13:22 / 07.04.2020
7728
Xorijdagi talabalar masalasi ko‘rib chiqilmoqda – TIV

Vatanga qaytish istagini bildirgan xorijdagi talabalar ro‘yxatlari shakllantirilib, ma'lumotlar charter reyslarini tashkillashtirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasi, mas'ul vazirlik va idoralarga kiritilgan.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi axborot xizmati

Bugun, 7 aprel kuni AOKA qoshidagi maxsus shtabda bo‘lib o‘tgan onlayn brifingda Tashqi ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Avazbek Hojimetov chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning O‘zbekistonga qaytarilishi masalasiga oydinlik kiritdi.

Vazirlik rasmiysining so‘zlariga ko‘ra, TIV tomonidan vatanga qaytish istagini bildirgan xorijdagi talabalar ro‘yxatlari shakllantirilib, ma'lumotlar charter reyslarini tashkillashtirish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish uchun Respublika maxsus komissiyasi, mas'ul vazirlik va idoralarga kiritilgan.

«Shuningdek, qat'iy karantin choralari joriy qilingan, vaqtincha mamlakatga kirish-chiqish to‘xtatilgan bir sharoitda chet eldagi talabalardan shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilishlarini, yashab turgan joylarini tark etmasliklarini, o‘zlari joylashgan davlatlarining rasmiy idoralari tomonidan joriy qilingan tartiblarga rioya qilishlarini so‘raymiz», - deya talabalarga murojaat qildi TIV vakili.

 Avazbek Hojimetovning qo‘shimcha qilishicha, hozir xorijda bo‘lib turgan fuqarolar, jumladan, talaba yoshlarning murojaatlariga o‘z vaqtida javob qaytarish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun chet eldagi barcha elchixonalar va konsullik muassasalar huzurida tezkor shtablar ham ishlab turibdi.  

Brifing chog‘ida Tashqi ishlar vazirligi vakili xorijdagi fuqarolar haqidagi xabarlarni tekshirmasdan tarqatmaslikni so‘radi.

«Feyk xabarlar ko‘p, shuning uchun turli saytlar va internet nashrlariga biror ma'lumotni tarqatishdan oldin uni rasmiy resurslardagi axborotlar orqali tekshirib ko‘rish muhim», deydi Avazbek Hojimetov. 

U ayrim shaxslar tomonidan xorijdagi fuqarolar orasida qiyin ahvolga tushib qolganligi uchun diplomatik vakolatxonalarimizdan yordam so‘ralgan turli murojaatlarni tarqatish hollari ko‘payib borayotganini qayd etgan.

«Bu kabi ma'lumotlarni tarqatayotgan shaxslar bilan bog‘lanish, voqea joyiga borib muammoni aniqlash va chet el vakolatli idoralari bilan aloqa o‘rnatish uchun elchixona va konsulxonalarimiz xodimlari katta resurs va ko‘p vaqt sarflamoqda. Shuncha vaqt sarflab o‘rganilganda esa xabar yolg‘on bo‘lib chiqyapti. Murojaat tarqatgan fuqaro bilan uchrashuv chog‘ida asossiz axborot tarqatganligi uchun uzr so‘rayapti xolos», deydi u.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top