23:07 / 07.04.2020
10532
Lukashenko koronavirusga chalinganlarni shaxsan o‘zi davolashga tayyorligini aytdi

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko sog‘liqni saqlash vaziri Vladimir Karanik bilan birga koronavirus pandemiyasi vaqtida zarurat bo‘lsa, odamlarni davolashga tayyorligini aytdi. 

Foto: Visegrad 24

Lukashenkoning rasmiy saytida ma'lum qilinishicha, Belarus prezidenti 7 aprelda respublika sog‘liqni saqlash tizimining koronavirus tarqalishi xavfiga qarshi kurashishga tayyorligi haqidagi hisobotni tinglagan. Lukashenko bu mavzu atrofida shov-shuv ko‘tarmaslikni, biroq zarurat bo‘lsa o‘zi ham shifokorlarga yordam berishga tayyorligini aytgan.   

“Agar siz uchun biror-bir narsa qilolsam, iltimos ayting. Men vazirga ham aytgandim: Vladimir Stepanovich, kerak bo‘lsa, sen bilan odamlarni davolashga boramiz. Men buni unga aytganman. U esa “hozircha hojat yo‘q”, deb javob qildi”, deb aytgan Belarus prezidenti. 

Ayni vaqtda Lukashenko Belarusda karantin choralari kiritishga qarshi chiqmoqda.  

Bu orada respublikada zudlik bilan karantin kiritish talab qilingan petitsiya 150 mingdan ko‘proq odam tomonidan imzolanib, JSSTga yuborilgan. Petitsiyada “virus jadal tarqalayotgan bir vaqtda odamlar ishga va o‘qishga qatnayotgani, falokatli oqibatlar oldini olish uchun barcha uyda qolishi lozimligi” aytilgan.

Ayni vaqtda Belarusda koronavirusga chalinganlar 861 nafarni, undan vafot etganlar 13 nafarni tashkil qilmoqda.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top