11:11 / 07.04.2020
28938

Urush, o‘limlar va koronavirus. Qirolicha qanday paytlarda favqulodda murojaat qilgan?

6 aprel kuni Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II birlashgan qirollik fuqarolariga navbatdan tashqari murojaat qildi.

Foto: BBC

Qirolichaning bu chiqishi ham avvalgilari kabi juda ta'sirchan bo‘ldi. U yaxshi kunlar yana kelishini aytdi.

93 yoshli monarx 68 yildan buyon Britaniya qirolichasi hisoblanadi va bu vaqt davomida u britaniyaliklarga faqat to‘rt marta navbatdan tashqari murojaat qilgan.

Beshinchi murojaat 6 aprel kuni koronavirus munosabati bilan amalga oshirildi. Oldingi holatlar qachon sodir bo‘lgan? Bu voqealarning nimasi Britaniya uchun muhim bo‘lgan?

«Sahrodagi bo‘ron»

1990-1991 yillardagi Fors ko‘rfazi urushidan keyingi g‘alaba paradida / GETTY IMAGES

Yelizaveta II har yili odatiy tarzda Rojdestvo munosabati bilan britaniyaliklarga murojaat qiladi. Uning navbatdan tashqari (favqulodda desa ham bo‘ladi) ilk murojaati 1991 yil 24 fevral kuni amalga oshiriladi. O‘shanda Iroq Kuvaytga bostirib kirgach, AQSh va Britaniya boshchiligidagi xalqaro koalitsiya Iroqqa 1991 yil 15 yanvargacha o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketish talabini qo‘yadi. Saddam Husayn boshchiligidagi iroqliklar talabni bajarmagach, koalitsiya havo zarbalari berishni boshlaydi.

24 fevralda quruqlik qo‘shinlari harbiy harakatlarni boshlaydi. Bu hujumda britaniyalik askarlar ham qatnashadi va unga «Sahrodagi bo‘ron» deb nom beriladi. Shu sabab bosh qo‘mondon qirolicha Britaniya xalqiga navbatdan tashqari murojaat qiladi: «Jamiyatni birlashtirish uchun «Biz birgamiz», deyishning o‘zi kifoya emas. Bu uchun chindan birga bo‘lish kerak. Xalqimiz bizning qurolli kuchlarimiz bilan faxrlanadi.

Ittifoqchilarimiz bilan birga harbiylarimiz tezda muvaffaqiyat qozonishadi va imkoni boricha kam yo‘qotish va qiyinchiliklar bilan ortga qaytishadi. Harbiylarimiz munosib bo‘lgan mukofotlari — tinch va adolatli dunyoga erishadilar deb umid qilaman», degandi o‘shanda qirolicha.

Iroq va Kuvayt o‘rtasidagi urushda Britaniya askarlari nima qilib yurgandi deysizmi? Saddam Husayn Kuvaytga bostirib kirib, BMT rezolyutsiyasini buzgach, «dunyo egalari» sifatida AQSh va Britaniya xalqaro koalitsiya safida muvozanatni buzgan Iroqni jazolashga kirishgandi. Bu janglarda Britaniya armiyasining 24 nafar harbiysi halok bo‘ladi. Shuningdek, qirollik armiyasi Iroqdagi urushda 2ta tank va 8ta samolyot yo‘qotadi.

Diananing vafoti

Chris Jackson/Getty Images

Qirolicha britaniyaliklarga ikkinchi marta 1997 yil favqulodda murojaat qiladi. O‘shanda malika Diana fojiali tarzda halok bo‘lgandi. Diananing vafoti tarixdagi eng sirli o‘limlardan biri bo‘lib qoladi. U qotillik qurboni bo‘lgani haqida ko‘p gapirilgan va surishtiruvlar ham o‘tkazilgan, ammo rasmiy ma'lumotlarda o‘lim sababi o‘zgarmagan - baxsiz hodisa.

Yaqinda qonidan koronavirus aniqlangan shahzoda Charlz esingizdami? Diana uning rafiqasi edi. Charlz qirolichaning to‘ng‘ich o‘g‘li, Diana esa qirolichaning kelini, ya'ni Britaniya malikasi bo‘lgan. 16 yil davomida qirollik malikasi degan sharafli nomni ko‘tarib yurgan Diana 36 yoshida halokatli o‘lim topgandi. Hozirda malika Diananing tarixi haqida gapirmoqchi emasmiz, gap uning o‘limi va buni Britaniya qanday qabul qilgani haqida.

