15:26 / 07.04.2020
81756
Navoiyda er va xotin bolalari bilan karantin hududidan qochib ketdi

Navoiy viloyatida Toshkent shahridan kelganidan keyin karantinga olingan oila a'zolari - er, xotin va ularning uch nafar farzandi karantin hududidan ketib qolgani aniqlandi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Vazirlik ushbu oila endilikda qayerga joylashtirilgani to‘g‘risida ma'lumot bermagan.

«6 aprel kuni Navoiy viloyati, Nurota tumanida yashovchi Sh.S. (ayol), turmush o‘rtog‘i B.B. va uch nafar farzandi bilan Toshkent shahridan qaytib kelganligi sababli, Nurota tumani Sanitariya epidemiologiya-osoyishtalik markazi tomonidan karantinga olingan bo‘lsa-da, karantinga olingan xonadonidan o‘zboshimchalik bilan chiqib ketganligi aniqlanib, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasi bilan ma'muriy javobgarlikka tortilgan», – deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

Qonunchilikka ko‘ra, bunday qonunbuzarlik uchun fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining (223 000 so‘m) yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — o‘ttiz baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solish ko‘zda tutilgan.

Vazirlik ma'lumotiga ko‘ra, 7 aprel holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda karantin qoidalariga amal qilmaslik bilan bog‘liq jami 32 649 ta holat aniqlandi.

Qayd etilishicha, eng ko‘p — 5 284 ta qoidabuzarlik Toshkent shahrida qayd etilgan. Shu sababli Toshkent mahallalarida karantin tartibini nazorat qiluvchi yuzlab postlar tashkil etildi. Toshkent viloyatida esa bunday holatlar soni 3 910 tani tashkil etmoqda.

Respublika bo‘yicha aniqlangan qoidabuzarliklar esa quyidagicha:

  • Farg‘ona viloyatida — 4 088 ta;
  • Samarqand viloyatida — 3 194 ta;
  • Qashqadaryo viloyatida — 2 877 ta;
  • Namangan viloyatida — 2 171 ta;
  • Sirdaryo viloyatida — 2 161 ta;
  • Andijon viloyatida — 1 1781 ta;
  • Jizzax viloyatida — 1 613 ta;
  • Surxondaryo viloyatida — 1 533 ta;
  • Xorazm viloyatida — 1 330 ta;
  • Buxoro viloyatida — 1 320 ta;
  • Navoiy viloyatida — 345 ta;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 1 042 ta holatni tashkil etmoqda.

«Karantin qoidalari va sanitariya cheklovlariga rioya qilish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilishiga qaramasdan hamon qoidabuzarlik holatlari kuzatilmoqda», — deyiladi vazirlik xabarida.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top