17:10 / 07.04.2020
5501

7 aprel – Umumjahon sog‘liqni saqlash kuni

1950 yil 7 apreldan beri har yili dunyo hamjamiyati ushbu sanani Umumjahon sog‘liqni saqlash kuni sifatida nishonlab kelmoqda.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

1948 yilning 7 aprelida Sog‘liqni saqlash masalalari bo‘yicha assambleyaning birinchi yig‘ilishida Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga asos solingan.

JSST – Birlashgan Millatlar Tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo‘lib, uning tarkibiga hozirda 194ta a'zo davlat kiradi.

JSST Shveytsariyaning Jyeneva shahrida joylashgan bosh idorasi hamda 6ta mintaqaviy va 150ta mamlakatdagi vakolatxonalariga ega. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkilotning Yevropa mintaqasidagi vakolatxonasiga qarashlidir.

O‘zbekiston JSSTga 1992 yil 25 mayda a'zo bo‘lgan. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yilda Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan.

Umumjahon sog‘liqni saqlash kuni – bu sayyoramiz aholisi e'tiborini salomatlik va sog‘liqni saqlash muammolariga jalb qilishga qaratilgan global kampaniyadir.

Umumjahon sog‘liqni saqlash kunini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar JSST boshchiligida tashkillashtiriladi. Bu kunni nishonlash munosabati bilan har yili sog‘liqni saqlash sohasida dolzarb bo‘lgan masalalarga xalqaro jamoatchilikning e'tiborini qaratish maqsadida muayyan bir mavzu belgilab olinadi.

2020 yil «Xalqaro hamshiralik va akusherlik xizmati xodimlari» yili deb e'lon qilingan, shu sababli ushbu kun tadbirlari hamshiralar va akusherlik xizmati xodimlarining butun dunyoda odamlarning sog‘lig‘ini himoya qilishdagi muhim o‘rni va hamshiralar va akusherlik xizmatlarini kuchaytirish zarurligiga bag‘ishlandi.

JSST hisobotiga ko‘ra, dunyoda 28 millionga yaqin hamshira bor va davlatlar uchun kamida 5,9 mln hamshira yetishmayapti.

Hisobotda ta'kidlanishicha, hamshiralar sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik professional guruh bo‘lib, tibbiyot xodimlari umumiy sonining qariyb 59 foizini tashkil qiladi.

Afsuski, koronavirus pandemiyasi tufayli Umumjahon salomatlik kuni tashvishli sharoitda o‘tmoqda.

Ayni kunlarda barcha kuch va vositalar, mablag‘ va resurslar koronavirusning keng tarqalishi oldini olish, virus bilan kasallanganlarni sog‘aytirish, butun mamlakatning sanitariya-epidemiologiya holatini barqarorlashtirishga yo‘naltirilgan.

Pandemiya – tibbiyot xodimlari qanchalik muhim kasb egalari ekani va ularning jamiyatdagi roli muhimligini ko‘rsatib berdi.

Biz tibbiyot xodimlari timsolida xalq salomatligi yo‘lida o‘z halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini ko‘ramiz. Hozirgi kunda yuzaga kelgan vaziyat yurtimizning har bir fuqarosi zimmasiga katta mas'uliyat yuklamoqda. Ayniqsa, tibbiyot xodimlarining yelkasidagi yukning zalvori og‘ir.

Shuhrat Rahmonov,
yuridik fanlar nomzodi.

Mavzuga oid
Top