Yumshoq qilib aytganda, xulqi borasida unchalik yaxshi nom chiqarmagan Diana 1997 yil 31 avgust kuni Parijda avtohalokatga uchrab, halok bo‘ladi. U mashinada yolg‘iz bo‘lmaydi. Diana Parijda «do‘sti» misrlik Dodi al Fayyed bilan birga vaqtini o‘tkazayotgan bo‘ladi. Ular ketayotgan «Mercedes» S280 Parijdagi Alma ko‘prigida halokatga uchraydi. Mashinada bo‘lgan malika Diana, Dodi al Fayyed va haydovchi halok bo‘ladi.

Ularning qo‘riqchisi bo‘lgan Trevor Ris-Jons esa omon qoladi. Fransiya huquq-tartibot organlari voqea yuzasidan 18 oy davomida surishtiruv o‘tkazishadi va uning xulosasida halokat haydovchi katta tezlikda nazoratni qo‘ldan chiqargani oqibatida sodir bo‘lgani aytiladi. Dodining otasi misrlik milliarder Muhammad al-Dodining o‘zi ham mustaqil tarzda surishtiruv o‘tkazib, bu qotillik bo‘lgani, uni qirollik oilasining buyrug‘iga binoan Britaniya maxfiy razvedka tashkiloti MI-6 uyushtirganini aytadi. Biroq bu ayblov tezda rad etiladi.

Yelizaveta II Diananing o‘limida ayblanayotgan bir vaqtda kelinining vafotidan ezilganini 1997 yil 5 sentyabrdagi favqulodda murojaatiga bayon qilgandi: «Ayriliqning azobini ifodalab bo‘lmaydi. Bu xabarni eshitganda dastlab odamning xayolida har xil tuyg‘ular aralashib ketadi: ishonchsizlik, tushunmovchilik, alam... va qolganlar haqida qayg‘urish. Oxirgi kunlarda biz mana shularni tuydik.

U boshqacha edi. Qiyin damda ham tabassum qilishdan to‘xtamasdi. Uni boshqalarga ham xush kayfiyat ulashgani uchun yaxshi ko‘rar, hurmat qilardim. Sizlarga nafaqat qirolichangiz, balki nabiralarini ovutishi kerak bo‘lgan buvi sifatida murojaat qilyapman. Hozir Uilyam va Harriga bu og‘ir dardni ko‘tarishda yordam berishga harakat qilyapmiz», degandi qirolicha o‘sha murojaatida.

Darvoqe, qirolichaning murojaatida ta'kidlangan bir so‘z yuqorida keltirilgan shubhalar haqida yana o‘ylashga majbur qiladi: ishonchsizlik.

Ona qirolichaning vafoti

Qirolichaning navbatdagi favqulodda murojaati 2002 yilda bo‘ladi. O‘sha yili qirolicha Yelizaveta II ’ning onasi Yelizaveta Bouz-Layon 30 mart kuni vafot etgandi. 1900 yilda tug‘ilgan sobiq qirolicha oz emas, ko‘p emas 102 yil umrguzaronlik qiladi. O‘lim sababi sifatida ko‘plab tibbiy terminlarni keltirish o‘rinsiz, bizningcha. Bir so‘z bilan aytganda, u oshini oshab, yoshini yashab ajali bilan o‘lgandi. 16 yil davomida Britaniya qirolichasi bo‘lgan Yelizaveta 1952 yilda turmush o‘rtog‘i qirol Georg VI vafotidan so‘ng o‘z joyini qiziga bo‘shatib bergan va qizi bilan bir xil unvonda bo‘lib qolmaslik maqsadida qirolicha emas, ona qirolicha deb atala boshlandi.

