10:25 / 07.04.2020
17447
Jahon banki O‘zbekistonga inqirozga qarshi kurash uchun 1,2 milliard dollar ajratishi mumkin

Jahon banki koronavirus pandemiyasi oqibatlari bilan kurashda O‘zbekistonga moliyaviy ko‘mak beradi. Bu haqda investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi rasmiy saytida xabar berilgan.

Foto: AP Photos/Susan Walsh

Xabarda aytilishicha, 6 aprel kuni bosh vazir o‘rinbosari Sardor Umurzoqov Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasi bo‘yicha Jahon banki Guruhi vitse-prezidenti Siril Myuller videokonferensiya ko‘rinishidagi suhbatda shu masalani muhokama qilgan.

«Tomonlar aholini koronavirusdan himoya qilishga, korxonalar, birinchi navbatda, kichik va o‘rta biznes sub'yektlarini, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar va xususiy tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan birgalikdagi istiqbolli choralarni muhokama etishdi.

Siril Myuller O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti boshchiligida aholining ijtimoiy himoya darajasini oshirish va mamlakatda iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘zini oqlagan choralarni yuqori baholadi», deyiladi vazirlik xabarida.

Janob Myuller Jahon banki Guruhi tomonidan shakllantirilgan 14 milliard AQSh dollari miqdoridagi «Tayyorlik va javob strategik dasturi» mablag‘larini O‘zbekistonning inqirozga qarshi dasturini qo‘llab-quvvatlash uchun mobilizatsiya qilish niyatida ekanligidan xabardor qildi.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash tizimini, ijtimoiy himoya institutlari va budjet ko‘magini moliyalashtirish uchun 1,2 milliard AQSh dollari miqdorida mablag‘larni operativ ajratish masalasi ham muhokama qilindi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top