18:23 / 07.04.2020
7828
Tibbiy niqob va kombinezonlar uchun Xitoydan 40 tonna xomashyo keltirildi

Joriy yilning 5 aprel kuni tibbiyot niqoblari va kombinezonlarni ishlab chiqarish uchun zarur bo‘lgan 40 tonnadan ziyod xomashyo Xitoydan maxsus charter reys orqali olib kelindi.

Foto: Getty Images

Koronavirus pandemiyasining keng tarqalishi tufayli butun dunyo, shu jumladan O‘zbekistonda ham tibbiy himoya vositalarini ishlab chiqarishda ishlatiladigan asosiy xomashyo hisoblangan spanbond, SMS va meltblaun tanqisligi yuzaga kelgan edi. 

«O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi, Farmatsevtikani rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bilan hamkorlikda xomashyo masalasi tanqisligiga barham berish maqsadida maxsus reys orqali 40 tonnadan ziyod xomashyo O‘zbekistonga olib kelindi, deb xabar bermoqda uyushma axborot xizmati.

Maxsus reys orqali keltirilgan yukda SMS matosi, rezinka, himoya kombinezonlari va niqoblari ham olib kelindi.

Ta'kidlanishicha, amalga oshirilgan charter reys birinchi bo‘lib, shu oy davomida zarur xomashyoni bir necha charter reyslar va temir yo‘l konteynerlari orqali olib kelinishi kutilyapti.

Avvalroq, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida koronavirusning aholi orasida keskin oshishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida tibbiyot niqoblari va xalatlarini ishlab chiqarish hajmi kuniga 5 million donaga yetkazish bo‘yicha bir qator topshiriqlar berilgandi.

31 mart holatiga ko‘ra, himoya niqoblarini ishlab chiqaruvchi korxonalar soni 195taga yetgan va mart oyining 1-sanasiga nisbatan 9,3 barobarga oshdi. Niqoblar ishlab chiqarishning kunlik hajmi 2 million 640 ming donani tashkil etmoqda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top