16:53 / 07.04.2020
23401
Qurolli kuchlar koronavirusga qarshi qurolsizmi? Dunyo armiyalaridagi vaziyat haqida
Foto: REUTERS/Flavio Lo Scalzo

Sayyoramizdagi bugungi vaziyat haqida bexabar odam bo‘lmasa kerak. Shunday odam topilganda ham, uni jamiyat zamona kishisi sifatida qabul qilolmasdi. Chunki koronavirus balosi birgina millat yo mamlakat yoki qit'aga emas, balki butun yer yuziga taalluqli muammoga aylanib ulgurdi. Ha, bugun dunyo ahli shu kasallikka qarshi kurashmoqda. Dunyoda hozircha yolg‘iz Xitoygina bu jangda g‘alaba qozongan davlat bo‘lib turibdi.

Xo‘sh, Xitoy koronavirusni qanday yengib o‘tdi? Bu kurashda armiyaning roli qanday bo‘ldi? Umuman, kasallikka qarshi kurashayotgan davlatlar armiyasi bu ko‘rinishdagi jangovar topshiriqni qay tarzda bajarmoqda? Quyida shular haqida to‘xtalib o‘tamiz.

Xitoyda boshlangan jangovar topshiriq

Xitoyning markaziy harbiy kengashi Uhan shahrida tarqalgan koronavirusga qarshi kurashga armiyani ham jalb etgandi. (Shu tariqa dunyo armiyalari mana shu ko‘rinishdagi jangovar topshiriqqa birin-ketin jalb qilina boshladi). Keyinroq rasmiy Pekin koronavirusni Xitoyga amerikalik harbiylar olib kelgan, degan taxminni ilgari surdi.

Hozirda Xitoy koronavirus vaksinasini ishlab chiqish ustida bosh qotirmoqda. E'tiborlisi, COVID-19ga qarshi vaksina Xitoy xalq-ozodlik armiyasining Harbiy tibbiyot akademiyasi olimlari va mahalliy farmatsevtika kompaniyalarining mutaxassislari tomonidan ishlab chiqarilishi ko‘zda tutilgan.

Fransuz armiyasi «daxlsiz dushman»ga qarshi

Fransiyada ham vaziyat o‘ta jiddiy. Prezident Makron mamlakat fuqarolarining alohida sababsiz uyni tark etishini taqiqlovchi farmon imzolagan. U maktab, do‘kon, kafe va muzeylar yopilishi yetarli chora bo‘lmaganini aytmoqda.

«Shifokorlar vaziyat naqadar jiddiyligi to‘g‘risida ogohlantirganiga qaramay, odamlar xiyobon, bozor va restoranlarda yig‘ilishda davom etib, hukumat farmoyishlarini inkor etmoqda», – dedi Makron millatga telemurojaatida.

Fransuz armiyasi asosan bemorlarni shifoxonalarga tashish bilan shug‘ullanmoqda. Shuningdek, mamlakatdagi vaziyat barqarorligini ta'minlashda ham armiyaga tayanilmoqda.

Afg‘onistonda jangarilar ham virusdan himoyaga otlangan

E'tiborlisi, Afg‘oniston armiyasi ortidan toliblar ham koronavirusga qarshi kurashga qaratilgan chora-tadbirlarda faol ishtirok etyapti.

«Tolibon» nazoratidagi hududlarda jangarilar tinch aholiga koronavirusga qarshi qanday kurashish bo‘yicha maslahatlar bitilgan varaqalar, sovun va tibbiyot niqoblarini tarqatmoqda.

Hozirda «Tolibon» harakati alohida diagnostika va davolash markazlarini tashkil etish va ishga tushirish maqsadida fondga mablag‘lar ajratish bo‘yicha ham ishlar boshlagan. Bundan tashqari, toliblar xalqaro tashkilotlarni ham koronavirusga qarshi kurashda hamkorlikka chorlagan.

Ta'kidlash joizki, 24 martdan buyon toliblar hech qanday jangovar yoki tajovuzkor harakatlarni amalga oshirgani yo‘q.

Qozog‘istonda nima gap?

Qozog‘iston Qurolli Kuchlari dezinfeksiya tadbirlarini o‘tkazish uchun biologik himoya bo‘linmalarini tuzmoqda, politsiya esa favqulodda vaziyatda profilaktik chora-tadbirlarni olib borish va tartibni saqlashga ko‘maklashmoqda.