2002 yilgi favqulodda murojaat shu munosabat bilan bo‘lgandi. Qirolicha onasini yo‘qotganda ancha pozitiv va tabiiy ohangda gapirgandi: «Hayotim davomida ko‘plab yaqinini yo‘qotganlarni ko‘rdim. Ular orasida yaqinlarini dahshatli voqealarda yo‘qotganlar ham bor edi. Shu bois bu borada mening omadim bor ekan, desam bo‘ladi. Volidam uzoq umr ko‘rdi. U hech qachon yashashga bo‘lgan umidini so‘ndirmagan. Umid qilaman, dafn marosimida barchamizning qalbimizdagi alam o‘rnini shukronalik hissi egallaydi va ko‘plab yaxshi damlarni eslaymiz».

Sulolaning eng ulug‘vor vakili

Nazvaniye

Nihoyat to‘rtinchi navbatdan tashqari murojaatni qirolicha Yelizaveta II taxtga o‘tirganining 60 yilligi munosabati bilan yo‘llagandi. Shu yerda qirolicha haqida ikki og‘iz. 93 yoshida ham dadil bo‘lgan Yelizaveta II 1952 yildan buyon, ya'ni 68 yildan beri Britaniya qirolichasi hisoblanadi. Yuqorida aytganimizdek, u bu lavozimni onasidan 25 yoshida qabul qilib olgan. Vindzor sulolasining eng ulug‘vor vakili bo‘lgan Yelizaveta II qirollik taxtida eng uzoq vaqt qolayotgan monarx hisoblanadi. Zamonaviy dunyoda ham bu borada unga yetadigani yo‘q.

Yaponiya kabi davlatlarda imperatorlar rasman ramziy ma'nodagi rahbar ekani aytilsa, Britaniyada bunday emas. Ko‘pchilik Britaniyada ham shunday, mamlakatni aslida bosh vazir boshqaradi deydiganlar, shoshmasdan, ba'zi manbalarni titkilab ko‘rganlari ma'qul. Davlatchilik tarixida uzoq vaqtdan buyon katta obro‘ga ega Britaniyani Vindzorlar sulolasi boshqarishi fakt. Ya'ni, katta bitta oila. Qirolicha esa bu oilaning rahbari.

Sulolaning hech bir vakili Yelizaveta II kabi katta obro‘ va hokimiyatga ega bo‘lmagan. U yoshlik paytida hukumatga kelib ko‘plab katta o‘zgarishlar vaqtida ham monarxlik obro‘sini tushirib qo‘ymadi. Ma'lumot uchun, qirolicha Britaniyada rasman qirolli kuchlar qo‘mondoni, 15ta respublikada esa rasman monarx hisoblanadi. Ular orasida Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya, Yamayka kabi katta davlatlar ham bor. Demak, to‘liq ismi Yelizaveta Aleksandra Mariya bo‘lgan qirolicha 2012 yil taxtga o‘tirganining 60 yilligi munosabati bilan xalqiga murojaat yo‘llaydi. Bu kun mamlakatda qirolichaning «olmos tug‘ilgan kuni» sifatida nishonlangandi.

O‘shanda parlamentda chiqish qilgan qirolicha hammani kuldirgandi: «Vestminsterga ko‘p kelganman. Adashmasam, hozirgacha 12 nafar bosh vazirni gaplarimga maftun qilganman», degandi qirolicha. Balki bu bilan bosh vazirlarga siz baribir ketasiz, men esa qolaveraman, degandir. Axir uning davrida qanday insonlar bosh vazir bo‘lmadi deysiz: Uinston Cherchill, Margaret Tetcher, Toni Bler.

Darvoqe, o‘sha nutqdan so‘ng Britaniyada yana ikki marta bosh vazir o‘zgardi. 2016 yilda Devid Kemeron (2010-2016) o‘rniga Tereza Mey keldi, 2019 yilda esa breksit masalasida bir qarorga kela olmagan bosh vazir iste'foga chiqishga majbur bo‘lib, uning o‘rniga sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson keldi va Breksit amalga oshdi. Aytgancha, Jonson 10 kundan buyon koronavirus bilan olishib, oxir-oqibat kasalxonaga yotqizildi. Qirolichani esa 68 yillik rahbarligi davomida 5-navbatdan tashqari murojaatida shunchalik avaylashdiki, koronavirus pandemiyasi munosabati bilan so‘zlangan nutqni xonada faqat operatorning o‘zi yozib olgan. U ham maxsus kiyimda bo‘lgan. Balki shuning uchun qirolicha 93 yoshida ham alifdek tik bo‘lsa kerak...

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top