shni, qarindosh va hatto oila a'zolari tarafidan bosim bo‘lishi tayin. Biroq, bularning barchasi arzimas jazavalardir va bular yangi hayotni noto‘g‘ri qadamlar bilan boshlashga sababchi bo‘lmasligi kerak.

Jamoatchilikning qoloq va zararkuranda odatlariga «yo‘q!» deya olish madaniyatini ommaviylashtirish kerak.

Bu mamlakatning moddiy va ma'naviy sog‘lomlashuvi uchun eng kuchli omillardan biri bo‘lishiga ishonaman. Pandemiya va uning oqibatida kelib chiqadigan ba'zi iqtisodiy qiyinchiliklar mana shu illatni bartaraf qilish uchun qulay sharoit yaratadi, deb o‘ylayman. Bo‘lmasa bu qiyinchiliklar juda ko‘p odamlarni katta muammolarga g‘arq qiladi!

Ijtimoiy himoya organlari, mahalla faollari, deputatlar, jurnalistlar va blogerlar shu muammo tufayli bosim ostida qolganlarga yelkadosh bo‘lib, qo‘lidan kelgancha yordam berishlarini tavsiya qilaman.

Albatta, yuqoridagi mulohazalar va tavsiyalar umumiylashtirib berilgan, ko‘pgina xos vaziyatlar va ko‘plab mayda omillar inobatdan tashqarida qolgan. Shu bilan birga, eng asosiy xulosa – barcha vaziyatlar, qatlamlar, oilalar va shaxslar uchun taalluqli deb o‘ylayman:

Vaziyat – murakkab. Hech kim bunga tayyor emas edi. Lekin undan sog‘-omon chiqib ketish yo‘llari bor. Pandemiyadan so‘ng kelishi mumkin bo‘lgan qiyinchiliklarni ham bosib o‘tsa bo‘ladi. Muhimi – ortiqcha vahimaga berilmaslik, teran fikr asosida qat'iy qarorlar chiqarish va ularni amalga oshirishdir.

Qat'iyat va bosiqlikni saqlang. Beparvo bo‘lmang. Uyda qoling.

Jamshid Muslimov

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top