Mamlakatda 15 martdan 15 aprelga qadar favqulodda holat e'lon qilingan. 23 mart kuni Favqulodda vaziyatni nazorat qilish davlat qo‘mitasi uchrashuvida prezident Qosim-Jo‘mart To‘qayev bergan buyruq asosida, mamlakat bo‘ylab politsiya va harbiy patrullar joylashtirildi.

Qozoq Qurolli Kuchlarining biologik himoya bo‘linmalari maktablar, bog‘chalar, tibbiyot muassasalari, savdo markazlari, bozorlar, masjidlar, temiryo‘l vokzallari, piyodalar yo‘lakchalari, bekatlar, xiyobonlar va maydonlarni dezinfeksiya qilmoqda.

Harbiylar xorijda qolib ketgan qozog‘istonliklarni vataniga qaytarishga ham ko‘maklashmoqda: chet eldagi qozog‘istonliklarni vatanga qaytarishda harbiy samolyotlardan ham foydalanilyapti.

Shu bilan birga, mudofaa sohasida faoliyat yuritadigan «Kazaxstan injiniring» pudratchi korxonasi 25 mart kuni tibbiy muassasalarga 180ta sun'iy nafas oldirish apparati yetkazib berilganini ma'lum qildi.

Germaniya armiyasi o‘z askarlarini davolash uchun ham joy hozirlamoqda

Germaniya Qurolli Kuchlari – Bundesverning tibbiy bo‘limlarida 20 mingga yaqin qo‘shin bor. Hozirga qadar ular favqulolda holat ro‘y bersa, yordam ko‘rsatish maqsadida 5ta dala kasalxonasining «kuchini sinab ko‘rdi». Ushbu shifoxonalarda intensiv terapiyaga muhtoj og‘ir bemorlar uchun joy hozirlangan.

Oddiy vaziyat uchun bu yetarli, ammo ekstrimal hollarda hozirlangan joylar soni kamligini Bundesver ham yaxshi anglab turibdi. Koronavirusning na millat, na elat va na kasb tanlamayotganini inobatga olib, nemis harbiylari hech bo‘lmasa o‘z-o‘zini joy bilan ta'minlash masalasini birinchi galda hal etishga kirishdi. Ya'ni, joylar ko‘paytirilmoqda. Ammo vaziyat o‘ta jiddiy tus oladigan bo‘lsa, harbiylar tomonidan aholiga ham tibbiy xizmatlar ko‘rsatilishiga ishontirilmoqda.

Qurolli Kuchlar koronavirusga qarshi qurolsizmi?

Yana shu narsani alohida ta'kidlash joizki, koronavirusga qarshi kurashda o‘z davlatiga yordam berayotgan armiyalarning o‘zi ham xavfdan holi emas.

Kasallik jangovar saflarga ham kirib borgan. Virus davlatlar Qurolli Kuchlariga-da tahdid solmoqda. Armiyalardagi vaziyat kundan kunga yomonlashmoqda.

Qo‘shinlarning ko‘plab yuqori martabali harbiy xizmatchilari kasallikni yuqtirib olgan. Bu borada Italiya, Gretsiya, Eron va Misr armiyalarini alohida ta'kidlash mumkin. Italiyada 9 nafar general kasallikka chalinib, karantinga olingan. Eron, Misr va yunon qo‘shinlarida o‘lim holati qayd etildi.

Epidemiya NATOning Belgiyadagi bosh shtab-kvartirasiga ham yetib bordi.

Hozircha dunyo armiyalari ichida eng ko‘p talafot ko‘rgani AQSh armiyasi bo‘lib turibdi. Amerikalik harbiylar orasida koronavirusga chalinganlar soni boshqalarnikiga nisbatan ko‘proq. Tahlilchilarning fikricha, bu – AQShning bir necha yil Qo‘shma Shtatlardan tashqari boshqa hududlarda jangovar amaliyot va mashg‘ulotlarni olib borishdan cheklashi mumkin.

Nima bo‘lgan taqdirda ham, armiya – har bir davlatning tayanchi. U mamlakat taqdiriga daxl qiladigan har qanday xavfni bartaraf etishda eng oldingi saflarda bo‘ladi.

Islomjon Qo‘chqorov,
«Vatanparvar» gazetasi muxbiri.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma'lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top