22:34 / 07.04.2020
5900
JSST karantin rejimini barvaqt yumshatmaslikka chaqirdi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti turli davlatlar rahbariyatlarini koronavirus pandemiyasini to‘xtatish maqsadida kiritilgan karantin choralarini barvaqt bekor qilmaslikka chaqirdi. 

Foto: Reuters

Bu haqda JSST vakili Kristian Lindmayyer Jyenevadagi brifingda aytib o‘tgan.

“Eng muhim vazifalardan biri – avvalgi pozitsiyalarga qaytmaslik uchun cheklovchi choralarni barvaqt yumshatmaslik lozim. Bu go‘yoki kasal odam to‘shakdan erta tursa va erta ishga unnab ketsa, yana kasal holiga qaytishi mumkin bo‘lgandek gap”, deb aytgan Lindmayyer.

U JSST davlatlar yoki mintaqalar uchun koronavirus tarqalishi oldini olish bo‘yicha choralarni yumshatish borasida umumiy tavsiyalarga ega emasligini ta'kidlab o‘tgan. 

Bu orada Avstriya Yevropa davlatlaridan birinchi bo‘lib karantin rejimini yumshatishini e'lon qildi. Avstriya kansleri Sebastyan Kurs tvitterda keyingi haftadan kichik do‘konlar ishini tiklash, keyin esa sekin-asta mehmonxonalar va restoranlar ochilishi rejalashtirilayotganini aytgan. Uning aytishicha, Avstriya o‘ziga karantinni yumshatishga ijozat bera oladi, chunki u kasallik tarqalishiga qarshi boshqalarga ko‘ra samaraliroq javob bergan.

Shuningdek, Chexiyada 9 apreldan xobbi uchun tovarlar sotuvchi nuqtalar ishlashiga, 14 apreldan esa fuqarolarga mamlakatni asosli sababga ko‘ra tark etishga ruxsat berilmoqchi.  

Shuningdek, Daniya ham karantin choralarini bosqichma-bosqich bekor qilish rejasini taqdim qildi. Bu yerda 15 apreldan bolalar bog‘chalari va boshlang‘ich maktablar faoliyatini qayta boshlash rejalashtirilgan. Biroq Daniya bosh vaziri Mette Fredriksen boshqa cheklovchi choralar 10 maygacha, ommaviy tadbirlarga taqiqlov esa avgustgacha amal qilishini ta'kidlab o‘tgan.

Top